Jahon | 11:40 / 29.11.2023
10229
5 daqiqa o‘qiladi

«Vajnyye istorii»: Rossiyada ayollar XHK hujumkor otryadlariga yollanyapti

Ukrainada jang qilayotgan «Redut» XHK ayollar bilan shartnoma imzolayapti. Ularga ham snayper, ham hujumkor jangchi bo‘lish taklif etilyapti.

Foto: Picture Alliance

Rossiyaning «Espanola» harbiy tuzilmasi ayollarni hujumkor jangchilar, snayperlar, shifokorlar, aloqachilar hamda UUA va REU bilan bog‘liq bo‘linmalarda harbiy xizmatga shartnomalar tuzishga taklif qilyapti, deb yozadi 28 noyabr, seshanba kuni «Vajnyye istorii» nashri. U noyabr oyi o‘rtalarida «Espanola» Telegram-kanalida e’lon qilingan tuzilma a’zolaridan birining mukofotlanishi haqidagi postga e’tibor qaratdi. Post matniga ko‘ra, «Groza» chaqiruv belgisi bo‘lgan ayol «Espanola»da «maxsus razvedka guruhi jangchisi» va Ukrainadagi jangovar harakatlarda, shu jumladan Rossiya kuchlarining Baxmutni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyalarida o‘t o‘chish jarayonini muvofiqlashtiruvchi sifatida qatnashgan

«Vajnyye istorii» jurnalisti «Espanola» Telegram-kanalining ma’murlaridan biri bilan bog‘lanib, yollanishga qiziqayotganini bildirgan. «Birinchi shartnoma - 6 oy. Ulardan 1-2 tasi - mashg‘ulot va muvofiqlashtirish. Bu vaqt uchun - 110-120 ming rubl. Keyinchalik jangovar zonada [operatsiyalarda] bu miqdor x2 [ikkiga ko‘paytiriladi]. Ikkinchi shartnomani ham tuzish mumkin - 3 oydan, alohida muhokama qilinadi», - deya ma’murning javobidan iqtibos keltiradi nashr.

«Espanola» vakilining so‘zlariga ko‘ra, shartnoma tuzilmani o‘z ichiga olgan «Redut» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) bilan imzolanadi. Telegram-kanal ma’muri Rossiya Mudofaa vazirligining shartnomalarni Ukrainadagi urush tugaguniga qadar avtomatik ravishda uzaytirish haqidagi buyrug‘i «Espanola»ga taalluqli emasligini ma’lum qildi. 

«Espanola» - rossiyalik futbol fanatlari, shu jumladan o‘ng radikal qarashlari bo‘lganlar tomonidan tashkil etilgan tuzilma. U kamida 150 kishini o‘z ichiga oladi. Dastlab, «Espanola» o‘zini «ko‘ngillilar bo‘linmasi» sifatida ko‘rsatdi, keyin u bir muncha vaqt «DXR» deb nomlangan hudud qurolli kuchlariga qo‘shildi, shundan so‘ng «Redut» XHK nazoratiga o‘tdi. «Redut», ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukrainadagi urushda qatnashgan turli xil harbiy tuzilmalar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘ziga xos «qatlam» bo‘lib xizmat qiladi.

Avvalroq «Vajnyye istorii» «Redut»ga bo‘ysunuvchi yana bir tuzilma, ya’ni «Borz» ko‘ngillilar bataloni» ayollarni jalb qila boshlagani, unda ayollar snayperlar va dron operatorlari sifatida ishtirok etishga taklif qilinganini aniqlagandi.

Rossiyada urushda qatnashish uchun qamoqda bo‘lgan ayollar ham yollanyapti

«Rus sidyashchaya» inson huquqlari loyihasi asoschisi Olga Romanova bir necha bor Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari Ukrainadagi urushga jo‘natish uchun qamoqda bo‘lgan ayollarni yollayotganini ta’kidlagan. Bu haqda birinchi xabarlar 2023 yil bahorida paydo bo‘lgan - o‘sha paytda, Romanova va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina sobiq hududlaridagi koloniyalarda yollash kuzatilgan. 

Keyinchalik, qamoqxonalarda ayollarni ommaviy yollash Rossiya hududida ham amalga oshirila boshlandi, deb xabar qilgan Romanova va bir qator ommaviy axborot vositalari. Misol uchun, avgust oyida jurnalistlar Lipetsk viloyati Novouglyanka shahridagi IK-7 koloniyasida yollangan mahkumalarning qarindoshlari bilan suhbatlashgan - ularga ko‘ra, ayollar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. 

Shu bilan birga, Romanovaning fikriga ko‘ra, «qamoqxonadagi ayollar tashviqotga juda moyil» va erkaklarga qaraganda ko‘proq jangga boryapti. 

Rossiyada mahkumlarni armiyaga chaqirishga rasman ruxsat berilgan

2023 yil iyun oyida Rossiya hukumati qamoqxonadagi fuqarolarga safarbarlik, harbiy holat va urush davrida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnomalar tuzishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. 

Noyabr oyida Rossiya hukumati tergov izolyatorlari va qamoqxonalardagi mahkumlarni «maxsus harbiy ro‘yxatga olish»ga qaror qildi. Shu bilan birga, mahkumlar tibbiy ko‘rikdan yoki psixolog tekshiruvidan o‘tmaydi - ma’lumotlar ularning shaxsiy ishtirokisiz kiritiladi va yiliga kamida bir marta yangilanadi. 

Bunday ma’lumotlarni to‘plash maqsadlari oshkor etilmagan. Ilgari Rossiyada mahbuslar harbiy ro‘yxatga olinmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid