«PSJ»ni hakam qutqardi, «Barsa» nihoyat guruhdan chiqdi. YeChLda kun o‘yinlari
Yana to‘rt jamoa guruh masalasini muddatidan oldin hal qildi. Chempionlar ligasida seshanba oqshomida o‘tkazilgan 5-tur uchrashuvlari, o‘yinlardagi gollar va guruhlardagi vaziyat.
F guruhi
Mbappe yevrokuboksiz qolishi mumkin edi
«PSJ» — «Nyukasl» 1:1
Gollar: Mbappe (90+8, penalti) — Isak (24).
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Shkrinyar, Pereyra (Ramush, 85), Ernandes, Ruis, Ugarte (Vitinya, 62), Li Kan In (Asensio, 82), Dembele, Mbappe, Kolo-Muani (Barkol, 62).
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Livramento, Gimaraes, Mayli, Almiron, Joelinton, Gordon, Isak.
Ogohlantirishlar: Joelinton (22), Ugarte (36), Li (54), Dembele (58), Shkrinyar (60), Donnarumma (72), Almiron (83), Poup (90+1), Ramush (90+5).
Angliyada Fransiya chempionlari sharmandali hisobda mag‘lubiyatga uchragan: 2-turda «Nyukasl» to‘rt hujumchi bilan tushgan raqib darvozasiga to‘rt gol yo‘llagandi (4:1).
Javob uchrashuvida Luis Enrike avantyuradan tiyildi, lekin bir necha syurprizlarni ko‘rish mumkin edi: mudofaa markazida Pereyra paydo bo‘ldi, o‘rta chiziqda esa hali YeChLda startda tushmagan — Li Kan In. «Nyukasl» dam olish kunlarida «Chelsi»ni tor-mor etgan tarkibni tushirdi. Lekin bu u qadar qo‘rqinchli bo‘lib ko‘rinmaydi — jarohatlar epidemiyasi tufayli yosh havbek Mayli ilk daqiqalardan o‘ynadi, mehmonlar zaxira o‘rindig‘ida esa maydonda o‘ynovchi besh futbolchi bo‘lib, ularning aksari 20 ga ham chiqmagan.
«PSJ» kutilganidek hujumkor boshladi: Li va Ruisda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, Mbappe esa tovoni bilan gol urishga harakat qildi, ammo Poup bunga yo‘l qo‘ymadi. «Nyukasl» esa Isakning zarbasi bilan javob qaytardi.
Birinchi davradagi o‘yinda parijliklar o‘yinning 70 foiz vaqtida to‘pga egalik qilgan, ammo yirik mag‘lubiyatga uchragandi. Bu safar ham «PSJ» pozitsion hujumlar uyushtirishi, «Nyukasl» — qarshi hujumlardan omadini izlashi ko‘rinib turgandi. Ammo «qarg‘alar»da Tino Livramento qiyofasidagi maxfiy qurol ham borligi ayon bo‘ldi.
Ushbu chap qanot himoyachisining qanotdan markaz bo‘ylab o‘ng qanot tomon yurish qilib borishi mezbonlarni dog‘da qoldirdi, uning hujumi Almironning zarbasi bilan davom etdi, Donnaruma qaytargan to‘pga Isak birinchi bo‘lib yetib keldi.
«Nyukasl» hisobga o‘ynashni yaxshi biladi va buni ko‘p bor namoyish etgan. Mehmonlar pressingdan voz kechishdi va 4-5-1 sxemasida zich himoyalana boshladi.
Lekin parijliklar baribir vaziyatlar yaratishdi: tanaffusdan oldin Dembelening zarbasini himoyachi Sher to‘sdi, undan keyin Usmon Poupning hushyorligini sinovdan o‘tkazdi. «Nyukasl» darvozaboni shu kuni o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi — 65-daqiqada Barkolaning yaqin masofadan bergan zarbasini qaytargan kadri hali internetda ko‘p aylanadi.
Taxminan 60-daqiqadan keyingi futbol bir darvoza tomon bo‘ladigan o‘yinlarni eslatib yubordi — «PSJ» «Nyukasl»ni jarima maydoniga qamab qo‘ydi, ammo Eddi Hau jamoasi bunga to‘la tayyor bo‘lib chiqdi va tartibli himoyalandi. Vaqt o‘tgan sayin parijliklar asabiylashib, penalti so‘rashga tushib ketishdi, o‘yin oxiriga borib vaziyatlar yaratilmay qo‘ydi. Birgina Mbappening o‘zi ikkitalik imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini Poup devori to‘sdi, takroriy zarba xato ketdi.
Parijni ikkinchi bo‘limga sakkiz daqiqa qo‘shib bergan va bu daqiqalarning beshinchisida mehmonlar darvozasiga penalti qo‘ygan polshalik hakam Marchinyak qutqardi, Mbappe esa bu safar imkoniyatdan foydalandi — 1:1.
«Milan» — «Borussiya» D 1:3
Gollar: Chukvuyeze (37) — Roys (10, penalti), Baynu-Gittens (59), Adeyyemi (69).
Aniq ijro etilmagan penalti: Jiru (8).
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Tiav (Krunich, 53), Ernandes, Loftus-Chik, Pulishich, Adli (Yovich, 77), Reynders, Chukvueze (Traore, 77), Jiru.
«Borussiya» D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek (O‘zjan, 55), Bensebayni, Roys (Brandt, 79), Zabitser, Jan, Malen (Adeyyemi, 55), Baynu-Gittens (Volf, 66), Fyullkrug.
Ogohlantirishlar: Tomori (67), Jan (90+6).
To‘rt turdan keyin guruh peshqadami bo‘lib turgan «Borussiya» o‘yin startidayoq Shlotterbek to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani tufayli penaltidan gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo Kobel Jiruga qarshi duelda ustun keldi. Bir necha daqiqa o‘tib esa Roys «nuqta»dan qanday foydalanish lozimligi bo‘yicha saboq berdi. 11 metrlik jarima zarbalarini qaytarish bo‘yicha mutaxassis Menyan to‘p yo‘nalishini topgani ham «Milan»ga yordam berolmadi.
Penaltiga sababchi bo‘lgan Kalabriya bo‘lim oxirida aybini yuvib, Chukvuezeni oldinga tashladi, nigeriyalik vinger esa rikoshet yordamida to‘pni darvoza to‘riga joylashtirib, «Milan»dagi ilk golini nishonladi.
Ammo bu «Milan»ning o‘yindagi yagona goli bo‘lib qoldi, ikkinchi bo‘limda tarkibdagi muammolar o‘zini ko‘rsatdi, hujum chizig‘ida Rafael Leauning yo‘qligi bilindi. Himoyada Tshau jarohatlanib, uning o‘rniga yarimhimoyachi Krunichni tushirishga to‘g‘ri kledi. Mehmonlar esa bundan foydalanishdi.
Fyullkrug va Zabitser uyushtirgan kombinatsiyani birinchi golda penalti ishlagan Bayno-Gittens yakunlab qo‘ydi. O‘n daqiqa o‘tib Menyan Adeyyemining zarbasini qaytarishda ishonchsiz harakat qildi. «Rossonerilar» zarbalar bo‘yicha ustunlikka erishdi – 17:11, ammo darvoza sohasiga aniq yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 4:4).
Yakunda «Borussiya» guruh masalasini hal qildi va so‘nggi turda «PSJ»ning taqdiri nemislarga bog‘liq. Parijliklar Germaniyada mag‘lubiyatga uchrasa, «Nyukasl» — «Milan» o‘yini g‘olibi guruhdan chiqadi. So‘nggi turda bu ikki jamoa o‘zaro durang o‘ynasa, to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgan Eddi Hau shogirdlari Yevropa ligasiga yo‘l oladi.
13 dekabr. «Borussiya» D – «PSJ», «Nyukasl» – «Milan»
H guruhi
«Benfika» tarbiyalanuvchilarining gollari
«Barselona» — «Portu» 2:1
Gollar: Kanselu (32), Feliks (57) — Pepe (30).
«Barselona» – Penya, Arauxo, Martines, Kunde, Kanselu (Balde, 82), Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri, Rafinya (Yamal, 90), Feliks (Torres, 75), Levandovski.
«Portu» – Koshta, Mariu (Sanches, 67), Pepe, Kardozu (Namaso, 90), Sanusi, Eushtakiu (Gonsales, 81), Varela, Pepe, Torimiy, Evanilson (Konseysau, 81), Galeno (Martines, 90).
Ogohlantirishlar: Kardozu (36), de Yong (37), Mariu (57), Felish (59), Pepe (74).
«Shaxtyor»ning «Antverpen» ustidan g‘alabasi nafaqat belgiyaliklarning yevrobahorsiz qolishini kafolatladi, balki «Barselona» va «Portu»ga maksimal darajada motivatsiya berdi. Ayniqsa kataloniyaliklarga, jamoa bu turda mag‘lubiyatga uchrasa, so‘nggi tur yakunlariga ko‘ra 12 ochko bilan ham Yevropa Ligasiga yo‘l olishga majbur bo‘lishi mumkin edi.
Ko‘k-anorranglilar esa o‘yin boshidan katta bosim ostida qolishdi. Toremiyning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo ko‘p o‘tmay «Portu»ning navbatdagi hujumi Pepe Akinoning qaytgan to‘pni darvozaga kiritib yuborishi bilan yakunlandi. Mezbon jamoa muxlislari qattiq zarbaga uchrashdi, ammo ko‘p o‘tmay Joau Kanselu hujumkorlik fazilatlarini yana bir bor namoyish etdi. Ammo shuning o‘zi yetarli emasdi. Keyingi hujumlarda Pedri va Rafinya gol ura olmagach, tanaffus arafasida faqat Inyaki Penyaning seyvi «Barsa»ni navbatdagi yoqimsizlikdan qutqarib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda esa boshqa bir portugaliyalik ko‘k-anorranglilar so‘nggi uch mavsumda ilk bor pley-offga chiqishini ta’minladi. E’tiborli jihati, «Portu»ni ichki chempionatdagi azaliy raqibi bo‘lmish «Benfika» tarbiyalanuvchilari jazolashdi, estafeta tayoqchasi Kanseludan Joau Feliksga o‘tdi. Uning birinchi zarbasi to‘singa tekkandi, keyingi hujumda esa vatandoshi uni xato zarba berishning imkoni bo‘lmagan pozitsiyaga chiqarib yubordi. Bu goldan oldin ham Penya qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, u ter Shtegenning yo‘qligini bilintirmayapti. Xavi nihoyat guruhdan chiqish vazifasini uddaladi, bu «Barsa»da Messi ketganidan keyingi ilk pley-off bo‘ladi.
«Shaxtyor» — «Antverpen» 1:0
Gol: Matviyenko (12).
«Shaxtyor» – Riznik, Gocholeyshvili, Matviyenko, Bondar, Azarov, Zubkov, Stepanenko, Kriskiv (Kelsi, 89), Sudakov, Sikan (Rakitskiy, 90), Neverton (Bondarenko, 70).
«Antverpen» – Byute, Batay, Alderveyreld, Kulibali, Veyndal, Yusuf (Ilenikena, 73), Vermeren, Kerk (Ejuke, 46), Muya, Balikvisha, Yanssen.
Ogohlantirishlar: Kulibali (30), Kerk (45), Gocholeyshvili (83), Muya (90), Riznik (90).
Chetlatish: Muya (90).
So‘nggi turda «Antverpen»ga qarshi o‘yindagi durang ham birinchi o‘rinni kafolatlaydi, «Portu»ni ham «Shaxtyor»ga qarshi so‘nggi o‘yinda durang qoniqtiradi – jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida portugallar 3:1 hisobida ustun kelgandi.
13 dekabr. «Portu» – «Shaxtyor», «Antverpen» – «Barselona»
G guruhi
Openda emas, Foden
«Manchester Siti» — «Leypsig» 3:2
Gollar: Holand (55), Foden (70), Alvares (87) — Openda (13, 33).
«Manchester Siti» – Ortega, Uoker (Alvares, 54), Diash (Ake, 46), Gvardiol (Gomes, 90+3), Akanji, Lyuis, Grilish (Doku, 54), Silva, Rodri, Foden, Holand.
«Leypsig» – Blasvih, Klostermann, Lukeba, Simakan, Raum, Forsberg (Baumgartner, 60), Simons (Poulsen, 75), Shlager (Kampl, 88), Zayvald, Aydara (Karvalyu, 74), Openda (Sheshko, 60).
Ogohlantirish: Diash (21).
Ikki yil muqaddam «Leypsig» «Etihad»da 3:6 hisobida yutqazgandi. Shu yil bahoridagi pley-offda esa sharmandali 0:7 hisobi qayd etildi. Ammo jamoaga shu yil yozida kelib qo‘shilgan Opendada «Manchester Siti»ga qarshi hech qanday komplekslar yo‘qligi aniq edi. Birinchi davrada ushbu belgiyalikning goli taskin berish vazifasini o‘tagan bo‘lsa (1:3), seshanba kuni forvard shunchaki «shaharliklar» mudofaasini yakson etdi.
Ikki safar ham raqib jarima maydoniga yugurishdan oldin Openda shunday korpus qo‘ydiki, Akanji ham, Ruben Diash ham xuddi devorga urilgandek uloqib ketdi. Ikkinchi golda u shu yozda «Leypsig»dan 90 million yevro evaziga Angliya chempionlari safiga o‘tgan Gvardiolni ham bolalarcha dog‘da qoldirdi. Lekin u kechaning asosiy qahramoniga aylana olmadi va haqiqiy yulduz sahnaga chiqdi.
Gap YeChLdagi 40-golini urib, kambekni boshlab bergan Holand haqida emas, chunki barchasini Foden bajardi. Aynan u norvegiyalikni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, keyin esa Gvardiolning uzatmasidan hisobni tenglashtirdi. Va Alvaresga g‘alaba golini urishda ham Foden yordam berdi. Hosep Gvardiola jamoasining uy uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 25 o‘yinga yetdi.
«Yang Boyz» — «Tsrvena Zvezda» 2:0
Gollar: Nedelkovich (8, avtogol), Blum (29).
«Yang Boyz» – Rachoppi, Blum, Benito, Kamara, Garsiya, Males (Kolli, 46), Ugrinich, Nyasse, Elia, Nsame (Ganvula, 74), Monteyru (Chaiva, 74).
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Nedelkovich, Dragovich, Jiga, Rodich, Stamenich (Luchich, 59), Hvan In Bom (Kanga, 90), Miyaylovich (Katai, 83), Ivanich (Krasso, 59), Bukari, Ndiayye (Miyatovich, 46).
Yevropa Ligasi pley-off yo‘llanmasi hal qilingan o‘yinda «Tsrvena Zvezda» ko‘plab vaziyatlar yaratdi, ammo «Yang Boyz» standart vaziyatlardan unumli foydalandi. Belgradlar ikkita qulay vaziyatdan foydalana olmaganidan keyin rikoshetlar seriyasidan avtogol urildi. Bukari yakkama-yakka vaziyatni ko‘kka sovurishi ortidan — korner orqali gol urildi. Bunday realizatsiya tufayli serblar bahorda ham yevrokubokda qatnashishdan umid qila olmasdi. Shveytsariya chempionlari uchinchi o‘rinni kafolatladi.
13 dekabr. «Leypsig» – «Yang Boyz», «Tsrvena Zvezda» – «Manchester Siti»
Ye guruhi
Rimlik to‘purar
«Latsio» — «Seltik» 2:0
Gollar: Immobile (82, 85).
«Latsio» – Provedel, Gabarron, Xila, Marushich, Alberto (Kamada, 84), Genduzi, Rovella (Kataldi, 79), Ladzari, Anderson (Pedro, 61), Isaksen, Kastelyanos (Immobile, 61).
«Seltik» – Hart, Jonston, Karter-Vikers, Skeylz, Teylor, Makgregor, O'Rayli, Bernardu (O Xyon Gyu, 69), Forrest (Jonston, 61), Yan Hyon Jun (Ternbull, 87), Furuhasi.
Ogohlantirishlar: Teylor (27), Jonston (35), Rovella (50), ORayli (71), Yan Xyon Chjun (78), Pedro (89), Gabarron (90).
«Latsio» bir soatdan ortiq vaqt davomida shotland devorini buzib o‘ta olmadi, keyin esa Mauritsio Sarri maydonga Immobileni tushirdi. «Burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari sardorlik bog‘ichini oldi va jamoani ortidan ergashtirdi. Avvaliga u oyoqlari orasidan to‘pni o‘tkazib yuborib Luis Alberto uchun qulay vaziyat yaratib berdi, ammo uning zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Keyin Chiro tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va uch daqiqa ichida Isaksenning yordamida o‘yin taqdirini hal qildi. Birinchi holatda forvard daniyalik jamoadoshining hujumidan keyin rikoshet orqali kelgan to‘pni darvozaga joyladi. Ikkinchi holatda — «Seltik» himoyachilarini osonlik bilan dog‘da qoldirdi. Bu g‘alabadan keyin rimliklar muddatidan oldin pley-offga chiqish uchun «Atletiko»ga muxlislik qilishi qolgandi.
«Feyyenoord» — «Atletiko» 1:3
Gollar: Viffer (77) — Gertryuda (14, avtogol), Ermoso (57), Ximenes (81, avtogol).
«Feyyenoord» – Beylo, Gertryuyda, Trauner (Milambo, 64), Gansko, Hartman, Stengs (Ivanushets, 70), Timber (Sauer, 78), Viffer, Payshao (Ueda, 46), Minte (Lingr, 64), Ximenes.
«Atletiko» – Oblak, Molina, Ximenes, Ermoso, Vitsel, Rikelme, Koke (Korrea, 84), De Paul (Saul, 74), Lorente (Barrios, 56), Grizmann, Morata (Depay, 74).
Diyego Simeone uchun bu o‘yin nafaqat muhim, balki alohida ahamiyatga ega edi. Argentinalik mutaxassis bir jamoa boshqaruvida YeChLda 100 o‘yin o‘tkazgan uchinchi murabbiyga aylandi — Aleks Fergyuson (190) va Arsen Vengerdan keyin (177). Va Rotterdamdagi o‘yinning birinchi bo‘limida muxlislar klassik «Atletiko»ga guvoh bo‘lishdi. Uning mudofaasini to‘la hajmda ishlashga majbur qilishdi, «matraschilar» esa nafaqat gol o‘tkazishmadi, balki raqibni xato qilishga majbur qilib, Gertraydaning avtogolidan keyin hisobda oldinga ham chiqib olishdi.
Ikkinchi golda esa «Feyyenoord» bundan ham alamliroq gol o‘tkazib yubordi, raqib jarima maydoniga yorib kirgan himoyachi Ermoso to‘pni to‘xtatmasdan darvozabon hududiga oshirib berishga harakat qilganida to‘p aql bovar qilmas trayektoriya hosil qilib darvoza to‘riga borib tushdi. Mezbonlar hisobni qisqartirishdi, ammo o‘yin oxirida jarima zarbasi ijro etilganida jamoaning eng yaxshi to‘purari Santiyago Ximenes o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Endi «Atletiko» va «Latsio» oxirgi turda kim birinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishi masalasini hal qiladi, guruhda birinchi o‘rinni egallagan jamoa «Bavariya» va «Siti»ga raqib bo‘lishdan qutilib qoladi, «Feyyenoord» esa Yevropa Ligasi bilan kifoyalanishga majbur.
13 dekabr. «Seltik» – «Feyyenoord», «Atletiko» – «Latsio»
Kun statistikasi
- «Seltik» asosiy yevrokubokda qatorasiga 15 uchrashuvni g‘alabasiz o‘tkazgan ilk britan jamoasi bo‘ldi (=3-12).
- «PSJ» YeChLda 2014/15 yillar mavsumidan buyon bir raqibdan beshta gol (ikki uchrashuvda) o‘tkazmagandi, o‘shanda parijliklar «Barselona»dan aziyat chekkandi.
- Holand barcha turnirlar doirasida «Leypsig»ga urgan gollar soni 12 taga yetdi.
- «Nyukasl» 20 yil ichida ilk bor YeChL safar o‘yinida gol urdi, oxirgisi 2003 yilda Alan Shirer bo‘lgandi.
- Pepe YeChLda «Portu» uchun 40-o‘yinini o‘tkazdi. Ushbu faxriy futbolchi bu borada klub tarixidagi eng yaxshilar o‘ntaligiga kirdi, rekord esa darvozabon Vitor Bayyaga (61) tegishli.
Mavzuga oid
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
12:39 / 24.10.2024
«Barsa» qasos oldi, Holanddan kosmik gol. YeChLda kun o‘yinlari
13:55 / 23.10.2024