Jahon | 12:22 / 22.11.2023
5466
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya G‘azo sektori bo‘yicha Moskvadagi uchrashuv haqida e’lon qildi

Yetti davlat vakillaridan iborat aloqa guruhi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va gumanitar yordam ko‘rsatish ustida ishlamoqda, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan.

Foto: AP

Yetti davlat vakillaridan iborat aloqa guruhi: Turkiya, Indoneziya, Nigeriya, Iordaniya, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasidagi urushda o‘t ochishni to‘xtatishga intilish niyatida. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanning bayonotida aytilgan, u Turkiyaning Star gazetasi tomonidan 21 noyabr, seshanba kuni keltirildi.

«Guruhning asosiy maqsadi tezda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami jo‘natishdir», - deya Turkiya TIV bayonotidan iqtibos keltirgan Reuters. Ta’kidlanishicha, aloqa guruhi 11 noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma sammitida tuzilgan. 

Ushbu guruhning birinchi yig‘ilishi 21 noyabr kuni Pekinda, keyingi yig‘ilishi esa 22 noyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi. Turkiya diplomatiyasi rahbari Xoqon Fidan ta’kidlashicha, Anqara Yaqin Sharqdagi mojaro ikki davlat mavjudligini ta’minlash qarori bilan tugatilishi uchun bor kuchini sarflaydi. 

20 noyabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi 21 noyabr kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, elchi Burak Akchapar hamda Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Sergey Vershinin va Aleksandr Grushko ishtirokida «ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar bo‘yicha» Rossiya bilan siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish rejasini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 12 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid