Jahon | 08:52 / 02.11.2023
10925
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Rossiyaga 1 mlndan ortiq artilleriya snaryadlarini topshirdi - Bloomberg

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan avgust oyidan beri Rossiyaga o‘nta qurol partiyasini jo‘natgan. Shimoliy Koreyaning o‘q-dorilardan foydalanish bo‘yicha maslahatchilari ham Rossiya Federatsiyasiga yuborilgan.

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya Rossiyaga bir milliondan ortiq artilleriya snaryadlarini yubordi, Rossiya armiyasi allaqachon ulardan Ukrainaga qarshi urushda foydalanmoqda, deb xabar berdi Bloomberg 1 noyabr, chorshanba kuni milliy razvedka yopiq brifingida qatnashgan koreyalik rasmiy Yu Sang Bumga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya razvedkasi avgust oyidan beri KXDR Rossiyaga o‘nta qurol partiyasini jo‘natgan deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning o‘q-dorilardan foydalanish bo‘yicha maslahatchilari Rossiyaga yuborilgan.

Dunyodagi eng yirik snaryadlar va raketa arsenallaridan biri

O‘z navbatida, Bloomberg Shimoliy Koreya Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan qurollarga mos keladigan snaryadlar va raketalar bo‘yicha dunyodagi eng yirik arsenallardan biriga ega ekanini ta’kidlaydi. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu o‘q-dorilarni Rossiyaga yetkazib berish KXDR budjetiga yuzlab million va hatto milliardlab dollar olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya razvedkasi Rossiya KXDRga oldingi ikki muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishda texnik yordam ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi. 

Minglab o‘q-dorilar konteynerlari 

Oktyabr oyi boshida Beyond Parallel tahliliy loyihasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning Rossiya Federatsiyasiga tashrifidan keyin Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida yuk tashish hajmi keskin oshgani haqida xabar bergan edi. 

Oktyabr oyida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi sentabr boshidan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga 1000 dan ortiq konteynerda harbiy texnika va o‘q-dorilar jo‘natganini aytdi. 

Keyinchalik, Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslangan hisobotni e’lon qildi, undan kelib chiqadiki, Rossiya va KXDR dengiz ta’minoti yo‘nalishini o‘rnatgan, uning doirasida Shimoliy Koreyadan konteynerlar bo‘lgan kemalar Primorsk o‘lkasidagi Tinch okean floti bazasiga yetib boradi. Shundan so‘ng, konteynerlar Rossiyaning Ukraina bilan chegarasidan 200 km uzoqlikda joylashgan Krasnodar o‘lkasining Tixoretsk shahridagi o‘q-dorilar omboriga yuboriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid