Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh eng yangi strategik bombardimonchi samolyotning sinovlarini boshladi
Pentagon eng yangi B-21 Raider bombardimonchisining parvoz sinovlari boshlanganini e’lon qildi.
AQSh Harbiy-havo kuchlari matbuot kotibi Enn Stefanekning ma’lum qilishicha, mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘zining eng yangi strategik bombardimonchi B-21 Raider samolyoti sinovini boshladi.
Sinov Harbiy havo kuchlari sinov markazi va B-21 qo‘shma sinov guruhi tomonidan o‘tkazilmoqda.
«Bu Qo‘shma Shtatlarga qarshi tajovuz va hujumlarni tiyib turish uchun zarur», dedi Stefanek.
AQSh oltinchi avlod B-21 Raider bombardimonchi samolyotini 2022 yil dekabr oyida taqdim qilgan. U kelajakda Amerika harbiy aviatsiyasining tayanchiga aylanishi kutilmoqda. Samolyot oddiy va yadroviy qurollarni olib yurishga qodir. U dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimiga kirib borishi va dunyoning istalgan nuqtasidagi obektlarni nishonga olishi aytilmoqda.
Bombardimonchi samolyot Kaliforniyadagi Northrop Grumman zavodida yig‘iladi. Hammasi bo‘lib 100 ta samolyot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, samolyotning qiymati 753 million dollarga teng.