TsAHAL G‘azoda «parlament» binosi va politsiya shtab-kvartirasi ishg‘ol etilganini e’lon qildi
Shuningdek, Isroil qo‘shinlari G‘azodagi «gubernator uyi»ni ham o‘z nazoratiga olgani aytilmoqda.
Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektorida HAMAS harakatining bir qancha ma’muriy binolari egallab olganini e’lon qildi. Ulardan falastinliklar tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanilayotgani iddao qilinmoqda.
TsAHAL bayonotiga ko‘ra, zirhli brigada jangovar guruhi va piyodalar brigadasi a’zolari G‘azoning Shayx Ijlin va Rimal mahallalarida reyd o‘tkazgan. Natijada, HAMAS harakatining «parlament» binosi, hukumat majmuasi va politsiya shtab-kvartirasi egallab olingan.
Shuningdek, Isroil qo‘shinlari G‘azodagi «gubernator uyi»ni ham o‘z nazoratiga olgan. Unda HAMAS harakatining harbiy va politsiya idoralari, razvedka bo‘limi va boshqa obektlari joylashgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, TsAHAL «qurol ishlab chiqarish instituti» bo‘lib xizmat qilgan G‘azo universiteti muhandislik fakulteti binosini, shuningdek, HAMAS mashg‘ulot bazalari, operativ shtab-kvartirasi, so‘roq qilish xonalari va hibsxonalar joylashgan majmuani egallab olgan. Muassasada «qurol-yarog‘ va jangarilarning o‘quv materiallari topildi», deyiladi xabarda.
G‘azo shahri to‘liq qurshab olingani haqida Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagariy 2 noyabr kuni e’lon qildi. Shundan beri isroillik harbiylar shahar hududida jang olib borib, HAMAS nishonlariga zarbalar berib kelmoqda.