Jahon | 20:56 / 06.11.2023
4393
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva aeroportlarida migrantlarning barmoq izini olish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi 

Shu sababli, shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan shaxslar Rossiya hududiga kira olmasligi aytilmoqda. 

Foto: Vladimir Jabrikov

Rossiya Ichki ishlar vazirligi yaqin kunlarda poytaxt aeroportlarida migrantlarning barmoq izini olish (daktiloskopiya) va suratga tushirishni boshlaydi. Bu haqda Rossiya IIV migratsiya masalalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qildi. 

«Afsuski, biz hozircha chegarada barmoq izlarini olmayapmiz, ammo, Moskva ma’muriyati takliflarini inobatga olgan holda, menimcha, yaqin kelajakda biz ushbu tajribani boshlaymiz. Aeroportlarda daktiloskopiya (barmoq izlari) va fotosurat olinadi. Natijada, shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan shaxslar Rossiya hududiga kira olmaydi», dedi u. 

Kazakovaning eslatishicha, Rossiya hududiga kiruvchi xorijliklar 2021 yil oxiridan boshlab barmoq izlari, suratga olish jarayoni va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Bu jarayonlar migratsiya markazlarida amalga oshirilmoqda. 

«Barmoq izlari olinishi natijasida 2 mingdan ortiq jinoyat fosh etildi», dedi bosh boshqarma boshlig‘i. 

Kazakova so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada 6,5 millionga yaqin xorijlik bor, ularning 4 millioni barmoq izlarini olish jarayonidan o‘tgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid