Jahon | 18:50 / 03.11.2023
17475
10 daqiqa o‘qiladi

Boshqa davlatga ko‘chish, sulhparvar kuchlar va yangi siyosiy yetakchi: urushdan so‘ng G‘azo sektori bilan nima bo‘ladi?

Isroil razvedka vazirligi G‘azo sektori aholisini Misrning Sinay yarimoroli shimoliga ko‘chirish bo‘yicha reja ishlab chiqqan. Bu ikki milliondan ortiq odam ko‘chirilishini anglatadi. Bu haqda Associated Press agentligi qo‘lga kiritilgan hujjatlar va o‘z manbalariga tayanib xabar qilmoqda.

AP Photo/Abed Khaled

Hujjat mualliflari variantlardan biri sifatida G‘azoning tinch aholisini Sinay yarimorolidagi chodirlardan iborat shaharchaga ko‘chirish, so‘ngra u yerda doimiy yashash uchun turarjoylar qurishni taklif etgan. Hujjatni ishlab chiqqanlarning o‘ylagan narsaga ko‘ra, Isroil hududida xavfsizlik zonasi yaratiladi va u yerga ko‘chirilgan falastinliklar kiritilmaydi.

Associated Press’ning yozishicha, hujjatda aholi ko‘chirilgach G‘azo sektoriga nima bo‘lishiga to‘xtalishmagan. Jurnalistlar qayd etishicha, Misrdan tashqari odamlarni ko‘chirish uchun potensial joy sifatida Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Kanada kabi davlatlar ham sanalgan. Davom etayotgan urush mobaynida Misr falastinlik qochoqlarni qabul qilish istagida emasligini aniq-tiniq tushuntirib qo‘ydi.

Isroillik jurnalist, «Isroil bo‘yicha navbatchi» telegram-kanalini yurituvchi Mark Novikov «Nastoyashcheye vremya» efirida bu boradagi savollarga javob qaytardi.

– Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra Isroil razvedka vazirligi G‘azo sektorida yashovchilarni Misrdagi Sinay yarimoroli shimoliga ko‘chirish bo‘yicha hujjat ishlab chiqqan. Uni qanday baholaysiz?

– Bu ko‘p ssenariylardan bittasi. Isroildagi rasmiylar bunday ssenariylar soni o‘nlab ekanini aytishadi, ulardan biri matbuot ko‘zgusiga tushibdi va men bunga diqqatni qaratmagan bo‘lar edim. Ya’ni bu tasdiqlangan reja emas, bu shunchaki Misrga taklif etilgan ko‘plab variantlardan bittasi.

– Ha, biz hozir boshqa variantlar haqida ham gaplashamiz. Lekin shunisini siz qanday baholaysiz?

– Men uni amalga oshirib bo‘lmaydigan, deb baholayman. Misr hozir, shartli ravishda aytganda, arab birodarlari chegarani kesib o‘tishini istamayapti, ular chegara bo‘ylab zirhli texnikalarni joylashtirib chiqishdi, G‘azodan qochqinlar kesib o‘tishiga bo‘lgan har qanday urinishni to‘xtatib qolish uchun. Ya’ni Misr bu borada o‘ta qat’iy pozitsiyada.

– Nega?

– Bu holning tarixiy ildizlari quyidagicha: Isroil 1948 yilda mustaqillik e’lon qilgach urush boshlanadi va G‘azo sektorini Misr okkupatsiya qiladi. U bir necha yil Misr boshqaruvi ostida bo‘ladi. Xuddi Iordan daryosining G‘arbiy sohilini o‘z navbatida Iordaniya okkupatsiya qilgani singari. Na Iordaniya, na Misr o‘sha paytda u yerda Falastin davlatini qurishni istagan, hech qanday Falastin o‘zligini ilgari surishmagan. Biroq, Qiyomat kuni urushidan so‘ng Isroil Misr bilan sulh shartnomasini imzolagach, Isroil G‘azo sektori Misr tarkibida qolishini juda istagan, chunki bu hududni hech kim boshqarishni istamagan, birov uni nima qilishni ham bilmagan. Lekin G‘azodagi arablar va qo‘shni Misrning Rafah shahrida istiqomat qiluvchi arablar o‘rtasida umuman farq bo‘lmaganiga qaramay, Misr turli bahonalar bilan bu hududni o‘ziga qaytarishni istamagan.

Ular aslida bir xalq. Lekin shunga qaramasdan ular G‘azodan voz kechishgan, garchi bu qonuniy bo‘lganiga ishonchim komil bo‘lmasa ham, ular qonunchilik doirasida hujjat qabul qilib, G‘azodagi barcha aholining Misr fuqaroligini bekor qilishgan. O‘shangacha ular Misr fuqarolari sanalgan.

O‘shandan buyon bu katta muammo va Isroilning bosh og‘rig‘iga aylangan. Avvaliga isroilliklar hududni boshqarishga urinib ko‘rishgan, so‘ngra jahon hamjamiyati bosimi ostida 2000-yillarda bu hududdan chiqib ketishgan, ya’ni uning okkupatsiyasini bas qilishgan. O‘shandan buyon G‘azo o‘zini o‘zi boshqarib keladi. Ular o‘ziga hukumat saylashgan, darhol bu o‘rinni HAMAS egallagan, so‘ngra keyinchalik HAMAS uchun bir necha bor ovoz berishgan. Ya’ni G‘azo sektorini radikal kayfiyatdagi insonlar boshqara boshlagan.

Misr ular bilan biror umumiylikka ega bo‘lishni istamay, chegaralarni berkitib olgan. Misr bu borada qat’iy turibdi, chunki so‘nggi onlargacha qo‘shfuqarolikka ega bo‘lganlar, ya’ni chet elliklar ham G‘azodan o‘z hududi orqali chiqarilishiga to‘sqinlik qilib keldi. Hozir jahon hamjamiyati bosimi ostida ular kuniga ming kishini o‘tkazmoqda.

– Yana bir ehtimolli ssenariyni Bloomberg shunday tasvirlamoqda: urushdan so‘ng G‘azo hududi AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya qo‘llovida Yaqin Sharq davlatlariga vaqtinchalik boshqarish uchun beriladi. Bu ssenariyni qanday baholaysiz?

– Fikrimcha, bu hozir amalga oshish ehtimoli yuqori bo‘lgan ssenariylardan biri. Ya’ni, eng ehtimolli ikki ssenariydan biri. Isroil hududni qayta okkupatsiya qilishni istamasligi kundek ravshan. Isroil u yerda o‘nlab yillar davomida bo‘lmadi, u yerda tinchlikni saqlash, u yerda istiqomat qilayotgan arablardan iborat aholini qurol bilan nazorat qilish, qandaydir harbiy rejim joriy etishdan ma’ni yo‘q. Shunisi aniqki, u yerga qaysidir ma’noda osuda hayot qaytirishi uchun Arab davlatlari ligasi, xususan, bu liganing eng nufuzli vakillari bo‘lmish Ko‘rfaz davlatlaridan BAA, albatta, Saudiya Arabistoni va ushbu hudud hayotida juda kuchli ishtirok etayotgan Qatar kabilarning aralashuvi zarur.

Agar ular mablag‘, investitsiya loyihalari bilan qo‘shilishsa, bundan bir narsa chiqarish mumkin. Isroil G‘azodan 2000-yillar boshida chiqib ketganida hamma Yaqin Sharq davlatlari endi bu hududni Yangi Singapurga aylantiradi, deb o‘ylagandi. Lekin hech kim bu hududga bir sent tikishni ham istamagan. Arab olamining G‘azo aholisiga nisbatan munosabatini ham bilamiz. Endi esa shunga umid bor, AQSh ham shuni o‘tkazmoqchi, buni Amerika matbuoti yozayotgan ko‘p sonli sizdirmalardan bilib turibmiz. Biz bu muzokaralar qaysi bosqichda ekanini bilmaymiz. Aftidan, G‘azo jangarilardan tozalangach, hududning taqdiri so‘nggi onlarda hal bo‘ladi.

– Sizningcha, ikkinchi eng ehtimolli ssenariy qanaqa?

– Ikkinchi ehtimolli, barqaror ssenariy — hokimiyatni Falastin milliy ma’muriyatiga, ya’ni poytaxti Ramalloh bo‘lgan Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yashayotgan falastinliklarga rahbarlik qilayotgan ma’muriyatga topshirish.

– FATHgami?

– Ha. Isroil G‘azo sektorini tark etayotib, nazoratni ularga topshirgan. Lekin saylovlar bo‘lib, unda HAMAS g‘alaba qozongan. HAMAS o‘z siyosiy raqiblarini simyog‘ochlarga osgan, ya’ni ular FATHni, Falastin milliy ma’muriyatini sektordan tag tubi bilan yo‘q qilishgan.

Endi milliy ma’muriyat Isroil nayzalari ostida hududga yana qaytishi mumkin. Ularning hududdagi reytingi nol, falastinliklar o‘rtasidagi ishonchi nol, ular korrupsiyalashgan, ular o‘z mustaqil davlatini qurishni istashmaydi, yillar mobaynida gumanitar yordam ustiga o‘tirib qolgan, ya’ni bu yerda ular hokimiyat jilovini o‘z qo‘llarida saqlab qola olishi nuqtayi nazaridan mutlaqo kam ehtimolli ssenariy.

– Ya’ni, sizningcha ssenariy ehtimolli, biroq muvaffaqiyatsiz. Shundaymi?

– Bu yerda yana bir jihat bor: Falastin muxtoriyatida yana bir mashhur va barchaga manzur inson bor. Uning ismi Marvon Barg‘utiy. U to‘rtta teraktda ayblangan va hozir Isroil qamoqxonasida umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda. U terrorchilik tashkiloti yetakchilaridan biri va ikkinchi «Intifoda» teraktlari uchun o‘tiribdi. Xullas, Barg‘utiy Falastin yoshlari o‘rtasida eng mashhur siyosatchi, jumladan G‘azo sektorida ham. Falastinliklar va ko‘plab xalqaro yetakchilar Isroil uni qonli teraktlarga qaramasdan qamoqxonadan chiqarib, boshqaruvni unga topshirishi kerakligiga undab kelishadi.

Falastin muxtoriyati yetakchisi Mahmud Abbos ancha qarib qoldi, u 87 yoshda. O‘z-o‘zidan, qaysidir onda kimdir uning o‘rnini bosishi ham kerak. Agar bu oldindan hal qilinmasa Falastindagi radikal guruhlar o‘rtasida urush boshlanib ketadi. Agar Isroil qamoqdan chiqarsa, Barg‘utiy yetakchi bo‘lishi mumkinligini bashorat qilishmoqda. Agar Isroil uni chiqarsa va G‘azo ahli uni qabul qilsa, Yaqin Sharq davlatlari iqtisodiyot va boshqaruvdan yordam qilsa, AQSh yoki sanalgan davlatlar qandaydir harbiy kontingent bilan nazorat qilsa, degan ssenariylar to‘plami bor. Hozircha bundan nima chiqishini tushunish juda qiyin. Taxminiy ko‘rinish hozircha mana shunaqa.

– Unda so‘nggi ssenariy haqida so‘rayman. Butun dunyo davlatlaridan sulhparvar kuchlar kiritilsa-chi? Bloomberg bu ssenariy haqida ham yozgan.

– Ha, bizda Livan bilan chegarani BMTning «moviy kaskalari» qo‘riqlaydi. Bu odamlar qandaydir otishma yuz bersa yoki otishma haqida ogohlantirish bo‘lgani hamono chamadonini yig‘ishtirib, o‘zlarining chiroyli oq jiplariga minib BMT bosh qarorgohi tomon juftakni rostlashadi. Biz BMT tinchlikparvar kuchlariga ishonmaymiz, biz Yaqin Sharq davlatlarining AQSh aralashuvi bilan tuzilgan tinchlikparvar kuchlariga, joyida kuch ishlatish huquqiga ega bo‘lgan kontingentga ishonamiz. BMTga bu masalada ishonib bo‘lmaydi, bu mutlaqo ish bermaydigan variant.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid