O‘zbekiston | 17:17 / 30.11.2023
6314
2 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 36 yilda 48 ming o‘zbekistonlikda OITS aniqlangan – Sanepidqo‘m

Eng ko‘p OITS yuqtirganlar Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Foto: Getty Images

1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida xaqalaro miqyosda va O‘zbekistonda OIV infeksiyasiga qarshi olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 1987-2023 yillar oralig‘ida OITS infeksiyasini yuqtirganlar 48 mingdan ortiqligi aniqlangan. Shuning eng katta foizi Toshkent viloyati – 20,1 foiz, Toshkent shahri – 18,3 va Samarqand viloyati – 11,2 foizga to‘g‘ri keladi.

Ma’lum qilinishicha, OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorning qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishilsa, uning kasallik yuqtirishi cheklanadi va atrofdagilar uchun xavfli hisoblanmaydi. Ya’ni bu kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfi kamayadi.

Bunga erishish uchun O‘zbekistonda 177 mingdan ortiq aholi o‘rtasida Ekspress test bilan OIVga tezkor tekshiruvlar o‘tkazilgan. 40 ming nafardan ortiq bemor virusga qarshi terapiya bilan qamrab olingan. Buning uchun davlat budjeti hamda OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qariyb 7 million AQSh dollari miqdorida retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilingan.

Tadbirda OIVni kamaytirish uchun xalqaro miqyosdagi choralarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilgacha OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95-95-95» strategiyasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu strategiya OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘zining OIV statusini ya’ni organizmida OIV mavjudligini bilishi, 95 foiz maxsus davolash kurslari (RQT) bilan qamrab olinishi va 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishini maqsad qilgan.

Mavzuga oid