Insoniyat uchun urushlar, qimmatchilik va xaos ko‘rinishida sinovlarga boy bo‘lgan 2023 yilning oxirgi oyi boshlandi. Bo‘lib o‘tayotgan voqealar, mas’uliyatsiz dunyo yetakchilarining bayonotlariga qaraganda keyingi yil ham tinch o‘tadiganga o‘xshamayapti. Quyida ortda qolayotgan haftaning ba’zi muhim voqealarini yodga olamiz.

Yo‘qotish

Henri Kissenjyer. Dunyo siyosatiga befarq bo‘lmaganlar uchun bu nom ko‘p narsani anglatadi. Bugun dunyo go‘yoki ikkiga bo‘lingan, katta davlatlar bir-biriga dushman bo‘lgan. Kissenjyer mana shunday zamonda ham vafoti uchun barcha gigant davlatlar hamdardlik bildiradigan darajada buyuk inson edi.

Bo‘lajak siyosatchi 1923 yil Bavariyaning Fyurte shahrida yahudiylar oilasida tug‘iladi. Fashistlar ta’qibidan qochgan oila Nyu-Yorkka yo‘l oladi va Kissenjyer okean ortida avval o‘z hayotini, keyin esa unutilmas siyosatchilik davrini boshlaydi.

Tabiiyki nemis tilini mukammal bilgan 20 yoshli yigitcha 1943 yil ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh armiyasiga jalb etilib, razvedka guruhiga joylanadi. Urushdan keyin Germaniyani yaxshi bilgani uchun olmon yerlarida denatsifikatsiya operatsiyalarida razvedkachi sifatida qatnashadi.

Kissenjyer AQSh tarixidagi eng murakkab turg‘unlik davrida mamlakatning eng muhim diplomati sifatida faoliyat olib borgan. Uottergeyt mojarosidan keyin mamlakat tarixida iste’foga chiqqan yagona prezidentga aylangan Richard Nikson Oq uy rahbarligiga kirishishi bilan Kissenjyerni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlaydi.

Keyinchalik siyosatchiga AQSh davlat kotibi lavozimi ishonib topshiriladi. Qizig‘i, Kissenjyer bu lavozimni keyingi prezident Jyerald Ford vaqtida ham saqlab qoladi. Bunaqasi AQSh siyosatida boshqa takrorlanmagan.

Kissenjyer nomini tarixdagi uchta muhim voqea bilan bog‘lashadi. U 4 yil davom etgan murakkab muzokaralardan keyin Viyetnamda urush tugashiga, ikkiga bo‘lingan mamlakat mustaqil saylovlar orqali birlashishi borasida kelishuv imzolanishiga erishadi. 70-yillardagi deyarli mavjud bo‘lmagan AQSh – Xitoy munosabatlari aynan Kissenjyerning sa’yi harakatlari bilan iliqlashadi.

Ko‘p o‘tmay diplomat AQSh va SSSR munosabatlari iliqlashishiga ham erishadi. Uning harakatlari evaziga Nikson SSSRga rasmiy tashrif bilan borgan ilk AQSh prezidentiga aylanadi. Ikki davlat dushmanchiligi keyinchalik Rossiya – AQSh ko‘rinishida davom etgan bo‘lsa-da, Kissenjyer doim ruslar uchun hurmatli diplomat bo‘lib qoldi.