Umrimizning yana bir haftasi ortda qoldi. Bugundan boshlab har yakshanba kuni dunyoda hafta davomida sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni yodga olamiz.
HAMAS va Isroil kelishuvi
Haftaning eng muhim voqeasi Isroil va HAMASning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani bo‘ldi. Bu jarayon juda qiyin kechdi, HAMAS-ku ancha avval sulhga roziligini bildirgandi, lekin Isroil tomoni uni imzolashni cho‘zib yubordi, xuddi yangi bandlar qo‘shayotgandek. Ammo oxir-oqibat o‘sha eski, o‘tgan yil 27-mayda Bayden tomonidan taklif etilgan kelishuv imzolandi.
Qatar bosh vaziri tomonlar kelishuvga erishgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa-da, Isroil keyingi uch kun davomida G‘azoda intensiv hujumlarni to‘xtatmadi. HAMAS sulh bo‘yicha kelishuvdan keyin ham Isroil hujumlari sabab 117 kishi halok bo‘lib, 300 ga yaqin odam yaralanganini ma’lum qildi. 17-yanvar kechga borib Isroil vazirlar mahkamasi kelishuvni tasdiqladi va endi bemalol aytsak bo‘ladi, G‘azodagi qirg‘inbarot tugaydi. Urushni to‘xtatmaslik va G‘azoni bosib olishni talab qilayotgan Smotrich va Ben Gvir kabi millatchilar alamdan sochini yulayotgan bo‘lsa kerak.
Demak kelishuvning birinchi bosqichida 33 isroillik asir qo‘yib yuboriladi. Evaziga Isroil G‘azodan chekinishni boshlaydi. Barchasi rejadagiday kechsa, 19-yanvar kuni sulh talablari bajarila boshlaydi va Isroil 50-kunga kelib G‘azodan bosqinchi armiyasini olib chiqadi. Kelishuv haqida batafsil video ham qilganmiz, uni ham ko‘rishni maslahat beramiz.
Koreya prezidenti «qamag‘da»
14-yanvar kuni tong sahar soat 04:20 da hali koreys qishloqlarida xo‘rozlar qichqirmay turib koreyalik 3 mingdan ortiq politsiyachi endilikda sobiq prezidentga aylangan Yun Sok Yolni qo‘lga olish uchun uning qarorgohiga shturm qilishdi. Esingizda bo‘lsa, dekabr oyi boshida prezident Yol mamlakatda yo‘q joydan harbiy holat e’lon qilib koresylar g‘azabiga uchragandi. Ko‘p o‘tmay parlament uni prezidentlikdan ketkazdi. 3-yanvarda ham politsiya uni qo‘lga olishga uringandi, lekin o‘shanda prezident qo‘riqchilari qattiq qarshilik qiladi. Politsiya qon to‘kilmasligi uchun operatsiyani qoldiradi.
14-yanvar kuni koreys mirshablar katta kuch bilan hujum qilishdi va yarim kunda mamlakatda xaos keltirib chiqargan prezidentni qo‘lga olib tergovga olib borishdi. Yun Sok Yol Koreya tarixidagi hali vazifasini bajarayotgan vaqtda mahkamaga tortilib hibsga olingan birinchi prezidentga aylandi. U aybini bo‘yniga olmayapti, lekin ishning borishiga qaraganda prezident Yun Sok Yol katta ehtimol bilan qamaladi.















