Jahon | 23:19 / 26.11.2023
15503
10 daqiqa o‘qiladi

Putinni eshitishmadi, G‘azoda diplomatiya, Argentinada «telba» prezident – hafta xorijiy dayjesti

Ortda qolayotgan hafta ham voqealarga boy bo‘ldi. G‘azoda asirlar almashildi, dunyo siyosatiga yana bir telba prezident kirib keldi. Qozog‘iston prezidenti To‘qayev esa Putin va boshqalarni ko‘p ham qo‘rqmaslikka chaqirdi. Quyida hafta davomida sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni eslaymiz.

Hafta voqeasi

Haftaning eng muhim voqeasi HAMAS va Isroil o‘ltasidagi vaqtincha sulh bo‘ldi. Tomonlar 4 kun davomida o‘t ochish rejimini to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishib olishdi. Kelishuvga ko‘ra, HAMAS 50 nafar asirni qo‘yib yuborishi, Isroil esa o‘z qamoqxonalarida saqlanayotgan 150 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi belgilandi.

25 noyabr kuni HAMAS 13 nafar isroillik, 12 nafar Tailand va 1 nafar Filippin fuqarosini ozod qildi. Ulardan 4 nafari yosh bola edi. HAMAS qo‘yib yuborgan asirlarning eng kattasi 78 yosh, eng kichigi 2 yoshda edi. Ular G‘azodan Rafah o‘tish punkti orqali Qizil Xoch jamiyati tez yordam mashinalarida Misrga olib o‘tildi va keyin Isroilga yo‘l olishdi.

Isroil esa mamlakat qamoqxonalarida muddat o‘tayotgan 39 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Ulardan 24 nafari ayollar, 15 nafari o‘smir yigitlar bo‘lgan. Falastinlik mahbuslar G‘arbiy sohildagi chegara punkti orqali Falastinga o‘tkazib yuborilgan.

Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida qo‘yib yuborilishi mumkin bo‘lgan 300 nafar falastinlik mahbus ro‘yxatini e’lon qildi. Ularning aksari yosh o‘g‘il bolalar bo‘lib, 40 foizi hali 18 yoshga ham to‘lmagan. Ro‘yxatda 33 nafar ayol ham bor. Isroil tomoniga ko‘ra asirlar almashinuvi doirasida ozod qilinadigan falastinliklarning hech biri odam o‘ldirishda ayblanmagan.

Falastin tomoniga ko‘ra, Isroil qamoqxonalarida 8000 nafargacha falastinlik saqlanmoqda. Ularning 3000 dan ortig‘i ma’muriy ish bilan qamalgan va nega qamoqqa olingani haqida ma’lumot ham berilmagan.

Hafta g‘olibi

Hafta boshida dunyodagi eng katta davlatlardan biri Argentinaga yangi prezident saylandi. Favqulodda radikal takliflarni ilgari surgan Xaviyer Miley 55 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab g‘olib bo‘ldi. U ovoz berish natijalariga ko‘ra hukmron koalitsiya vakili bo‘lmish iqtisodiyot vaziri Serxio Massani ortda qoldirdi.

«Arrali prezident» nomini olgan Mileyni bejizga bunday deb atashmaydi. U davlat xarajatlarini keskin kamaytirish kerak deb hisoblaydi. Miley madaniyat vazirligi, sport va turizm vazirligi, atrof-muhit vazirligi, ayollar, gender va xilma-xillik vazirligi, mehnat vazirligi mamlakat uchun ortiqcha boshog‘riq deb biladi. U Argentina hukumatida mavjud bo‘lgan 8 ta vazirlikni yopib, 11 ta vazirlik bilan mamlakatni bemalol boshqarish mumkin deb hisoblaydi.

Argentina yangi prezidenti mamlakat markaziy bankini yopib yuborish kerakligi, milliy valuta peso o‘rniga AQSh dollarini qabul qilish kerak ekanini aytdi. Miley mamlakat tashqi siyosatda AQShga yaqinlashishi, avvalgi hukumatning Rossiya tuzgan BRIKS tashkilotiga kirish uchun bergan arizasi esa qaytib olinishini aytdi. Shuningdek, Isroilni qo‘llashini ham yashirmadi.

Zelenskiyga suiqasd

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The Sun nashriga bergan intervyusida rossiyaliklar unga qarshi 5-6 marta suiqasd uyushtirganini aytdi.

The Sun Rossiya hukumatiga ishlagan ko‘plab ukrainaliklar mamlakat maxsus kuchlari tomonidan mashinasi portlatilib, minali tuzoqqa tushirilib yoki boshqa yo‘l bilan o‘ldirib yuborilgani haqida yozgan.

Jurnalist Zelenskiydan Ukraina Putinni o‘ldirish imkoni bo‘lsa, bundan foydanadimi, deb so‘ragan va siyosatchi savolga tasdiq javobini bergan: «Bu urush, Ukraina o‘z yerlarini himoya qilish huquqiga ega», degan Zelenskiy.

Kreml Zelenskiyning bu gaplariga munosabat bildirdi: «Esingizda bo‘lsa, ular bir necha marta Putinga suiqasd qilishdi, faqat so‘zda. Biz buni hisobga olamiz, lekin ular buni uddalay olmaydi», degan Putinning matbuot kotibi Peskov.

Xavotir

Xitoy shimolida yangi respirator virus keng tarqalib, bolalarni ommaviy ravishda qamrab olgan. JSST Xitoydan virus haqida ma’lumot berishni so‘ragan. Tashkilot 23 noyabr kuni Xitoydagi bolalar orasida noma’lum pnevmoniya o‘choqlari aniqlangani haqida ma’lumot berdi. Tashkilot hisobotida bir-biridan 500 mil uzoqda joylashgan shaharlardagi bolalar shifoxonalari bemor bolalar bilan to‘lib toshganiga e’tibor qaratgan.

Xitoy tomoni bunday kasallik ko‘payishini havo haroratining keskin pasayishi, kovid cheklovlarining olib tashlangani va ma’lum patogenlarning tarqalishi bilan bog‘lagan. JSST 2023 yil may oyida koronavirus pandemiyasi tugaganini e’lon qilgan va bu virus gripp va boshqa respirator infeksiyalar kabi mavsumiy kasallikka aylanishi aytilgandi.

Mashina Kanada chegarasiga yetib oldi

22 noyabr kuni Niagara sharsharasi yaqinidagi AQSh va Kanada chegarasida mashina katta tezlikda o‘tkazish punktiga borib urildi va portlab ketdi. Mashina ichidagi ikki kishi halok bo‘lgan. Voqeaga tezda Oq uy va Kanada bosh vaziri ofisida munosabat bildirishdi. Avvaliga bu terakt bo‘lishi mumkinligi hisobga olinib AQSh va Kanada chegarasidagi boshqa to‘rtta o‘tish punktlari ham yopib qo‘yilgandi. Ammo keyin bu baxtsiz hodisa bo‘lgani aytildi. Shunday bo‘lsa-da, Niagara sharsharasi atrofida nazorat kuchaytirildi.

Si va Jo Putinni eshitmadi

Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin urush boshlanganidan buyon ilk marta «Katta yigirmatalik» davlatlarining yig‘ilishida ishtirok etdi.

Bu gal sammit Hindiston raisligida onlayn videokonferensiya ko‘rinishida tashkil etildi. Putin chiqishi davomida navbatdagi marta Ukrainani tinchlik muzokaralaridan bosh tortishda aybladi, shuningdek, Yaqin Sharqdagi urush mavzusiga to‘xtaldi.

Ekspertlar katta sahnalarda ko‘rinmay qolgan Putin uchun Makron, Shols kabi siyosatchilar bo‘lgan yig‘ilishda onlayn bo‘lsa ham nutq so‘zlash muhim bo‘lganini ta’kidlashdi. Lekin eng asosiysi shundaki, Putin qatnashgan bu onlayn uchrashuvda yaqinda San-Fransiskoda ko‘rishgan Xitoy raisi Si Jingping va AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirok etishmadi.

«Agent» Kasyanov

Rossiya urushga qarshi gapirgan ruslarga nisbatan repressiv siyosatini davom ettirmoqda. Ushbu haftada Rossiya Adliya vazirligi «chet el agentlari» ro‘yxatini yanada uzaytirdi. Asosan jurnalist va faollar o‘rin oladigan bu ro‘yxatda endi Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov ham bo‘ladi.

Putin prezidentlikka kelgan dastlabki 4 yilda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Kasyanov mamlakat Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Rossiyani tark etgan. Siyosatchi urush boshidan buyon bosqinni qoralab keladi.

Pashinyan: qurollar qani?

Rossiya bilan munosabatlari tobora sovuqlashib borayotgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ruslar puli to‘langan qurollarni yetkazib bermaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, armanlar millionlab dollar to‘lab, ikki tomonlama shartnoma tuzgan, lekin qurollar yetkazib berilmagan. Pashinyan Rossiyaning o‘zi hozir qurolga muhtoj ekanini tushunishi, shu sabab muammoni boshqa yo‘l bilan hal qilishni taklif qildi. Masalan, Armanistonning Rossiya oldidagi qurollar uchun berilgan pul miqdoriga teng qarzidan voz kechishni.

«Jogorvud» gazetasining yozishicha, gap bir necha yil oldin savdo shartnoma imzolangan «Smerch» raketalari haqida ketmoqda. Nashrga ko‘ra, Rossiya bu qurollarni Ukrainadagi urush boshlanishidan avval tayyorlab bo‘lgan va Armanistondan uch martalab qurollarni olib ketishini so‘ragan. Ammo armanlar ombordagi qurollarni olib ketmagach, ularni Ukrainadagi urushda ishlatib yuborgan.

Qorabog‘ni boy bergan Armaniston bosh vazirida juda jiddiy siyosiy muammolardan tashqari kichik kommunal muammolar ham uchrab turibdi. Masalan, u hukumat vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazayotganda chiroq o‘chib qoldi.

To‘qayev qo‘rqmaslikka chaqirdi

Darvoqe, Pashinyan bu hafta Belarusda o‘tkazilgan KXShT yig‘ilishiga bormadi. Ozarboyjon bilan urushida Rossiya yordam bermaganidan qattiq xafa bo‘lgan Pashinyan Moskva bo‘lgan barcha tashkilotlardan chiqib ketmoqchi bo‘layotgandek harakat qilmoqda. Ammo KXShT yig‘ilishiga borganda ham Pashinyan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevdan o‘tkazib nimadir deya olmasdi. Qo‘shni davlat yetakchisi ushbu xavfsizlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan davlat rahbarlariga xuddi qo‘rqayotgandek doim qandaydir xavflar haqida gapirmaslikni maslahat berdi.

Mavzuga oid