Jahon | 20:36 / 22.11.2023
6356
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy o‘ziga 5-6 marta suiqasd uyushtirilganini aytdi

U shuningdek Putinni o‘ldirish imkoniyati tug‘ilsa, Ukraina bundan foydalanishini aytgan.

Foto: The Sun

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyaliklar unga qarshi 5-6 marta suiqasd uyushtirganini ma’lum qildi. Ukraina yetakchisi bu haqda The Sun bilan suhbatda gapirgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, unga qarshi suiqasdlarning faqat birinchisi vahimali bo‘lgan: «Birinchisi qiziqarli bo‘lgan, faqat birinchisi bo‘lgani uchungina. Keyin esa kovid kabi o‘tib ketadi. Razvedka navbatdagi guruh suiqasd uchun Ukrainaga kirganini aytadi, bo‘ldi», degan u.

Zelenskiy unga qarshi suiqasdlarga Ukraina tomoni javob bergani yoki bermaganiga aniqlik kiritmagan. Ammo The Sun Rossiya hukumatiga ishlagan ko‘plab ukrainaliklar mamlakat maxsus kuchlari tomonidan mashinasi portlatilib, minali tuzoqqa tushirilib yoki boshqa yo‘l bilan o‘ldirib yuborilgani haqida yozgan.

The Sun jurnalisti Zelenskiydan Ukraina Vladimir Putinni o‘ldirish imkoni bo‘lsa, bundan foydanadimi, deb so‘ragan va u savolga tasdiq javobini bergan: «Bu urush, Ukraina o‘z yerlarini himoya qilish huquqiga ega», degan Zelenskiy.

Kreml Zelenskiyning bu gaplariga munosabat bildirdi. «Esingizda bo‘lsa, ular bir necha marta Putinga suiqasd qilishdi, faqat so‘zda. Biz buni hisobga olamiz, lekin ular buni uddalay olmaydi», degan Putinning matbuot kotibi Peskov.

Mavzuga oid