O‘zbekiston | 21:09 / 17.10.2023
18816
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Keles yo‘li ko‘chasini kengaytirish uchun 15 ta ko‘chmas mulk obekti olib qo‘yiladi

Yo‘llarni kengaytirish amaliyotda tirbandliklar ko‘payishiga olib kelishiga qaramay, Toshkentda yana bir ko‘chaning eni 11 ta harakat bo‘lagigacha kengaytirilmoqda.

Keles yo‘li ko‘chasi loyihasidagi 11 ta chorrahadan birining eskizi

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Keles yo‘li ko‘chasini kengaytirish va rekonstruksiya qilish, atrofni obodonlashtirish ishlari munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli 15 ta ko‘chmas mulk obekti jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi.

Mulklar olib qo‘yilishidan oldin mulkdorlar bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanib, kelishilgan holda kompensatsiya to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqdagi qaror xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan 16 oktyabrda qabul qilindi.

Qarorda yozilishicha, bu masalada mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazilgan. Hujjatda ko‘chani kengaytirish va rekonstruksiya qilish, atrofni obodonlashtirish ishlari 2023 yil oxirigacha tugatilishi ko‘rsatilgan.

G‘alaba bog‘idan Toshkent halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 3,1 kilometr yo‘lni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish boshlangani haqida Toshkent shahar hokimligi 2023 yil yanvarida xabar bergan edi. Yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar soni asosan 6, ba’zi joylarda loyiha yechimidan kelib chiqib 11 tagacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Rasmiy xabarda yo‘lning kengayishiga olib keladigan rekonstruksiya “tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgani” aytilgandi. Loyiha texnik direktori Komil To‘laganovga ko‘ra, ko‘cha foydalanishga topshirilganidan keyin tig‘iz vaqtlarda undan avvalgiga qaraganda 15-20 foizgacha ko‘p avtomobil harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Qayd etish lozim, jamoatchilik yo‘llarni kengaytiraverish tirbandliklarga yechim bo‘lmasligi, aksincha, muammoni battar og‘irlashtirishi, bu nafaqat dunyo shaharlarida, balki Toshkentning ham o‘z tajribasida ko‘rinib turganini ta’kidlab keladi.

Urbanist Arkadiy Gershman Keles yo‘li loyihasidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan, loyihani “ko‘chani kengaytirishni qandaydir zamonaviy narsa deb ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi urinish” deb atagan. “Toshkentning navbatdagi yo‘l loyihasini ko‘rib, dodlayapman – loyihadan loyihaga bir xil xatolarni takrorlashyapti”, – degan u.

Keles yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish bilan Grand Road Tashkent kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Kompaniya loyihani 103,6 mlrd so‘mga baholagan.

Ushbu pudratchi bungacha poytaxtning bir qator ko‘chalari, xususan Farg‘ona yo‘li va Alisher Navoiy prospektlarini rekonstruksiya qilgan, bir nechta yo‘lo‘tkazgichlar qurgan. 2021 yilda kompaniya tomonidan uchta yo‘l o‘tkazgich va yo‘llar qurilishi qiymati 280 mlrd so‘mdan 518,3 mlrd so‘mgacha qimmatlashgani OAV e’tiborini tortgan edi.

Mavzuga oid