Jahon | 23:21 / 03.11.2023
7535
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda yadro arsenalini cheklash bo‘yicha Xitoy-AQSh muzokaralari o‘tkaziladi 

Unda qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha xalqaro shartnomalar qanday bajarilayotgani masalasi muhokama etiladi. 

Foto: AP

Xitoy va AQSh yadroviy arsenallarni cheklash bo‘yicha Pekinda muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Xitoy TIV bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi. Bunday muzokaralar uzoq vaqtdan beri o‘tkazilmagan edi. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar keng ko‘lamli mavzularni, jumladan, qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha xalqaro shartnomalarning qanday amal qilayotgani masalasini o‘z ichiga oladi. 

Bir necha kun avval Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi Qo‘shma Shtatlarga rasmiy tashrif bilan borgan va Amerika rasmiylari, shuningdek, prezident Jozef Bayden bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. 

Avvalroq The Wall Street Journal yadro arsenalini cheklash bo‘yicha muzokara o‘tkazilishi imkoniyati haqida yozgan va Vashington bunda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va AQSh o‘rtasida qurollanish poygasi boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik imkoniyatini ko‘rayotganini ta’kidlagan edi. 

Muzokaralarda Xitoy delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirligi qurol nazorati departamenti rahbari Sun Syaobo boshchilik qiladi. Amerika tomonida delegatsiya rahbari sifatida Davlat departamenti rahbarining qurol nazorati bo‘yicha yordamchisi Mallori Styuart ishlaydi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid