Jahon | 21:36 / 19.11.2023
31826
10 daqiqa o‘qiladi

Si va Joning kutilgan uchrashuvi va oyatullohning HAMASga xitobi – hafta xorijiy dayjesti

Kuzning oxirgi haftalaridan biri yakunlanmoqda. Quyida o‘tgan bir hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan asosiy voqealar eslanadi.

Hafta bosqini

Go‘yoki inson ongi rivojlanib, yashash osonlashgan bir davrda Yaqin Sharqdagi mitti bir anklavda, 8 milliard kishi ko‘z o‘ngida shunchalik dahshatli ishlar sodir bo‘lyaptiki, ulardan odamzot mukammallashib emas, tubanlashib boryapti degan xulosaga kelish mumkin.

Isroil mudofaa armiyasi 15 noyabrga o‘tar kechasi G‘azodagi bosh shifoxona bo‘lmish «Ash Shifo»ga tanklar bilan bostirib kirdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu vaqtda kasalxona hududida 2300 dan ortiq kishi – bemorlar, shifoxona xodimlari va shu yerdan boshpana topgan tinch aholi vakillari bo‘lgan. Isroil bosqini boshlangandan buyon G‘azoda odamlar faqat raketa zarbalaridan emas, shunchaki kasalxonalarda elektr energiyasi yo‘qligi sababli ham o‘lib ketmoqda.

«Ash Shifo»da nisbatan sharoit tuzuk bo‘lgani sabab og‘ir bemorlar shu yerga olib kelinayotgandi, ammo isroillik harbiylar tankda kirib borganidan keyin u yerda vaziyat chidab bo‘lmas darajaga yetgan.

Kasalxona kuyish bo‘limi bosh shifokorining aytishicha, 14 noyabrdagi bosqindan keyin kuyish jarohati bilan jonlantirish bo‘limida yotgan, shuningdek, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan bemorlar jon bergan.

Bundan tashqari, kasalxonada juda ko‘p chala tug‘ilgan va maxsus bokslarda saqlanayotgan norasida chaqaloqlarning holati haqida ma’lumot yo‘q. Ba’zi shifokorlar isroillik harbiylar kasalxonadan chiqayotganda texnikalarni ham vayron qilib ketganini aytgan.

Isroil tomoni kasalxonaga kirishga uning ostida HAMASning qo‘mondonlik punkti borligi sabab bo‘lganini iddao qilgan. Go‘yoki buning isboti sifatida bir nechta avtomat, patron va granatalar ham namoyish etildi.

Ammo ko‘pchilik butun boshli qo‘mondonlik punktida shuncha kam miqdorda qurol bo‘lganiga shubha bilan qarayapti. Isroil 2000-yillardan buyon bu kasalxona HAMAS qarorgohi ekanini iddao qilib keladi, lekin hozirgacha hech qanday isbot keltirilmagan.

Hafta tashrifi

Bu haftaning eng muhim voqealardan biri Xitoy raisi Si Jinpingning AQShga tashrifi bo‘ldi. Umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi 44 trillion dollarni tashkil etadigan ikki iqtisodiy gigant davlat rahbarlari San-Fransiskoda uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar nima borasida kelishib olgani aniq emas, lekin Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqda dahshatli urush ketayotgan, dunyo ikkinchi jahon urushidan keyingi eng tarang siyosiy davrni boshdan kechirayotgan bir vaqtda AQSh va Xitoy rahbarlari nomigagina uchrashmagani aniq.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi Tramp davrida boshlangan savdo urushidan butun dunyo narxlar oshishi ko‘rinishida zarar ko‘rdi. Ayniqsa Ukrainadagi urushda ular farqli tarafni qo‘llagani vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Shu sabab Xitoy va AQSh yetakchilarining uchrashuvini dunyo uchun yaxshi yangilik deyish mumkin. Uchrashuvda pozitivlikka umid beradigan yaxshi gaplar ham aytildi. Masalan, Si Jinping dunyo AQSh va Xitoy bir-biridan qolishmay rivojlanishi uchun yetarli darajada keng ekani, raqobat dushmanlikka aylanib ketmasligi kerakligini aytdi.

San-Fransiskodagi uchrashuvda muhim harbiy kelishuvga ham erishildi. Nensi Pelosining Tayvanga tashrifidan keyin Xitoy va AQSh o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri armiya aloqalari chinliklar tashabbusi bilan to‘xtatib qo‘yilgandi. Bayden va Si o‘rtasidagi muloqotdan keyin mana shu liniya qayta tiklanadigan bo‘ldi.

Hafta omadsizi

Dunyoning eng boy odami Ilon Maskka tegishli Space X kompaniyasining Oy va Marsga parvoz uchun mo‘ljallangan Starship o‘ta og‘ir raketasining ikkinchi orbital sinovi ham muvaffaqiyatsiz chiqdi. 18 noyabr kuni Texasdagi Starbase uchirish maydonidan parvozni boshlagan havo kemasi bilan 10 daqiqa o‘tib aloqa yo‘qoldi.

Ko‘p marta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa tizimi Ship25 havo kemasi va Super Heavy kosmik tashuvchisidan iborat bo‘lib, balandligi 122 metr edi. Reja bo‘yicha Ship 25 ikkinchi orbital sinov vaqtida Yer atrofini aylanib chiqishi, keyin esa Tinch okeanining Havayi orollariga yaqin qismiga qo‘nishi kerak edi. Ammo uchuvchisiz amalga oshirilgan parvoz muvaffaqiyatsiz chiqqan.

Aprel oyida amalga oshirilgan birinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz chiqqan va o‘shanda tashuvchidan ajrala olmagan kema Meksika ko‘rfazi ustida portlatib yuborilgandi.

Mask hafta davomida faqat shu muammo bilan cheklanmadi. U sotib olganidan buyon doim muhokamalar markazida bo‘layotgan Tvitter ijtimoiy tarmog‘i bilan bog‘liq yana bir mojaro sodir bo‘ldi.

Apple, Disney, Comcast, Lionstage va Paramount global kabi yirik kompaniyalar Tvitterda reklama berishdan voz kechishdi. Wasshington Post'ning yozishicha, yuqoridagi kompaniyalar endilikda IKS deb yuritilayotgan Tvitterda antisemitizm targ‘iboti kuchayayotgani sabab shunday qarorga kelgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, Apple kabi yirik kompaniyalar o‘z mahsulotlari reklamasi Tvitterda Adolf Hitlerning natsizm ma’naviy uyg‘onish ekani haqida aytgan gaplaridan yasalgan memlar bilan bir qatorda ketayotganidan norozi bo‘lgan.

Apple bilan reklama shartnomasi bekor qilinishi Tvitter uchun qimmatga tushishi aniq. Chunki texnogigant birinchi chorakning o‘zida Tvitterga reklama uchun 50 million dollar to‘lagan. Keyinroq IBM ham Tvitterga reklama joylashdan voz kechishini ma’lum qilgan.

Hafta qaytishi

Buyuk Britaniyaning 75-bosh vaziri, 2010 yildan 2016 yilgacha qirollik hukumatini boshqargan Devid Kemeron yana katta siyosatga qaytdi va Birlashgan Qirollik tashqi ishlar vaziri sifatida ishga kirishdi. Bu qirollikda 1970-yillardan buyon ilk marta sobiq bosh vazir yana hukumatga qaytishi bo‘ldi.

Kemeronning qaytishi kutilmaganda sodir bo‘ldi. Gap shundaki, Britaniyaning endilikda sobiq ichki ishlar vaziri Suella Braverman Londonda Falastinni qo‘llab o‘tkazilayotgan marshlarda mahalliy politsiya yetarlicha qattiqqo‘llik bilan harakat qilmayotgani haqida gapirgani fonida keskin tanqidlar ostida qolib ketdi.

Shundan keyin Sunak boshchiligidagi hukumat Bravermanni iste’foga chiqardi va tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Jyeyms Kleverli ichki ishlar vaziri lavozimiga o‘tkazildi. Bo‘sh qolgan tashqi ishlar vaziri kursisini esa sobiq bosh vazir Kemeron egalladi.

Bosh vazirlik lavozimida ishlagan vaqtida Qrimni anneksiya qilgan Rossiyani «katta sakkizlik» a’zoligidan chiqarib yuborishga erishgan Kemeron tashqi ishlar vaziri bo‘lgach, Kiyevga borib Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga ham ulgurdi.

Hafta ogohlantirishi

Ko‘pchilik Isroil bosqiniga qarshi urushayotgan HAMAS harakatini Eron qo‘llashi haqida gapiradi, lekin Reuters nashri yozishicha, fors davlati rahbarlari xalqaro maydonda HAMASni qo‘llashini aytayotgan bo‘lsa-da, aslida ular Eronga xabar qilmay Isroilga hujum qilganidan norozi bo‘lgan.

«Siz Isroilga hujum haqida bizni ogohlantirmadingiz va biz endi sizning nomingizdan urushga kirmaymiz», deya Eron oliy rahbari oyatulloh Xominaiyning so‘zlarini keltirgan Reuters manbasi.

«Eron oliy rahbari HAMAS siyosiy qanoti rahbari Ismoil Xoniyaga Eron harakatni siyosiy va ruhiy tomondan qo‘llashda davom etishi, lekin urushga kirmasligini aytgan. Oyatulloh HAMASdagi «Hizbulloh» va Erondan Isroilga bostirib kirishni talab qilayotganlarning ovozini o‘chirishni so‘ragan», deb yozadi Reuters.

Hafta qahramoni

17 noyabr kuni Janubiy Amerikada jahon chempionati saralashining 5-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Turning markaziy o‘yinlaridan birida o‘z maydonida Braziliyani qabul qilgan Kolumbiya ajoyib kambek qayd etib g‘alaba qozondi.

«Roberto Melendez Metropolitan» stadionida o‘tgan o‘yinda «Liverpul»ning kolumbiyalik hujumchisi Luiz Diaz ikkita gol urib Kolumbiyaga g‘alaba keltirdi. Futbolga qiziqmagan odam uchun oddiy o‘yin, lekin futbol olamiga begona bo‘lmaganlar bu qanchalik hissiyotlarga boy o‘yin bo‘lganini his qiladi.

Gap shundaki, yaqinda Luizning otasi Manuel Diasni jinoiy to‘da o‘g‘irlab ketib, asirlikda saqladi. Bu vaqt davomida futbolchi bir muddat «Liverpul» mashg‘ulotlarida qatnashmadi, butun futbol olami uni qo‘llab-quvvatladi. Vaziyatga mamlakat hukumati va armiya aralashdi. Qutqaruv operatsiyasini Kolumbiya maxsus kuchlari polkovnigi Jyeovanni Kristancho boshqardi. Jinoiy guruh armiya kuchlari chekingach, Diasning otasi qo‘yib yuborilishini aytdi va u 12 kunlik asirlikdan keyin oilasi bag‘riga qaytdi.

17 noyabrdagi Braziliyaga qarshi o‘yinni katta Dias stadiondan turib kuzatdi. O‘g‘li 5 daqiqa ikkita gol urgach esa o‘yin rejissyorlari katta ekranda tribunada o‘tirgan va o‘zini yig‘idan tiya olmayotgan Manuel Diasni ko‘rsatishdi. Shu tariqa, avvalo butun dunyodan otasini qutqarishga yordam so‘ragan, keyin esa Braziliyani bir o‘zi nokautga uchratgan Lusi Dias farzandlik burchini a’lo darajada bajardi.

 

Mavzuga oid