Jahon | 09:03 / 03.11.2023
21109
8 daqiqa o‘qiladi

«Al-Qassam brigadalari»: HAMASning harbiy qanoti haqida nimalar ma’lum?

HAMASning harbiy qanoti bo‘lmish «Al-Qassam brigadalari» mojaroda markaziy rol o‘ynayapti. Uning harbiy qudrati ko‘p jihatdan Eronga bog‘liq.

Foto: Picture Alliance

HAMAS yetakchisi o‘rinbosari Solih al-Auriy yaqinda o‘z tashkilotining 7 oktyabr kungi hujumga aloqadorligi haqida bayonot berdi. «Izaddin al-Qassam brigadalari»ning harbiy rejasi G‘azoda okkupatsion armiya bo‘linmasiga hujum qilish va faqat okkupatsion askarlar bilan kurashish edi», - dedi HAMAS funksioneri. Shu bilan birga, u buni o‘zini himoya qilish va oldini olish zarbasi sifatida ko‘rsatdi. «Bizda Isroil okkupatsion kuchlari yahudiylarning bayramlaridan so‘ng darhol bizga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar bor edi», dedi al-Auriy.

Isroilning The Jerusalem Post gazetasi al-Auriyning o‘tgan hafta «Al-Jazira» Qatar telekanaliga intervyusidan iqtibos keltirdi. Hammasi bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, «Izaddin al-Qassam brigadalari»ning 1200 nafar jangchisi Isroil hududiga kirgan. 

Al-Auriy isroillik harbiylar G‘azo sektori bilan chegarani qo‘riqlashga e’tiborsizlik qilgani uchun yuzlab jangchilar rejalashtirilgan hujumdan sal oldin yashirinib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani bo‘yicha batafsil tushuntirish bermadi. Al-Auriyning ta’kidlashicha, «Izaddin al-Qassam brigadalari» tinch aholini o‘ldirmagan. 

Shu yo‘l bilan al-Auriy o‘zi asoschilaridan biri bo‘lgan «Izaddin al-Qassam brigadalari»ning harakatiga izoh taqdim etdi. «Brigadalar» HAMAS harakatining harbiy qismidir. «Al-Qassam brigadalari» qo‘mondoni Muhammad Deyf shu paytgacha bir necha bor Isroil xavfsizlik kuchlaridan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Suriyalik voiz nomini olgan jangchilar

«Al-Qassam brigadalari» 1992 yilda tashkil etilgan. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining 2023 yil uchun «Jahon faktlari kitobi»ga ko‘ra, «Brigadalar»da 20 mingdan 25 minggacha jangchilar bor.

Bu nom bir paytlar Falastindagi ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashgan suriyalik voiz Izzaddin al-Qassamga (1882-1935) borib taqaladi. Al-Qassam «yangi salibchilar»ga qarshi qarshilik ko‘rsatishni targ‘ib qilgan. Shu bilan birga, u mahalliy yahudiylarni mintaqadan chiqarib yubormoqchi edi. Al-Qassamning o‘zi keyinchalik politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.

Yerostidan va dengizdan hujumlar

Long War Journal sayti tomonidan e’lon qilingan 2021 yilgi maqolaga ko‘ra, «Al-Qassam brigadalari» ko‘plab «loyihalarga» ega, ularning har biri Isroilga qarshi qaratilgan. Yillar davomida ular HAMAS hozirda harakatlanayotgan va Isroil quruqlikda qarshi amaliyotlar o‘tkazayotgan tunnellarni qurgan. Ushbu yerosti inshootlarining ba’zilari maqsadli hujumlar uchun ham ishlatiladi. 2006 yilda «Al-Qassam brigadalari» Isroil hududidagi ushbu tunnellardan biri orqali isroillik kapral Gilad Shalitni o‘g‘irlab ketgan.

Ayni vaqtda, «Al-Qassam brigadalari» jangchilari dengizdan bir necha bor Isroilga hujum qilgan. Misol uchun, 2014 yilda ular Isroil janubidagi Ashkelon shahri yaqiniga kirib borgan. G‘azo sektori ancha yillardan beri amalda qamalda bo‘lgani inobatga olinsa, «Al-Qassam brigadalari» ixtiyoridagi umumiy harbiy imkoniyatlar va resurslar hayratlanarli, deyiladi Long War Journal maqolasida.

Eronning qo‘llab-quvvatlashi

Ko‘p yillar davomida «Al-Qassam brigadalari» Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. HAMAS o‘zi bu yordamni bir necha bor ochiq tan olgan. HAMASning Tehrondagi vakili Xolid al-Qaddumiy 2021 yil may oyida «Al-Monitor» Yaqin Sharq jurnaliga bergan intervyusida: «Eron Islom Respublikasi bir tomondan bilim va nou-xauni berishga, ikkinchi tomondan raketalarni tashishga katta hissa qo‘shdi», degan.

Isroil harbiy razvedkasi sobiq xodimi, hozirda Tel-Aviv universiteti qoshidagi Moshe Dayan markazi xodimi Mixael Milshteynga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida Tehronning HAMASni qo‘llab-quvvatlashi sezilarli darajada oshgan. Masalan, Eron «Al-Qassam brigadalari» jangchilarini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazadi. «Ular snayperlarni o‘rgatadi, ularga tuzoq yasashni, parashyutchi yoki paraplanchi bo‘lishni o‘rgatadi – bir so‘z bilan aytganda, hujumda qo‘llangan hamma narsani», — dedi Milshteyn DW nashriga bergan intervyusida.

Maxfiylik ostidagi moliyalashtirish

«Al-Qassam brigadalari» qanday moliyalashtirilayotganiga hali to‘liq oydinlik kiritilmagan. Lekin bu yerda ham Eron muhim rol o‘ynaydi, deydi Mixael Milshteyn. «Gap Eron, ayniqsa, HAMASning harbiy qanotiga ajratayotgan katta mablag‘lar haqida ketmoqda. Faqat so‘nggi ikki-uch yil ichida bu mablag‘ taxminan 100 million dollarni tashkil etdi», - dedi u.

2020 yil avgust oyida Isroil Adliya vazirligi bitkoynlarda HAMASga xayriya o‘tkazilishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. Ushbu hisobotga ko‘ra, «Al-Qassam brigadalari» 2019 yil boshida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tegishli xayriyani taqdim etishga chaqirgan.

Bir yil oldin AQSh Moliya vazirligi Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va «Al-Qassam brigadalari»o‘rtasida «o‘nlab million dollar» o‘tkazish uchun mas’ullar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Mahkamaga ko‘ra, bunda asosiy rolni Livanning «Hizbulloh» guruhiga aloqador bank o‘ynagan.

Qurol-yarog‘ masalasi

Hujumda qo‘llangan qurollarning soni va turlari – raketalar, snaryadlar, uchuvchisiz uchoqlar va o‘qotar qurollar HAMAS va uning harbiy qanoti ixtiyorida bo‘lgan ulkan arsenaldan dalolat beradi. Aniq raqamlar noma’lum.

Aksariyat qurollar G‘azo sektoriga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan. Xavfsizlik bo‘yicha ekspertga ko‘ra, eng muhimi Eronning Suriya va Livan orqali olib o‘tayotgan yuklari, bu yerda «Hizbulloh» qurol-yarog‘ tashish bilan shug‘ullanadi.

Bu yo‘nalish 2020 yil dekabr oyida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Falastin guruhi rahbari tomonidan tasdiqlangan. Quddus Strategiya va xavfsizlik instituti (JISS) o‘z veb-saytida uning 2020 yilda Eronga hayrihoh «Al-Mayadin» nashriga bergan intervyusidan iqtibos keltiradi: «Barcha oddiy qurollar G‘azoga «Hizbulloh» va Suriya orqali kirgan. Butun qarshilik o‘qi (Tehron rahbariyati Isroilga qarshilar tarmog‘ini shunday ataydi) ularni tashishda ishtirok etgan». Suriyada HAMAS jangchilari raketa yasash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tadigan o‘quv lagerlari ham bor, deya intervyudan iqtibos keltirgan JISS.

Begin-Sadat nomidagi Strategik tadqiqotlar markazi (BESA) 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, «Al-Qassam brigadalari»ning Isroil jangchilari va qurol-yarog‘ arsenallariga hujumlari taktikasi Eronning tegishli ta’siriga, shuningdek, IIMK ko‘rsatmalariga asoslangan bo‘lishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid