Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berbok: Ukrainaga yordam kengaytiriladi va oshiriladi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainani qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada oshirilishini e’lon qildi. Ammo u qo‘shimcha hech qanday ma’lumot taqdim etmadi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok federal hukumatning Ukrainaga yordamni sezilarli darajada kengaytirish rejalarini tasdiqladi. «Hozirgi inqiroz diplomatiyasi Yaqin Sharqqa nisbatan qanchalik kuchli bo‘lmasin, biz uchun bu yerda geosiyosiy muammolarga qarshi turish ham muhim», dedi siyosatchi 13 noyabr, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida. «Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz, ayniqsa, kelgusi yilda yanada kengayadi», deya qo‘shimcha qildi u.
Berbok kelgusi yil uchun rejalar haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Kelgusi haftalar va oylar haqida gapirar ekan, u Ukrainaga yana bir Patriot havo mudofaa tizimi va energiya generatorlarini yetkazib berishni o‘z ichiga olgan «qishki mudofaa qalqoni» haqida gapirdi. Vazir fikricha, bu Rossiya hujumlari oldini olishi va ukrainaliklarning kelayotgan qishda muzlab qolmasligiga yordam berishi kerak. Berbok, shuningdek, Rossiya prezidenti Putinning Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi munosabati bilan YeI tomonidan qo‘llab-quvvatlash kamayishi mumkinligi bo‘yicha umidlariga ham izoh berdi: «Dunyodagi dramatik vaziyatni hisobga olsak, u juda erta xursand bo‘lmoqda. Biz Ukrainani faqatgina qo‘llab-quvvatlashda davom etmaymiz, balki uni kengaytiramiz va ko‘paytiramiz».
Bild: Germaniya hukumati yordamni ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda
Bild am Sonntag gazetasining yozishicha, Germaniya koalitsiya hukumati 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun avval e’lon qilingan to‘rt emas, sakkiz milliard yevro ajratishga rozi bo‘lgan. Mudofaa va Moliya vazirliklari vakillari parlamentning amaldagi tartib-qoidalariga asoslanib, dam olish kunlari ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarga izoh bermadi. Bundestag Budjet qo‘mitasi payshanba, 16 noyabr kuni 2024 yil uchun xarajatlarni muhokama qiladi, shundan so‘ng budjet yalpi majlisda ko‘rib chiqiladi.
Noyabr oyi boshida federal hukumat avvaldan va’da qilingan 25 ta Leopard 1A5 tankini Ukrainaga yetkazib berishini e’lon qildi. Bu partiyaga razvedkachi dronlar va radarlar ham kiritilgan. Rossiya Ukrainaga kirganidan beri Germaniyadan Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam, jumladan, gumanitar yordamning umumiy miqdori qariyb 24 milliard yevroni tashkil qildi.