O‘zbekiston | 22:11 / 20.11.2023
9920
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro moliya institutlari 7 yilda O‘zbekistonga 16 mlrd dollar ajratgani ma’lum qilindi

Bu mablag‘lar hisobidan 103 ta loyiha ishga tushirilib, 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilangan. Prezident ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan bir qator loyihalar kechikayotganiga e’tibor qaratdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

20 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalarning soni ham, ko‘lami ham kengayib bormoqda. Xususan, oxirgi 7 yilda shunday institutlar mablag‘lari hisobidan 16 milliard dollar o‘zlashtirildi. 103 ta loyiha ishga tushirildi.

Bularning natijasida 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga ta’sir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurildi va ta’mirlandi. 38 ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.

Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalar hisobiga, sohalarga yangi texnologiyalar, zamonaviy yondashuvlar ham kirib kelyapti.

Lekin, hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy yilda 238 million dollar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Bu mo‘ljaldan ancha kam.

Umuman, so‘nggi yillarda sohaga 2,4 milliard dollar jalb qilinib, shundan 1,3 milliard dollari o‘zlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligida 877 million dollarlik 11 ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtimizning Yashnobod tumanida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari bo‘yicha investitsiya o‘zlashtirish boshlanmagan.

“O‘zsuvta’minot” tarmog‘ida qiymati 2,1 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8 ta loyihaning o‘z vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor.

Bu ko‘p hollarda loyiha guruhlari faoliyati bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari loyihalar bajarilishida vazirlarning mas’uliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablag‘larni samarali ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilar yil yakunigacha va 2024 yilda ishlarni jadallashtirib, kechikishlarni bartaraf etish, loyihalarni sifatli bajarib, natijasini ta’minlash bo‘yicha axborot berdi.

Mavzuga oid