Latviya Rossiya avtomobillarining ko‘chalarda harakatlanishini taqiqlaydi
Latviyada ro‘yxatdan o‘tmagan Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillar musodara qilinadi va Ukrainaga o‘tkaziladi, bu mamlakatda qabul qilingan «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Rossiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan avtomobillar Latviyada belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa, ko‘cha harakatida qatnashishi taqiqlanadi. Bu mamlakat parlamenti (Seym) 2 noyabr, payshanba kuni qabul qilgan Latviya yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan. «Avtomobil keyingi yilning 14 fevralidan kechiktirmay Latviyada ro‘yxatga olinishi yoki hududdan olib chiqilishi kerak. Agar bu muddatdan keyin Latviyada ro‘yxatdan o‘tmagan Rossiya avtomobilidan yo‘l harakatida foydalanilgani aniqlansa, u olib qo‘yiladi. Musodara qilingan avtomobillar Ukrainaga o‘tkaziladi», deyiladi Latviya Seymi saytida.
Latviya orqali tranzit o‘tadigan rus avtomobillari uchun istisno mavjud. Biroq, bunday tranzitga faqat bir marta ruxsat beriladi va u 24 soat ichida bajarilishi kerak. Latviyaga kirishdan oldin, Latviya Yo‘l harakati xavfsizligi direksiyasining elektron xizmati orqali haydovchi va transport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiylarga taqdim etish kerak.
Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillardan foydalanishga, agar ular «Latviya uchun majburiy bo‘lgan xalqaro huquq normalariga muvofiq imtiyoz va immunitetga ega» shaxsga tegishli bo‘lsa ham ruxsat etiladi. Buning uchun ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni topshirish kerak.
Tuzatishlar 15 noyabrdan kuchga kiradi. Ularning Latviyada kiritilishi Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini amalga oshirish va «xavfsizlik bo‘yicha xatarlarni kamaytirish» bilan izohlanadi.
YeI mamlakatlarida Rossiya raqamlari bo‘lgan shaxsiy avtomobillarni olib kirishni taqiqlashga munosabat
Yevropa Ittifoqi orqali harakatlanadigan Rossiya raqamlariga ega avtomobillarni olib qo‘yish sanksiyalarni qo‘llash tamoyilini tushuntiruvchi va Yevropa Ittifoqiga olib kiriladigan yuzlab tovarlar ro‘yxatini ko‘rsatadigan 833/2014 Yevropa Ittifoqi nizomining 3i moddasiga XXI ilova asosida amalga oshiriladi.
Bugungi kunga qadar bunday choralar Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Finlandiya, Polsha, Bolgariya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Norvegiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Rossiya fuqarolarining shaxsiy avtomashinalarini xatlovga olishning individual holatlari 2023 yilning iyul oyidan beri Germaniya bojxonasida ham sodir bo‘ldi.
Germaniyada So‘l partiya deputati Andrey Xunko Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy so‘rov yuborib, «Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi qoidalarining Rossiyadan YeIga sanksiyalar to‘g‘risidagi nizom XXI ilovasida keltirilgan shaxsiy avtomobillar va boshqa shaxsiy buyumlarni olib kirishga qo‘yilgan taqiq bo‘yicha ushbu talqiniga qo‘shiladimi yoki yo‘qmi, agar qo‘shilmasa, federal hukumat Sergey Lagodinskiyning (Germaniyadan Yevropa parlamenti a’zosi) shaxsiy narsalarga nisbatan sanksiyalar to‘g‘risidagi nizomdan avtomobillarni olib tashlash bo‘yicha talabiga rozi bo‘lishi yoki bo‘lmasligini» aniqlashtirishni so‘radi.
Germaniyaning Rossiya raqamlari bo‘lgan avtomobillarni olib kirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi
DW ixtiyorida Andrey Xunkoning Germaniya Tashqi ishlar vazirligi stats-kotibi Tomas Baggerdan olgan javobi bor. Amaldor Yevropa Ittifoqi reglamenti matnini takrorlagan va Yevropa komissiyasi o‘z tushuntirishiga kiritgan qo‘shimchani keltirgan: «Shaxsiy gigiyena vositalari yoki kiyim-kechak sanksiyalarni chetlab o‘tish borasida jiddiy tashvish tug‘dirmaydigan tovarlar hisoblanadi. Milliy vakolatli organlar taqiqni tegishli va oqilona qo‘llashda davom etishi kerak».
Bagger o‘z nomidan Germaniya hukumati bunday qo‘shimchani olqishlashini va uni huquqiy nuqtayi nazardan benuqson qilish uchun sanksiyalar qoidalarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, stats-kotibning ta’kidlashicha, «Germaniya hukumati 3i moddasini Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolarining yashash va kirish qoidalariga muvofiqlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganmoqda».
Mavzuga oid
22:10 / 16.11.2024
Abxaziyada to‘polon: mahalliy aholi Rossiya bilan kelishuvdan norozi
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
18:18 / 16.11.2024
Rossiyada migrantlarni nazorat etadigan «Migrant ID» joriy qilinishi mumkin
13:46 / 16.11.2024