Yana bir yuz yillik urush yoki sulh - Saudiya Arabistoni Isroil va Falastinni yarashtirishi mumkinmi?
Arab-Isroil urushining boshi berk ko‘chaga kirib qolishi - barcha ishtirokchilar uchun shaxmatdagi pat vaziyatini eslatyapti. Lekin naqadar g‘alati bo‘lmasin, ularda shahzoda Muhammad ibn Salmon siymosida tinchlik o‘rnatilishi uchun juda kamyob imkoniyat paydo bo‘lgan.
Hozircha bu gaplar shunchaki faraz, ayni vaqtdagi zulmatli vaziyat ichida aql bovar qilmas, asburd va mutlaqo noreal tuyuladi, biroq, keling, uni bir tasavvur qilib ko‘raylik, deb yozadi fransuz jurnalisti, Le Monde nashrining sobiq muxbiri va ayni vaqtda Yevroparlament deputati Bernar Getta.
Tasavvur qilaylik, AQSh, Yevropa Ittifoqi yoki unga a’zo bo‘lgan bir nechta davlatlar bilan Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi, MBS nomi bilan mashhur Muhammad ibn Salmon 2002 yilda o‘z bobosi tomonidan boshlangan tinchlik tashabbusini qayta boshlaydi.
O‘shanda qirol Abdulloh Arab ligasi davlatlariga 1967 yilgi chegaralarda mustaqil Falastin davlati yaratilishi evaziga Isroilni tan olishni taklif etgan edi. Bu rejani Isroil yetakchilari e’tiborsiz qoldirishdi, chunki bu Al-Quds ikkiga bo‘linishi va qochqinlar hamda ularning avlodlari Falastinga qaytarilishiga olib kelardi. Garchi bu tashabbusni Arab davlatlari ligasi va falastinliklar qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lsa ham, u qog‘ozda qolib ketgandi. Lekin, keling, bir daqiqaga amerikaliklar, yevropaliklar va saudiyaliklar bu tashabbusni ortiqcha shoshma-shosharliksiz tiriltirdi va yangi muloqotlar uchun jo‘nash nuqtasi sifatida taklif qilishdi, deb tasavvur qilaylik.
Hozir Isroilning qaysi bosh vaziri asr boshlarida bo‘lgani kabi bu taklifni eshitmadim-ko‘rmadim, deya oladi. Hattoki Netanyahuning ham qo‘lidan kelmaydi. Tez orada uning o‘rniga keluvchi siyosatchi ham bunday qila olmaydi. Chunki bir nechta yangi arab davlatlari Isroilni tan olgach, nafaqat Falastin davlatini tuzish muzokaralar mavzusi bo‘ladi, shuningdek Shimon Peresning azaliy orzusi — Yaqin Sharqda mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishiga turtki beradigan umumiy bozor tashkil qilish ham amalga oshadi.
Bu dinamika katta ishonch bilan har qanday harbiy operatsiyadan ko‘ra HAMASning siyosiy yo‘q bo‘lishiga, ahamiyati kichik bo‘lgan terrorchilik guruhlari esa marginallashuviga olib keladi. Shundan so‘ng tinchlik, haqiqiy tinchlikka erishiladi. Albatta, har tomondan menga e’tiroz bildirishlari mumkin: orzular nechog‘lik beg‘ubor bo‘lmasin, 7 oktyabrdagi xunrezlik va G‘azoning bombalanishi ortidan agar jahon urushi kelib chiqmasa, kamida yuz yillik urush bo‘lishi tayin, deb. «Xabardor» insonlar bunday urush bo‘lishi tayin va uning oldini olib bo‘lmaydi, deyishadi, chunki hozir Isroil bilan tinchlik imzolashga tayyor falastinlik ham, Falastin davlati bilan yonma-yon yashashni istovchi isroillik ham qolmadi hisob.
Bir qarashda hamma narsa ularning haq ekanidan dalolat berayotgandek: har ikki tomonda bir-biriga nisbatan ishonchsizlik, xusumat va intiqom hissi shu qadar yuqori. Agar biz hukmronlik qilayotgan bemulohazalikka ko‘zlarimizni ko‘r qilishga qo‘yib bermasak, umid uchun ko‘plab asoslarni ko‘ra olamiz.
HAMAS tomonidan uyushtirilgan xunrezlikdan uch hafta o‘tib, isroilliklarning yarmi G‘azodagi yer usti operatsiyasini qo‘llamasliklarini aytishmoqda. Garchi ular «qora shanba» kadrlarini ko‘rgan, ularning har biri u yoki bu yaqinidan ayrilgan oilani shaxsan taniydigan bo‘lsa ham. Lekin ularning ko‘pchiligi sog‘lom fikr yuritib, G‘azodagi ko‘cha janglari anklav aholisi o‘rtasida ham, Isroil armiyasida ham ko‘plab qurbonlarni keltirib chiqarishi va eng asosiysi — hech qanday natijaga olib kelmasligini tushunib turishibdi.
G‘azo sektorida nazoratni tiklaganidan so‘ng Isroil qurolli kuchlari nima qiladi? 2005 yilda u yerni tark etganiga qaramasdan, boshqaruv richaglarini o‘zlariga qaytarishadimi? Yo boshqaruvni hech qanday pul evaziga ham qabul qilishni xohlamayotgan Misrga topshirishadimi? Yoki G‘arbiy sohilda mustahkam o‘rnashishga ham pul topa olmayotgan Falastin muxtoriyatiga berishadimi?
Isroil uchun G‘azoga qaytish boshi berak ko‘chaga kirish edi. Mojaroga G‘arbiy sohil qo‘shilib ketmasligi, arab davlatlari, so‘ngra Eron ham aralashib ketmasligi uchun tinchlik jarayonini qayta tiklashdan o‘zga yo‘l yo‘q.
Biz aql bovar qilmas narsadek tuyuladigan, aslida unday bo‘lmagan holat haqida o‘ylashimiz kerak, chunki Isroil o‘z ichki ziddiyatlari va yaqindagi mag‘lubiyatining shafqatsizligidan juda kuchsizlangan va u chinakam urushdan chetlanishni istamaydi; Suriya va Livan zaiflashgan; Misr ijtimoiy portlash ostonasida, Iroq yirtiq ko‘rpaga aylangan, Eron esa urushga qo‘shilay desa cho‘ntagida bir miri ham qolmagan, qolaversa, Saudiya Arabistoni va Isroilning yaqinlashuviga xalaqit qilib, shundoq ham g‘alabaga erishdik, deb o‘tiribdi.
Bitta qaltis harakat bu porox pochkasini portlatib yuborish uchun yetarli bo‘ladi. Lekin Isroil shu kunlarda yengilmas emasligini anglab bo‘ldi, mintaqada urush vasvasasi yo‘q, falastinliklar esa yopirilma bombalashlar ostida zo‘ravonlik yangidan yangi azob-uqubatlarga olib kelishini tushunib yetishdi.
Bosh berk ko‘chaga hamma-hamma qamalib qolgan. Bu pat vaziyati barcha uchun umumiy va naqadir g‘alati ko‘rinmasin, hozir Muhammad ibn Salmon siymosida tinchlik o‘rnatilishi uchun juda kam uchraydigan imkoniyat paydo bo‘lgan. Bu yosh shahzoda Saudiya Arabistonini Yaqin Sharqdagilar ham, butun jahon ahli ham hisoblashadigan barqudrat davlatga aylantirmoqchi. U shuningdek, Eron HAMAS orqali unga jo‘natgan haqoratni ham yuvmoqchi. U tarixga o‘z mamlakatining neftdan keyingi davrga va XXI asrga olib chiqqan Ol Saud sifatida kirmoqchi. Kechagina u buning uchun vositalar qidirib yurgan edi. Endi esa hamma qartalar uning qo‘lida.
Mavzuga oid
20:47 / 12.11.2024
“Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz” - Shavkat Mirziyoyev
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
08:10 / 12.11.2024