O‘zbekiston | 16:13 / 29.11.2023
14148
5 daqiqa o‘qiladi

To‘rt viloyatda qattiq maishiy chiqindi sohasidagi xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi

Andijon, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqib ketish tariflari oshdi.

Foto: Kun.uz

Xalq deputatlari Toshkent Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari kengashlarining navbatdagi sessiyalarida viloyatlar hududlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini tartibga solish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu borada davlat rahbarining «Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4845-sonli qarori hamda «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 95-sonli qarori ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga muvofiq, sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, investitsiya majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish hamda sohada yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlash maqsadida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholi daromadi va turmush darajasini inobatga holda yangi to‘lov tariflari tasdiqlanishi ilgari surildi.

Yagona to‘lov tariflarini ko‘rib chiqishda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi ishchi organ etib belgilangan. Ishchi organ tomonidan o‘tkazilgan tahlillariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravar, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgani aniqlangan.

Biroq, respublikada qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagani natijasida sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning 2022 yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari xulosasiga ko‘ra Xalq deputatlari viloyatlar kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan davlat xususiy sheriklik loyihasi ishtirokchilari tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun:

  • Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4400 so‘m (yuridik shaxslar uchun 61 000 (68 320 QQS bilan) so‘m) to‘lov miqdori;
  • Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 90 000 so‘m (QQS bilan), viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4129 so‘m, yuridik shaxslar uchun 59 693 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori;
  • Farg‘ona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m, tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m to‘lov miqdori;
  • Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 3500 so‘m va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori belgilandi.

Hozirda respublikaning boshqa viloyatlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Mavzuga oid