Urugvay Messining bayramini buzdi, Braziliya yana yutqazdi
Dias ozod etilgan otasi ko‘z o‘ngida Braziliyani nokautga uchratdi. Janubiy Amerikada JCh-2026 saralashida 5-turning asosiy voqealari.
Ustoz shogirdni yengdi
Argentina — Urugvay 0:2
Gollar: R.Arauxo (41), Nunes (87).
Argentina – Martines, Molina, Otamendi, Romero, Talyafiko (Akunya, 80), De Paul (Palasios, 64), Mak Allister (Martines, 46), Fernandes, Gonsales (Di Mariya, 53), Messi, Alvares (Lo Chelso, 80).
Urugvay – Rochet, R.Arauxo, Olivera, Kaseres, Vinya (Ximenes, 46), Valverde, de la Krus, Ugarte, M.Arauxo (Bentankur, 62), Pellistri (Kanobbio, 88), Nunes (Vinyas, 90).
Ogohlantirishlar: Ugarte (32), Mak Allister (35), Ximenes (67), Martines (68), Romero (77), Olivera (79), Palasios (90).
Argentina futbol bayrami muhitida yashashda davom etmoqda. Buenos-Ayresdagi o‘yin arafasida Lionel Messi sakkizinchi «Oltin to‘p»ni olgani, darvozabon Emiliano Martines Lev Yashin nomidagi mukofotni qo‘lga kiritganini nishonlash marosimi o‘tkazildi. Ammo maydonda o‘yin boshlangach, Urugvay bu bayramda shunchaki mehmon bo‘lishga kelmaganini namoyish eta boshladi. Urugvayliklar ilk daqiqalardanoq kurashuvchanlik va hujumkorlik taklif etishdi.
To‘pga egalik qilayotgandek ko‘ringan mezbonlar to‘pni yo‘qotishi bilan himoyachilardan qochib ketgan Nunes darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo uning zarbasi uzoq ustun yonidan o‘tib ketdi. Oktyabr oyida Braziliyaga qarshi kechgan o‘yin (2:0) qahramoni maydonga 19-raqamli futbolkada tushdi. Terma jamoaga yana chaqiruv olib, to‘qqizinchi raqamni o‘ziga qaytargan Suares esa zaxirada qolib, yosh jamoadoshlari o‘yini va kurashini tomosha qilib o‘tirdi.
Qaysidir pallada hissiyotlar ko‘payib ketdi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridan istalgan foldan keyin futbolchilar to‘planib, munosabatlarga oydinlik kiritishga kirishishdi va o‘yinda to‘xtalishlar yuzaga keldi.
Vilyam Roldan istasa kimnidir maydondan chetlatishi ham mumkin edi, ammo kolumbiyalik tajribali arbitr o‘zaro suhbatlar va ogohlantirishlar orqali futbolchilardagi ehtiroslar olovini o‘chirishga erishdi.
Mehmonlar esa yana futbol o‘ynay boshladi va haqli ravishda hisobni ochishdi. Alvares jarima zarbasi ijro etilganida qulay vaziyatda to‘g‘ri zarba bera olmaganidan keyin hujum qilish navbati urugvayliklarga keldi. Nunesning himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan pasi golli bo‘lmagan bo‘lsa-da, burchak yaqinida to‘p uchun kurashda Vinya Molinani ortda qoldirib, qarama-qarshi tomondan jarima maydoniga yorib kirgan Ronald Arauxoni golli pas bilan ta’minladi.
Lionel Skaloni bunga tanaffusda almashtirish qilish bilan javob berdi, Mak Allister o‘rniga Lautaro Martines tushirildi. Ko‘p o‘tmay Di Mariya ham o‘yinga qo‘shildi, raqibga bosim kuchaygan bo‘lsa-da, urugvayliklar darvozasiga haqiqiy xavf Messining standart vaziyatlaridan keyingina yuzaga keldi. Bir safar uning zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘siniga borib tugdi. Keyin esa Lautaro bosh bilan xavfli zarba yo‘lladi, ammo Urugvay faqat hujumlarni qaytarish bilan shug‘ullangani yo‘q. Aksincha, aytish mumkinki, Marselo Biyelsa qachondir futbolchi sifatida uning boshqaruvidagi «Albiseleste»da debyut qilgan Skalonini har jihatdan tor-mor etdi.
Mehmonlar jamoa sifatida sifatli o‘ynashdi, o‘yin esa, amaldagi jahon chempionlari uchun og‘riqli tarzda bo‘lsa-da, mantiqiy yakunlandi. 87-daqiqada Messi markazdan jarima maydoniga yorib kirishga harakat qildi, ammo to‘pni oldirdi, boshlangan qarshi hujumni esa Nunes gol bilan yakunladi. Darvin bir oy ichida Braziliyaga ham, Argentinaga ham gol urdi, shunday ekan, Suares to‘qqizinchi raqamni bemalol o‘z vorisiga topshirsa bo‘ladi.
Urugvay bu turga qadar nafaqat ochko yo‘qotmagan, balki biror marta gol o‘tkazmagan peshqadamni to‘xtatdi va guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. E’tiborli jihati, Skaloni davrida Argentina faqat uchta uy uchrashuvida gol ura olmagan va bu o‘yinlarning barchasi afsonaviy «Monumentale» o‘yingohida o‘tkazilgan. Maydonga baribir tushirilmagan Suares esa saralash o‘yinlarida 12-urinishda Messi ustidan g‘alabaga erishdi. U bungacha jamoasi bilan argentinaliklarga qarshi to‘rt durang qayd etib, yetti bor yutqazgandi.
Tarix uchun o‘yin va Vinisiusning jarohati
Kolumbiya — Braziliya 2:1
Gollar: Dias (75, 79) — Martinelli (4).
Kolumbiya – Vargas, Munos, Sanches, Lukumi, Machado (Borxa, 46), Xames, Uribe (Sinisterra, 46), Karraskal (Rios, 74), Kastanyo (Lerma, 83), Dias, Borre (Kordoba, 68).
Braziliya – Alisson, Emerson, Markinos, Gabriel (Duglas Luis, 82), Lodi (Pepe, 81), Gimaraes, Andre, Rafinya (Endrik, 82), Vinisius (Joao Pedro, 27), Rodrigo (Paulino, 69), Martinelli.
Ogohlantirishlar: Sanches (20), Lodi (78), Pepe (90).
Oktyabr Braziliya uchun dahshatli oy bo‘lgandi. Birinchidan, pentakampeonlar ikki o‘yinda atigi bir ochko bilan kifoyalandi. Ikkinchidan, aynan o‘shanda Neymar og‘ir jarohat oldi. Shunday ekan, jamoaning vaqtincha bosh murabbiyi Fernandu Diniz «Fluminense» boshqaruvida Libertadores Kubogida qayd etilgan triumfdan keyin milliy jamoada kichik inqilob amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi.
Uch turda uchinchi bor bir xil laterallar (Emerson va Renan Lodi), «Flu» havbeki Andre Netu tayanch zonada, Gabriel Martinelli va Rafinya hujum qanotlarida, «Real»ning tezkor forvardlari Rodrigo — Vinisius Junior markazda. Xuddi kelgusi yozda Braziliyaga bosh murabbiy bo‘lib borishi aytilayotgan Karlo Anchelotti tarkibni shakllantirish bo‘yicha qaror qabul qilishda ishtirok etayotgandek. Mehmonlar tajovuzkor debyutga urg‘u qaratishgandi, natijada tovon orqali paslardan keyin Vinisiusning «shvedka» uslubidagi pasi bilan amalga oshirilgan hujum Martinellining qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan yakunlandi.
Lekin Braziliya shu sur’atda o‘yinni davom ettira olmadi. Bo‘lim o‘rtalarida jamoa Vinisiusdan ayrildi, u oldingi jarohatlaridan tiklanib, endigina formasini tiklay boshlagandi. Ammo, maydondagi keyingi voqealar shu yo‘qotish bilan izohlanmaydi. Shunchaki Kolumbiya tezkor goldan keyin o‘zini yo‘qotmadi, tashabbusni qo‘lga oldi va Luis Diasning javob golidan keyin butun dunyo xursandchilik qildi.
Bu nihoyatda ta’sirli lahza jdi, chunki «Liverpul» vingeri milliy jamoalar o‘yinlari munosabati bilan qilingan tanaffus tufayli nihoyat o‘g‘irlab ketilgan va 12 kunlik asirlikdan qutqarilgan otasi bilan ko‘rishish imkoniga ega bo‘lgandi. To‘rt daqiqa ichida mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirgan Luis gollarini o‘zining eng sevimli kishisiga bag‘ishladi, tribunada o‘tirgan otasining ko‘z yoshlari esa saralash bosqichining beshinchi turidagi asosiy sahnaga aylandi.
Bu ikki karra tarixiy o‘yin edi. Birinchidan, safida 17 yoshli Endrik debyut qilgan Braziliya saralash bosqichida tarixda ilk bor ketma-ket ikki o‘yinda yutqazdi. Ikkinchidan, Kolumbiya pentakampeonlarni hech qachonn bunday maqomdagi o‘yinda mag‘lub etmagandi.
Golsiz duranglar va Boliviyaning g‘alabasi
Venesuela — Ekvador 0:0
Venesuela – Romo, Gonsales, Anxel, Makun (Ferraresi, 84), Navarro, Martines (Rinkon, 84), Errera (Otero, 58), Kasseres (Kastilo, 84), Soteldo, Sosa (Machis, 71), Rondon.
Ekvador – Dominges, Presiado, Torres, Pacho, Inkapie, Sornosa (Xulio, 86), Franko, Sifuentes (Ortis, 90), Kaysedo, Payes (Mena, 70), Rodriges (Kampana, 71).
Ogohlantirishlar: Anxel (9), Inkapie (12), Sifuentes (31), Franko (79), Martines (79).
Bu o‘yin natijasi ancha qizg‘in o‘tgan o‘yin xarakteri jihatidan ham, statistika nuqtayi nazaridan ham e’tiborga molik. Gap shundaki, Venesuela va Ekvador o‘zaro 32 o‘yin o‘tkazgan va shu vaqtgcha hech qachon golsiz durang qayd etilmagandi. Mantiqqa ko‘ra, bu safar ham bunaqasi bo‘lmasligi kerak edi. Mehmonlar tezkor gol ham urishdi, ammo bu bir santimetrlik ofsayd tufayli bekor qilindi. Yorqin vaziyatlar ham bo‘ldi, Kaysedo to‘pni egallab olgach, oldinroqqa chiqib ketgan darvozabonning ustidan oshirib tashlashga urindi. Yakun esa kimnidir qanoatlantirgani dargumon. Venesuelaliklar guruh yetakchilari orasidagi pozitsiyasini mustahkamlash imkoniyatidan foydalana olmadi, ekvadorliklar esa JCh-2026 ishtirokchilari omadsizlarini ajratib turgan chegarada o‘zini xotirjam his eta olmaydi.
Chili — Paragvay 0:0
Chili – Kortes, Dias, Medel, Maripan, Suaso, Echeverriya (Mendes, 61), Pulgar, Davila, Brereton (Aravena, 61), Sanches, Pizarro.
Paragvay – Karlos, Roxas, Gomes, Alderete, Espinosa, Kubas, Vilyasanti (Kabalero, 63), Gomes (Sosa, 62), Roxas, Avalos, Sanabriya (Kaseres, 45).
Ogohlantirishlar: Maripan (22), Gomes (38), Kabalero (71).
Chetlatishlar: Roxas (44), Mendes (89).
Bu uchrashuvda esa golsiz durang kutilgan natija edi. Paragvayga gol urishdan gol o‘tkazmaslik qulayroq. Chililiklar esa doimiy inqirozda va ularning o‘yinida yorqin pallalar deyarli bo‘lmayapti. Bu safargi o‘yinda ular butun bir bo‘lim davomida son jihatdan ustunlikdan foydalana olishmadi. Yakunda esa ikki jamoa uchrashuvni teng tarkibda tugatishdi – ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan havbek Mendes o‘yin yakuniga bir necha daqiqa qolganida to‘pga o‘ynagan bo‘lsa-da, inersiya bilan harakatlanishda davom etib, butsasining tag qismi bilan raqib oyog‘iga zarba berib yubordi.
Boliviya — Peru 2:0
Gollar: G.Vaka (20), R.Vaka (87).
Boliviya – Viskarra, Kinteros, Sagredo, Akin, Fernandes, Xustiniano, R.Vaka (Bexarano, 90), Terseros (Ramalyo, 46), G.Vaka (Arraskayta, 57), Moreno (Reynoso, 76), Algaranyas (Vilyarroel, 57).
Peru – Galese, Korso (Flores, 81), Sambrano, Kalens, Lopes (Penya, 69), Yotun, Tapiya, Kispe, Sanelatto (Reyna, 57), Lapadula (Gerrero, 56), Grimaldo (Advinkula, 69).
Ogohlantirishlar: Xustiniano (30), Kalens (34), Vaka (45), Advinkula (87), Galese (87), Reyna (90).
Saralash bosqichini qatorasiga to‘rt mag‘lubiyat bilan boshlagan Boliviya nihoyat o‘z muxlislarini ilk g‘alaba bilan quvontirdi. Jamoa jahon chempionati uchun saralash turnirlarida ropp-rosa ikki yildan buyon g‘alaba qozonmagandi va uy uchrashuvlaridagi qatorasiga to‘rt mag‘lubiyatdan iborat seriya qayd etgandi. Hamisha boliviyaliklarning ustunligi sanalgan baland tog‘lar orasidagi La-Pas raqiblarni ortiq cho‘chitmay qo‘ygandi. Endi esa tog‘lar sehri qaytdimi? Bunga javobni keyingi turda bilib olish mumkin. Hozircha Boliviya so‘nggi o‘rindan ko‘tarildi va u yerga «inklar»ni tushirib yubordi.
* Ekvadorga himoyachi Bayron Kastilio soxta hujjatlardan foydalangani uchun uch ochkolik jarima qo‘llangan.
22 noyabr. Argentina — Braziliya, Urugvay — Boliviya, Paragvay — Kolumbiya, Peru — Venesuela, Ekvador — Chili.