O‘zbekiston | 20:48 / 02.11.2023
8699
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax akkumulyator zavodining qrimlik tadbirkorga tovon to‘lash majburiyati qayta ko‘rib chiqiladi

Jizzax akkumulyator zavodi Rossiyada intellektual mulk huquqlarini buzganlikda aybdor deb topilib, 257 million rubl (33,7 milliard so‘m) jarimaga tortilgandi. Kassatsiya instansiya sudi zavoddan qrimlik tadbirkor foydasiga kompensatsiya undirish haqidagi sud qarorini bekor qildi.

Foto: Jizzax akkumulyator zavodi

2023 yilning 3 aprel kuni Qrim arbitraj sudi Jizzax akkumulyator zavodini Rossiyada intellektual mulk huquqini buzganlikda ayblab, da’vogar foydasiga 257,3 mln rubl (33,7 milliard so‘m) tovon puli undirish haqida qaror qabul qilgandi.

Zavod bir necha yildan beri Rossiyaga “KUCH” brendi ostidagi akkumulyatorlarni eksport qilib keladi. Qrimlik tadbirkor Artem Paliychuk sudga murojaat qilib, “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ va Rostovda faoliyat yurituvchi “ARS Motors”” MChJ unga tegishli “KUCH” savdo belgisidan noqonuniy tarzda foydalanib kelayotganini iddaosi bilan sudga ariza bilan chiqadi. Qrim arbitraj sudi da’vo arizasini qanoatlantiradi.

Jizzax akkumulyator zavodi qarordan norozi bo‘lib, yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati kiritadi. Kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgani va Rossiya qonunchiligidan kelib chiqib jarimaga tortilishini noqonuniy harakat sifatida baholaydi. Apellyatsiya sudi ham qarorni o‘zgartirmaydi. Shundan so‘ng, zavod yuqori instansiya sudiga murojaat qiladi.

Kassatsiya instansiya sudi Jizzax akkumulyator zavodi foydasiga qaror chiqarib, intellektual mulk huquqlari buzilgani yuzasidan belgilangan tovon pulini bekor qildi. Sud da’vogar tomonidan sun’iy ravishda yurisdiksiya yaratilgan degan pozitsiyani qo‘llab-quvvatlagan.

Kassatsiya instansiyasi sudi quyi sudlar da’vogar tomonidan keltirilgan intellektual mulk huquqini suiiste’mol qilish haqidagi dalillarni yetarlicha tekshirmaganini qayd etgan.

Kun.uz avvalroq yozganidek, zavod 2022 yilda 8,1 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Bu Rossiya arbitraj sudi tomonidan belgilangan jarima miqdoridan 4 barobarga kamroq.

Mavzuga oid