Jahon | 12:04 / 27.10.2025
1545
2 daqiqa o‘qiladi

Miley partiyasi Argentinadagi oraliq saylovlarda g‘alaba qozondi

Argentina Kongressiga o‘tkazilgan oraliq saylovlarda deyarli 100 foiz byulleten hisoblangandan so‘ng, prezident Xaver Miley rahbarligidagi Libertarian partiyasi kirgan o‘ng “Erkinlik ilgarilaydi” alyansi 40 foizdan ortiq ovoz oldi.

Foto: Rodrigo Abd/AP Photo/dpa/picture alliance

Yakshanba, 26 oktyabr kuni o‘tgan parlament oraliq saylovlarida Argentina prezidenti Xaver Mileyning Libertarian partiyasi tarkibidagi o‘ng alyans — “Erkinlik ilgarilaydi” — muhim g‘alabaga erishdi. Hukumat apparati rahbari Gilermo Frankoning ma’lum qilishicha, 97 foiz byulleten qayta ishlangan natijalarga ko‘ra, alyans 40,7 foiz ovoz to‘pladi.

Bundan tashqari, Miley partiyasi poytaxt Buenos-Ayresda, shuningdek Kordova va Santa-Fe provinsiyalarida g‘alaba qozondi. Uzoq yillar davomida Buenos-Ayres ultraliberallarning asosiy raqibi — sobiq prezident Kristina Fernandes de Kirshner boshchilik qilgan markazchi-so‘l qanot “Vatan kuchi” koalitsiyasining tayanch hududi hisoblanardi. Oraliq saylovlar natijasiga ko‘ra ushbu koalitsiya 31,6 foiz ovoz oldi.

Oraliq saylovlar Miley uchun taxminan ikki yil avval lavozimga kirishganidan va qattiq tejamkorlikka qaratilgan radikal siyosatni boshlaganidan beri birinchi sinov sifatida baholanmoqda.

“Bugun biz burilish nuqtasiga yetdik. Bugun buyuk Argentina qurilishi boshlanadi”, — dedi 55 yoshli prezident Buenos-Ayresdagi saylovoldi tadbirida o‘z tarafdorlari oldida. U “Argentina tarixidagi eng islohotchi Kongress” bilan allaqachon boshlangan qattiq tejamkorlik kursini davom ettirishga va’da berdi.

Oraliq parlament saylovlarida palatadagi 257 o‘rinning yarmi va Senatdagi 72 o‘rinning uchdan biri qayta taqsimlandi. Miley partiyasi shu paytgacha har ikki palatada kamchilikda edi. Saylovlardan so‘ng Mileyning aytishicha, partiyasi o‘rinlarni uch barobardan ko‘proq oshirib, endilikda palatada 37 o‘rin o‘rniga 101 o‘rinni, Senatda esa olti o‘rin o‘rniga 20 o‘rinni egallaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid