Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulhning kuchga kirish sanasi ma’lum bo‘ldi
Otashkesim haqidagi kelishuv 24 noyabrdan amal qiladi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otashkesim haqidagi kelishuv 24 noyabr (juma) kuni soat 7:00 dan (Toshkent vaqti bilan 10:00) kuchga kiradi. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vazirligiga tayanib Interfax xabar berdi.
Qayd etilishicha, HAMAS garovga olinganlarning dastlabki 13 nafarini soat 16:00 da qo‘yib yuboradi. Biroq shu kuni Isroil tomonidan qancha falastinlik mahbus ozod etilishi haqida ma’lumot berilmagan.
HAMAS 24 noyabrda to‘rt kunlik sulh boshlanishini tasdiqladi.
«To‘rt kun ichida garovga olingan 50 kishi ozod qilinadi», deyladi Izzaddin al-Qassam brigadalari bayonotida.
O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’muriyati HAMAS tomonidan garovga olinganlarning dastlabki ro‘yxatini olganini, ular juma kuni ozod etilishini ma’lum qildi. Bu masalaga mas’ul Isroil rasmiylari ro‘yxatni tekshirmoqda va unga kiritilgan fuqarolarning yaqinlari bilan bog‘lanmoqda.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida garovga olingan 237 nafar fuqarodan 50 nafar ayolni va bolani ozod qiladi. O‘z navbatida, Isroil 150 nafar falastinlik mahbusni, jumladan ayollar va voyaga yetmaganlarni qamoqdan ozod qilishi aytilgan. Mahbuslar garovga olingan isroilliklar mamlakatga qaytganidan keyingina ozod qilinadi.
Garovga olinganlarning G‘azo sektorini tark etishi uchun to‘rt kunlik sulh joriy etiladi, bu kelishuvning birinchi bosqichi bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda sulh muddati uzaytirilishi mumkin. Jumladan Isroil kelishilgan 4 kunga garovdan ozod qilingan har o‘n nafar fuqarosi uchun 1 kun qo‘shib berishga tayyor.
Kelishuv tufayli garovdagi jami 100 nafar isroillik va 300 nafar falastinlik mahbus ozod etilishi mumkin. Kelishuvga ko‘ra, sulh 10 kundan ortiq davom etishi mumkin emas.
Shuningdek, kelishuv doirasida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami oqimi ko‘paytiriladi.
Mavzuga oid
22:56 / 15.11.2024
Hamas korpusi Qatardan ketadimi? Qaysi davlatga?
20:37 / 15.11.2024
Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV
08:08 / 14.11.2024
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
20:47 / 12.11.2024