O‘zbekiston | 18:54 / 28.11.2023
10489
4 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 3 yilda qariyb 30 nafar fuqaro oltin qazib olish jarayonida halok bo‘ldi – Senat 

Oliy Majlis Senatida yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olish bilan bog‘liq jarayonlar muhokama etildi. 

Foto: Navoiy viloyati FVB

Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida so‘nggi 3 yilda qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lumot berildi. 

28 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati muhokama etilgan. Majlisda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ul rahbar xodimlarining axboroti eshitilgan. 

Qayd qilinishicha, oltin va qimmatbaho metallarni qonuniy qazib olishning afzalliklari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan yilga ko‘paymoqda. 

2020 yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 463 tani, 2022 yilda esa qariyb 1500 tani tashkil qilgan. 

Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida 2021–2022 va 2023 yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan. 

Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilish holatlari mavjud. 

Shu bilan birga, tarkibida oltin va qimmatbaho metallar bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 702-moddasi bilan qo‘llaniladigan jarima miqdori kam belgilanganligi ham mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlanmoqda. Jumladan, bugungi kunda 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holati takroran sodir etilgan. 

Bundan tashqari, «NKMK» AJ, «OKMK» AJ va boshqalar tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karerlar atrofi o‘rab olinib, qo‘riqlanishi ta’minlanmagan. 

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy ekspeditsiyalari tomonidan shaxta va shtolnyalarni loyiha bo‘yicha ish tugatilgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda to‘liq yopish choralari ko‘rilmagan, bu esa mazkur hududlarda oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olayotgan fuqarolarga noqonuniy qazib olish ishlarini olib borishga sharoit yaratmoqda. 

Muhokamalardan so‘ng Qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasiga mutasaddi vazirlik va idorlarni jalb qilgan holda sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. 

Mavzuga oid