O‘zbekiston | 21:29 / 01.08.2025
3553
3 daqiqa o‘qiladi

Senat xorijdan qaytganlarni OIV majburiy tekshiruvidan o‘tkazish haqidagi qonunni ma’qulladi

Qonunga ko‘ra, 90 kun yoki undan ortiq muddat chet elda bo‘lib qaytgan o‘zbekistonliklar va xorijliklar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Foto: Getty Images

1 avgust kuni Oliy Majlis Senatining majlisida 90 kun yoki undan ortiq muddat chet elda bo‘lib qaytgan o‘zbekistonliklar va xorijliklarni OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi.

Senator Gulnora Marufova so‘zlariga ko‘ra, qonun bilan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi va «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, uzluksiz 90 va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIV infeksiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Senator agar kasallik o‘z vaqtida aniqlanib nazoratga olinmasa, natijada kasallanganlar soni ikki baravarga ko‘payishi mumkinligini qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan yashovchi 51087 nafar shaxs rasman ro‘yxatga olingan.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va imzolash uchun prezidentga yuborildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid