Jahon | 11:44 / 20.11.2023
18030
4 daqiqa o‘qiladi

Yamanlik isyonchilar Qizil dengizda kemalardan birini egallab oldi

Isroil bosh vaziri husiychilarning Qizil dengizda kemani egallab olishi bilan bog‘liq voqea uchun mas’uliyatni Eron zimmasiga yukladi.

Foto: marinetraffic.com / Rolf Jonsen

Isroilning barcha kemalariga hujum qilish niyatini bildirgan Yamanning husiychi isyonchilari Qizil dengizdagi Galaxy Leader kemasini egallab oldi, deb xabar berdi 19 noyabr, yakshanba kuni Dubayning «Al-Arabiya» telekanali. Bu ma’lumot X ijtimoiy tarmog‘ida Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) tomonidan tasdiqlangan. «Kema Turkiyadan Hindistonga ketayotgandi, unda turli millatga mansub tinch fuqarolar bo‘lgan, lekin isroilliklar emas. Bu Isroil kemasi emas», - deyiladi TsAHAL bayonotida.

The Times of Israel nashrining yozishicha, husiychilar qo‘lga kiritgan kema Bahama orollari bayrog‘i ostida harakatlangan va qisman isroillik magnat Avraam Ungarga tegishli bo‘lgan, u Britaniya kompaniyasida ro‘yxatdan o‘tgan. Egallab olingan vaqtda kema yapon kompaniyasiga ijaraga berilgan. Turli manbalarga ko‘ra, kema bortida 52 kishi bo‘lgan. 

Oldinroq isyonchilar matbuot kotibi Yahyo Sariya Isroil shirkatlariga tegishli yoki boshqariladigan har qanday kema va Isroil bayrog‘i ostida suzuvchi barcha kemalarga hujum qilinishini aytgan edi. Bungacha Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilar Isroilga raketa va uchuvchisiz uchoqlarni uchirgan.

Netanyahu Eronni kemani egallab olishda aybladi 

The Times of Israel Qizil dengizda kemaning egallab olinishi munosabati bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasining bayonotini e’lon qildi. Unda yapon kompaniyasi tomonidan boshqariladigan Britaniya kemasi «Eronning xohishiga ko‘ra Yamandagi husiychi isyonchilar tomonidan qo‘lga olingani» aytilgan. Netanyahu idorasiga ko‘ra, kemada Ukraina, Bolgariya, Filippin va Meksikadan 25 nafar ekipaj a’zosi bor, biroq bortda isroilliklar bo‘lmagan. 

«Bu Eron terrorizmining navbatdagi harakati bo‘lib, u Eronning erkin dunyo fuqarolariga qarshi tajovuzkorligi kuchayishini ifodalaydi va global yuk tashish yo‘llari xavfsizligi bo‘yicha xalqaro oqibatlarga olib keladi», - deya qo‘shimcha qilingan bayonotda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 12 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid