O‘zbekiston | 08:35 / 04.11.2023
9563
3 daqiqa o‘qiladi

“Shahar ichidagi yo‘llarni kengaytirish tirbandlikka olib keladi” - Murod Obidov

Shaharning ichida katta transport oqimlarini jalb qilish mumkin emas”, dedi Toshkent shahar transport tizimini rivojlantirish loyihasi rahbari Murod Obidov. Yo‘llarni kengaytirish iqtisodiy zarari katta bo‘ladigan tirbandliklarga olib keladi, deya tasdiqladi u.

Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidov Kun.uz muxbirining poytaxtda yo‘llar kengaytirilayotgani yuzasidan bergan savoliga javob berdi.

Uning tasdiqlashicha, yangi harakat bo‘laklarining tashkil etilishi, avtomobillar harakatlanishida ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish tirbandlikka yechim bo‘lolmaydi. U ushbu nuqtayi nazar vazirlikning “asosiy maqsadi, konsepsiyasi, transport sohasida olib borilayotgan siyosatning eng asosiy qismi” ekanini aytdi.

Shaharning ichida katta transport oqimlarini jalb qilish mumkin emas. Yo‘llarni kengaytirish, albatta, shahar markazi tomon katta oqimlarni jalb qilishi va oqibatda iqtisodiy zarari katta, ayanchli bo‘ladigan tirbandlikka olib kelishini aytyapsiz. Bu borada bizning pozitsiyamiz aniq: shahardagi yo‘llarda polosalar sonini kamaytirib, avtobusga alohida yo‘laklarni ko‘paytirib, faqatgina tartibga solish yo‘li bilan loyihalarni amalga oshiramiz, kengaytirish masalasi ketmayapti”, – dedi Obidov.

Shu yil iyul oyida poytaxt markazidagi Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkinligi aytilgandi. Urbanistlar bunday qaror zamonaviy shaharsozlik, iqtisodiy va ekologik jihatlarga ko‘ra noto‘g‘ri qaror bo‘lishini ta’kidlagan, jamoatchilik faollari esa ko‘prik qurish loyihasini bekor qilishga chaqirgandi.

Shuningdek, 2024-2025 yillarda Bunyodkor shohko‘chasi va 2-Qatortol ko‘chasi kesishgan chorrahada (poytaxt bojxona boshqarmasi oldida) ham yo‘l o‘tkazgich qurilishi reja qilingan.

Yaqinda Samarqand shahrining Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmalarida qurilishi nazarda tutilgan loyiha tanqid ostiga olindi. Urbanist Arkadiy Gershman ko‘chalardagi avtomobil tirbandligini yo‘qotish uchun svetoforlardan voz kechilib, yo‘layirgich (razvyazka) qurilayotganini, bu prinsip jihatdan foyda berishi mumkinligini, ammo shahar ko‘chalari haqida so‘z borganda yo‘layirgichlar tirbandlikni faqat 100 metr nariga ko‘chirib berishini, atrofdagi qulay muhitni barcha uchun o‘ldirishini aytgandi.

Mavzuga oid