Jahon | 13:10 / 09.11.2023
6368
3 daqiqa o‘qiladi

YeI sudi rossiyalik oligarxga qarshi sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortdi

Dmitriy Mazepinning YeIdagi mablag‘lari muzlatilgan holda qoladi - Yevropa Ittifoqi sudi rossiyalik oligarxning apellyatsiyasini rad etdi. Yevropa Ittifoqi sudi, shuningdek, Lukashenkoga aloqador belaruslik tadbirkorlarga qarshi sanksiyalarni ham tasdiqladi. 

Dmitriy Mazepin Foto: Mikhail Metzel/ZUMA Wire/IMAGO

Yevropa Ittifoqi sudi rossiyalik tadbirkor, «Uralxim» guruhi asoschisi Dmitriy Mazepinga nisbatan sanksiyalarni tasdiqladi. U Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga e’tiroz bildirishga uringandi. Sud 8 noyabr, chorshanba kuni e’lon qilingan qarorga ko‘ra, Mazepin ilgari surgan dalillarni rad etdi, uning mablag‘lari muzlatilgan holda qoladi va uning o‘zi hamon Yevropa Ittifoqi hududiga kira olmaydi

Sud Rossiyaning Ukrainada keng miqyosli harbiy harakatlari birinchi kunida Mazepin boshqa ishbilarmonlar qatori Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya hukumati boshqa a’zolari bilan uchrashuvda qatnashganini, unda G‘arb sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga oqibatlari muhokama qilinganini eslatdi. Mazepinning ushbu uchrashuvga taklif etilgani «uning hokimiyatga yaqin doiraga kirganini va Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi yoki amalga oshirishini ko‘rsatadi», deyiladi hujjatda. 

Sud, shuningdek, YeI kengashining Mazepinni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish haqidagi qarorini asosli deb atadi, chunki Mazepin «Rossiya hukumati uchun muhim daromad manbalarini ta’minlovchi iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yurituvchi yetakchi tadbirkorlardan» biridir. 

Dmitriy Mazepin 2022 yil 9 martda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ko‘p o‘tmay, u «Uralxim» aksiyalarining nazorat paketini sotganini e’lon qildi va cheklov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan apellyatsiya berdi. U ikki oy va o‘n kun ichida joriy sud qarori ustidan YeIning Lyuksemburgdagi oliy sud organiga shikoyat qilishi mumkin. 

Yevropa Ittifoqi sudi Lukashenkoga aloqador belaruslik tadbirkorlarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortdi

Shu kuni Yevropa Ittifoqi sudi belaruslik ishbilarmonlar Nikolay Vorobey va Aleksey Zaytsev, shuningdek, ularning «Bremino Grupp» kompaniyasiga nisbatan 2020 yilda kiritilgan cheklov choralarini tasdiqladi.

Sud Yevropa Ittifoqi kengashining Vorobeyni qora ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorini asosli deb topdi, xususan, tadbirkor «Lukashenko rejimidan foyda ko‘rishi va uni qo‘llab-quvvatlashi» aytiladi, chunki «Bremino Grupp» kompaniyasi Belarus hokimiyat organlari tomonidan soliq imtiyozlari va boshqa qo‘llab-quvvatlovlardan foydalangan.

Sud Zaytsevning shikoyatini ham rad etdi. Yevropa Ittifoqi kengashi tadbirkor va Aleksandr Lukashenkoning sobiq yordamchisi 2020 yilda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini Belarus rahbari oilasiga yaqinlashuv tufayli Zaytsev o‘z korxonalari uchun foydali shartnomalar olishi va Lukashenko rejimini qo‘llab-quvvatlashi bilan asosladi. 

Mavzuga oid