Jahon | 00:15 / 08.11.2023
12238
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi HAMAS bilan G‘azo markazida jang olib borayotganini ma’lum qildi

Shuningdek, HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar yashringani taxmin qilinayotgan bunker hududi qurshab olingani aytilmoqda.

Foto: Reuters

Isroil harbiylari G‘azo shahri markazida Falastinning HAMAS harakatiga qarshi kurashmoqda. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) janubiy qo‘mondonligi rahbari, general-mayor Yaron Finkelman xabar berdi.

«Biz hozir G‘azo sektorining yirik markazlarida jang qilyapmiz. Men u yerdan hozirgina qaytdim. Isroil mudofaa kuchlari so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta G‘azo shahri markazida jang qilmoqda. Terror yuragida», dedi Finkelman.

TsAHAL vakilining ta’kidlashicha, Isroil armiyasining quruqlikdagi operatsiyasidan maqsad HAMAS harakati yetakchilari va amaldorlarini, shuningdek, harbiy infratuzilmani to‘liq yo‘q qilishdir. Bundan tashqari, garovga olinganlarni ozod etish.

Shu bilan birga, Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoridagi HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar yashringani taxmin qilinayotgan bunker hududini o‘rab olishga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.

Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantga tayanib The Times of Israel xabar berdi.

Mudofaa vazirligi rahbari so‘zlariga ko‘ra, Sinvar «o‘z bunkerida yashiringan va sheriklari bilan aloqa qilmayapti». Shuningdek, Isroil harbiylari hozirda G‘azo shahri «yuragida» jang qilmoqda. U, shuningdek, harbiylar Sinvarni yo‘q qilishiga va’da berdi.

Mavzuga oid