O‘zining bu pozitsiyasini u 2022 yilda chop etilgan «Libertarian yo‘li» kitobida aks ettirgan va unda «siyosiy kasta» deb ataluvchilardan jamiyatning noroziligini baholash va qabul qilish yo‘llarini tasvirlagan.

Saylangan prezident, 53 yoshli iqtisodchi-roker ko‘p yillardan beri Argentina televizon dasturlarida balandparvoz va janjalli chiqishlari bilan omma diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotgan edi.

«Men bu jinoyatchilarni quvib solmoqchiman», qabilidagi gaplar bilan Miley tiyiqsiz inflatsiya kabi asosiy muammolarni hal etishni eplay olmayotgan an’anaviy siyosiy kuchlardan hafsalasi pir bo‘lgan yoshlar va o‘rta sinfning qo‘lloviga ega bo‘ldi.

Uning Markaziy bankni «portlatib yuborish», «jamoat ishlari»ga chek qo‘yish, subsidiyalarni qisqartirish va o‘qotar qurol olib yurishga ruxsat berish kabi va’dalari garchi libertariandan kutilayotgan narsalarga o‘xshab ketayotgan bo‘lsa-da, bu mojaroli siyosatchining boshqa bayonotlari shubhalanishga asos bo‘la oladi, deyiladi BBC maqolasida.

Libertarianlik g‘oyalari ingliz Jon Lokk kabi faylasuflarga borib taqaladi.

Libertarianlik nima?

Libertarianlik — bu siyosatdagi falsafiy oqim bo‘lib, «individual erkinlikni oliy siyosiy qadriyat» darajasiga ko‘taradi, — deb yozgan edi klassik libertarianlikni targ‘ib etuvchi xususiy tadqiqot va ma’naviyat markazi Katon institutining sobiq vitse-prezidenti Devid Boaz.

«Libertarian insonlarni ma’lum bir ishlashga majburlash, masalan, boshqa insonlarning erkinliklariga daxl qilishdan tiyish mumkinligini tan oladi. Biroq, libertarian uchun hattoki bu uning farovonligi uchun xizmat qilishi tayin bo‘lsa ham boshqalar uchun ishlashga majburlash aslo mumkin emas», — deya tushuntiradi Stenford universiteti falsafa ensiklopediyasi.

Bu oqim Yevropada XVIII asr o‘rtalarida boshlangan va XIX asr boshlarigacha davom etgan Ma’rifat harakatiga borib taqaladi.

Aynan o‘sha davrda fransuz Monteskyo, ingliz Jon Lokk va shotland Adam Smit azaliy, keyinchalik ustun mavqega ega bo‘lgan, bir guruh insonlarning meros huquqi yoki diniy sabablarga ko‘ra o‘z istaklarini boshqalarga joriy etishini shubha ostiga oluvchi nazariyalar va g‘oyalar ustida ish boshlashgan.