Jahon | 16:00 / 16.11.2023
4577
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Daniya Rossiyadan neft olib kelayotgan tankerlar yo‘lini to‘sib qo‘yishi mumkin

Yevropa Ittifoqi rejalariga ko‘ra, Daniyaga o‘z suvlarida Rossiya neftini olib ketayotgan tankerlarni tekshirish va kerak bo‘lganda ularni xatlovga olish vazifasi yuklatiladi, deb yozadi FT. 

Foto: Bloomberg

Yevropa Ittifoqi Daniyaga o‘z suvlari orqali o‘tayotgan Rossiya neftini tashuvchi tankerlarni tekshirish va kerak bo‘lganda to‘sib qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15 noyabr, chorshanba kuni Bryusseldagi muzokaralardan xabardor uch manbaga tayanib, The Financial Times nashri xabar berdi

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, gap Daniya bo‘g‘ozlari orqali g‘arb sug‘urtasisiz o‘tayotgan neft tankerlari haqida ketmoqda. Sug‘urta qog‘ozi yo‘qligi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga atrof-muhitga tahdid solishi mumkin bo‘lgan kemalarni tekshirishga imkon beradi. 

FT ta’kidlashicha, Rossiya neftining qariyb 60 foizi Boltiq dengizi orqali o‘tadi va bu hajmning barchasi Daniya hududiy suvlarida harakatlanadi. Nashrning qayd etishicha, Daniya bo‘g‘ozlari orqali har kuni ikki million barrelga yaqin Rossiya nefti o‘tadi, bu uchta Aframax toifasidagi tankerga teng. 

Deyarli barcha rus nefti belgilangan chegaradan yuqori narxda sotilyapti 

G‘arb rasmiylari oktyabr oyida Rossiya nefti bir barrel uchun 60 dollardan past narxda deyarli sotilmaganini tan olganidan so‘ng tashabbus Bryusselda ishlab chiqila boshlandi, 60 dollarlik cheklov - G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya tomonidan Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashiga javoban o‘rnatilgan narx chegarasi, deb yozadi FT.

Taxminlarga ko‘ra, g‘arb kompaniyalari faqat bir barreli 60 dollardan kam narxda sotiladigan Rossiya neftini tashuvchi kemalarni sug‘urta qilishi mumkin. Biroq, soxta moliyaviy hisobotlar yoki g‘arb sug‘urtasisiz xomashyoni tashishda gumon qilinayotgan tankerlar soni ortib bormoqda. 

G‘arb rasmiylarining ta’kidlashicha, kemalarning to‘g‘ri sug‘urta qilinishi talabi o‘zini oqlaydi, chunki Rossiya neftining aksariyati «jiddiy ekologik halokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan» buzilish yoki neft to‘kilishi xavfi yuqori bo‘lgan eski kemalar «yashirin flotlari»da tashilyapti. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid