O‘zbekiston | 14:55 / 27.11.2023
5242
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Italiya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatning Qishloq xo‘jaligi ilmiy tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashi (CREA) bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi.

Foto: Kun.uz

«Dunyo» xabariga ko‘ra, tadbirda Italiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) vakillari ishtirok etdi.

Asosiy maqsad qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga qaratilgan xorijiy ilmiy yondashuv va tajribalar bilan tanishish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda italiyalik olimlar tomonidan ushbu mamlakatning agrar siyosati va ilmiy loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Global iqlim o‘zgarishining oqibatlari va ularni bartaraf etish borasida qo‘llanilayotgan choralar hamda ilmiy izlanishlar to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.

Italiyada yer degradatsiyasi, tuproq sho‘rlanishi va eroziyasi, suv tanqisligi, o‘simliklar kasalliklari kabi muammolar dolzarb masalaga aylanayotgani ta’kidlandi. Shu bois, qishloq xo‘jaligi ekinlarini tuproq-iqlim sharoitiga ko‘ra joylashtirish, barqaror tuproq boshqaruvini joriy qilish va mahsulotlarni yetishtirishda ilmiy yondashuv alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Tadbir yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashda investitsiya loyihalari doirasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Mavzuga oid