JSST yolg‘izlikni global tahdid deb atadi
Yolg‘izlik inson salomatligiga tahdid soladi, uning zararli ta’siri kuniga 15 ta sigaret chekish bilan barobarligi ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty Images
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yolg‘izlikni global salomatlik uchun tahdid deb e’lon qildi. Uning odamga zararli ta’siri kuniga 15 ta sigaret chekish bilan barobar.
JSST yolg‘izlik muammosi bo‘yicha xalqaro komissiyasi xabarida «Har kim, har qanday joyda yolg‘iz yoki ijtimoiy jihatdan izolyatsiya qilingan bo‘lishi mumkin», deb ta’kidlanadi.
Qayd qilinishicha, odamlarning ijtimoiy faolligini to‘xtatgan COVID-19 pandemiyasi tufayli yolg‘izlik muammosi og‘irlashgan, shuning uchun yolg‘izlik darajasi ham oshgan.
«Yolg‘izlik hech qanday yosh va chegara bilmaydi va sog‘liq, farovonlik va rivojlanishning barcha jabhalariga ta’sir qiluvchi global muammoga aylanmoqda», deyiladi xabarda.
JSST ta’kidlashicha, yolg‘izlikning inson salomatligi uchun xavfi kuniga 15 ta sigaret chekish bilan teng. Uning zarari semizlik va kam harakatli turmush tarzidan ham ko‘proq ekanligi aytilmoqda.
JSST qo‘shimcha qilishicha, dunyodagi har to‘rtinchi keksa kishi ijtimoiy izolyatsiyani boshdan kechiradi, bu aqldan ozish (demensiya) xavfini 50 foizga va koronar arteriya kasalligi yoki insult xavfini 30 foizga oshiradi.
Bundan tashqari, tadqiqotlarga ko‘ra, dunyodagi o‘smirlarning 15 foizigacha yolg‘iz. Ular maktabda yolg‘izlikni boshdan kechiradi va universitetni tashlab ketish ehtimoli ko‘proq. Ishda jamoatdan uzilib qolgan va qo‘llab-quvvatlanmasligini his qilayotganlarning ish mahsuldorligi ham pasayishi mumkin.
Mavzuga oid

11:21 / 14.06.2025
JSST Sudandagi bolalar uchun ocharchilik tahdidi haqida ogohlantirdi

21:49 / 03.06.2025
Olimlar mikroplastik inson vujudiga qanday ta’sir qilishini tushuntirdi

22:58 / 20.05.2025
JSST kelajakdagi pandemiyalarga qarshi kurash bo‘yicha yangi global bitimni tasdiqladi

17:23 / 14.05.2025