Jahon | 17:31 / 30.11.2023
22289
14 daqiqa o‘qiladi

Deputat bosh qo‘mondonga qarshi: Zelenskiy partiyasi deputati Zalujniyning iste’fosini talab qildi

26 noyabrdan 27 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina Oliy Radasi deputati Maryana Bezuglaya uchun uyqusiz o‘tgan bo‘lsa kerak. 35 yoshli deputat tuni bilan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy haqida tanqidiy postlar yozib chiqdi. Mamlakat prezidenti Zelenskiy asos solgan «Sluga naroda» partiyasi deputati bo‘lgan 35 yoshli Bezuglaya mamlakatning eng mashhur odamlaridan bo‘lgan Zalujniy iste’foga chiqishi kerakligini aytib, yangi mojaro avj olishiga sabab bo‘ldi.

Foto: BBC Russian

Ukraina parlamenti mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan deputatning asosiy e’tirozi – Zalujniy 2024 yildagi Rossiyaga qarshi urush uchun aniq reja taklif eta olmagani bo‘ldi.

«Na katta, na kichik, na assimetrik va na simmetrik [hech qanday reja yo‘q]», deb yozdi Bezuglaya. Shuningdek, deputat har oyda 20 ming odamni safarbar qilish to‘g‘risidagi bosh shtabdan olingan ma’lumotni ham e’lon qildi. Qonunga ko‘ra, bu ma’lumotlar davlat siri bo‘lishi kerak, uni e’lon qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

«Muhokama yopiq bo‘lgan, lekin keskinlik oshib boraverib, vaziyat quyidagi holatga kelgan: harbiy rahbariyat 2024 yil uchun hech qanday reja taklif qilmay, faqat ko‘proq odamlarni safarbar qilish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, bunday rahbariyat iste’foga chiqishi kerak», degan u.

Deputatning bu postlari ukrain jamoatchiligiga bomba kabi ta’sir qildi. Bezuglaya avvalroq ham Ukraina harbiy rahbariyatini samaradorligi past deb tanqid qilgandi. Qizig‘i, barchasi Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani haqidagi gaplar fonida sodir bo‘lmoqda. Economist jurnalida e’lon qilingan Zalujniyning maqolasidan keyin shundog‘am Ukraina siyosiy va harbiy rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar borasida shubhalar kuchaygandi. O‘sha maqolada general Zalujniy jang maydonidagi vaziyatni tushkun kayfiyatda tasvirlagan va urush Rossiya uchun qulay bo‘lgan pozitsion bosqichga o‘tganini aytgandi.

Zelenskiy bu maqoladan keyin Zalujniyni ochiqchasiga tanqid qildi va hozir bunaqa gaplarning vaqti emasligini aytdi. Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Igor Jovka yanada keskinroq gapirib, harbiylarga frontdagi voqealar haqida OAVga kamroq ma’lumot tarqatishni maslahat berdi.

Shundan keyin Zalujniyning iste’fosi keng muhokama qilina boshlandi. Bu gaplar bo‘layotgan bir vaqtda bosh qo‘mondon iste’fosini talab qilgan deputat Bezuglayani ko‘pchilik Zelenskiy ma’muriyatining nuqtayi nazarini ifoda qilyapti deb o‘ylashi tabiiy.

Ukraina siyosiy rahbariyati hozircha Zelenskiy partiyasi a’zosi bo‘lgan deputat Bezuglayaning bayonotini qoralab chiqmadi. Ammo uning ba’zi partiyadoshlari bu haqda gapirishga ulgurishdi. BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda Bezuglaya kimningdir buyrug‘iga ko‘ra ish qilganini rad etdi.

Kim o‘zi bu isyonchi?

Maryana Bezuglaya harbiy rahbariyatni va shaxsan Zalujniyni ochiqchasiga tanqid qildi. Uning pozitsiyasini «Sluga naroda» fraksiyasidagi ayrim deputatlar ham qoraladi. Foto: UNIAN

Maryana Bezuglaya bir muddat Donbassdagi aksilterror zonasida xizmat qilgan va o‘z vaqtida Ukraina mudofaa vazirligida ishlagan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy sohaga aloqador emas. Deputat yuqoridagi joylardagi qurolli kuchlar tibbiyot tizimini isloh qilish jarayonida qatnashgan. Chunki u mutaxassisligi bo‘yicha shifokor va bir muddat Kiyevdagi poliklinikada ham ishlagan.

Ukraina mudofaa vazirligi islohotlar loyiha ofisining sobiq xodimi Aleksey Gordeyev BBC bilan suhbatda Bezuglayani yetakchilik qobiliyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan ajralib turadigan odam deb ta’riflagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, deputat barcha narsani ikir-chikirigacha nazorat qila oladigan «control freak» hisoblanadi.

«Afsuski, Bezuglaya intellekt va zehn salbiy ishlarda foydalanilayotganining yaqqol nishonasi. Partiya tug‘ma notiqlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatish o‘rniga ulardan foydalanmoqda», deydi suhbatdosh.

Deputatning islohotlar ofisidagi yana bir sobiq hamkasbi uning xarakateri haqida gapirishni istamagan, lekin ismi sir qolishi sharti bilan Bezuglaya «juda xato gaplarni aytayotgani», u bunday yo‘t tutayotganidan hayratda qolganini aytgan.

2019 yil tibbiy karerasi va mudofaa vazirligidagi ishini tashlagan Bezuglaya siyosatga o‘tishga qaror qiladi. U prezidentning «Sluga naroda» partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatib, Kiyevning Obolon rayonidagi saylovlarda g‘olib bo‘ladi. Parlamentda unga kutilmaganda Milliy mudofaa, xavfsizlik va razvedka qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini topshirishadi. Bezuglaya bu lavozimda maxsus xizmatlar va armiya bilan bog‘liq qizg‘in faoliyat olib boradi.

Keyinchalik amalga oshmay qolgan Ukraina xavfsizlik xizmatini isloh qilish rejasi aynan uning tashabbusi bilan ishlab chiqilgandi. «Vagner»chilarning qo‘lga olinishi borasidagi operatsiyani tekshirgan parlament komissiyasini ham Bezuglaya boshqargandi. 2020 yil iyul oyida Ukraina maxsus xizmatlari ichida 33 nafar rossiyalik yollanma harbiylar bo‘lgan samolyotni Kiyevga majburan qo‘ndirib, vagnerchilarni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazishi kerak edi. Ammo keyinchalik bu operatsiya fosh bo‘lib, rossiyalik yollanma harbiylar tuzoqdan chiqib ketgandi.

Parlamentdagi muxolifat va sobiq razvedka xodimlari Zelenskiy ofisi vakillarini operatsiya haqida ma’lumotni chiqarib yuborishda ayblagandi. Bezuglaya boshchiligidagi komissiya mana shu ish bo‘yicha tafsilotlarni aniqlashi kerak edi. Ammo komissiya savollarga javob topmadi, faqat prezident ma’muriyati ma’lumot sizib chiqishiga aloqador emasligini bildirdi xolos.

Bezuglaya bilan bog‘liq yana bir nechta esda qolarli voqea urush boshlangach sodir bo‘ldi. Masalan, u Severodonetsk va Lisichansk uchun kechayotgan qiyin janglar vaqtida qo‘mondonlik punktlariga borgani harbiylar tomonidan salbiy kutib olingandi. Deputat boshqaruv punktlariga harbiylarning ishiga aralashish uchun emas, deputat sifatida ularga yordam berish uchun vaziyatni o‘rganishga borganini aytgandi.

Zalujniyga hujum haqida nima deyishmoqda?

O‘z postlarida Maryana Bezuglaya Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Zalujniyni mamlakat armiyasini «sovetlashtirish»da aybladi. Ukraina armiyasi qarshi hujum uchun rejani yetarlicha yaxshi ishlab chiqmagani, Milliy quruqlik qo‘shinlari akademiyasining uzoq yillik rahbari Pavel Tkachuk hamon ishdan bo‘shatilmagani ham deputatning tanqidiga uchragan.

Deputatga ko‘ra, harbiy rahbariyat o‘z vazifasini to‘liq bajara olmayotgan generallarni asossiz tarzda himoya qilib kelmoqda. Bunday generallar orasida Ukraina qahramoni, 10-maxsus shturmchi brigada komandiri Vasiliy Zubanich ham bor. Bezuglaya bu generalni shtab boshlig‘i Sergey Shaptalning odami deb atagan. Deputat Zubanich yozdagi hujum muvaffaqiyatsiz chiqqanida shaxsan aybdor ekanini bildirgan.

Ukrainalik ko‘plab siyosatchilar, jamoatchilik faollari Bezuglayaning Zalujniy haqidagi gaplarini qoralagan. Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi Oleksiy Danilov prezident Zelenskiy va qo‘mondon Zalujniy haqidagi gap-so‘zlar faqat Rossiyaga qo‘l kelishini ta’kidladi. Danilovning intervyusi hali deputat postlarini yozishidan oldin olingan, lekin aynan uning postlari muhokama qilinayotgan vaqtda e’lon qilindi.

«Sluga naroda» partiyasining aksar deputatlari ham partiyadoshining so‘zini oqlamadi. «Urush vaqtida harbiy-siyosiy rahbariyat haqida muhokamalar aniq institutlar doirasida amalga oshirilishi kerak. Aks holda bu dushman uchun qo‘l keladigan provokatsiya deb qabul qilinishi mumkin», deb yozdi deputat Tatyana Tsiba. Boshqa bir deputat Bogdan Yaremenko hamma «urush oxirigacha sabr qilib, ungacha ovozini o‘chirishi kerakligi»ni aytdi. Ammo hozircha parlament rahbariyati va prezident partiyasi rahbarlari Bezuglayani qoralab chiqmadi.

Bezuglaya Zalujniy Ukrainada «mitti sovet armiyasi»ni yaratgani va u hech qachon «katta sovet armiyasi»ni, ya’ni Rossiyani yenga olmasligini aytgan. Uning muxoliflari esa Ukraina QK bosh qo‘mondoni faqat o‘zida mavjud resurslarga tayanishga majbur bo‘layotganini aytib e’tiroz bildirmoqda. Foto: GETTY IMAGES

Deputatning Zalujniyga tashlanishini sobiq prezident Petro Poroshenkoning «Yevropa birdamligi» fraksiyasi ham qoraladi. «Golos» muxolif partiyasi deputati Roman Kostenko esa bosh shtabning 2024 yil uchun rejasi yo‘qligi to‘g‘ri emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujjat bor va xavfsizlik nuqtayi nazaridan faqat yuqori rahbariyat tomonidan muhokama qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

«Reja bor, bu aniq. Tafsilotlarni bilmayman, lekin aniq rejalar borligini bilaman. Bu haqda alohida deputatlar bilishi shart emas. Masalan, prezident bu haqda biladi. U chiqib reja yo‘q deb aytmaydi-ku», degan Kostenko.

U deputat Bezuglayaning chiqishlari prezident ma’muriyati tomonidan «ilhomlantirilgan» bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

«Prezident ma’muriyati qandaydir gaplar prezident partiyasi vakilining tilidan aytilishini istamasa, bunday bo‘lmaydi. Buni parlamentdagi 5 yillik tajribamdan kelib chiqib aytyapman», degan muxolif deputat.

Ukrainalik siyosatshunos Volodimir Fesenkoning aytishicha, deputat Bezuglayaning chiqishi prezident Zelenskiy uchun foydadan ko‘ra zararli bo‘ladi. Chunki iste’foga chiqqan taqdirda Zalujniy saylovda Zelenskiy uchun jiddiy raqibga aylanishi mumkin.

«Hozir Maryana Bezuglaya xonim Zalujniyni iste’foga chiqishga chaqirib, prezident Zelenskiy uchun katta xizmat qildim deb o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu provokatsion harakatlari orqali prezident jamoasiga katta zarar berib bo‘ldi. Har qancha g‘alati bo‘lmasin, uning gaplari prezident Zelenskiyga qarshi sekin harakatga keluvchi minaga aylandi. Bu urush holatidagi Ukraina manfaatlariga to‘g‘ri keladigan holat emas», degan siyosatshunos.

Ukraina prezidenti ma’muriyatida Bezuglayaning postlariga izoh berishni istashmagan.

Bezuglaya o‘z harakatlarini qanday izohlaydi?

Bezuglaya Zalujniyga qarshi chiqishini prezident ofisi yoki partiya bilan kelishib qilgani haqidagi xabarlarni rad etgan
Foto: FACEBOOK

Maryana Bezuglaya BBC ukrain xizmati bilan suhbatda o‘z postlarini xato deb bilmasligini aytgan: «Bu xato emas. Bu men guvoh bo‘layotgan haqiqatning uchini ko‘rsatgan aysberg xolos. Men hali ancha avaylab gapirdim. Biz chorrahada turibmiz va men shu narsani yelkamga olishga qaror qildim», degan deputat. U postlarini prezident ma’muriyati bilan maslahatlashgani yoki Zelenskiyning manfaatlari uchun harakat qilganini rad etgan.

«Jon jonimdan o‘tib ketdi deyishim mumkin. Yo‘q, go‘yoki men jamoatchilikni sinab ko‘rayotganim haqidagi gaplar sabab emas. Jamoam bilan maslahatlashaman, lekin gaplarimni o‘zim aytaman. Gap shundaki, deputatlar ichida hech kim Ukraina qurolli kuchlari ichida nima bo‘layotganiga bu qadar chuqur kirishmagan», deb izohlagan o‘z postlarini Bezuglaya.

Uning aytishicha, Ukraina armiyasidagi o‘zi ko‘rgan muammolarni ommaga chiqarmay hal qilishga harakat qilgan, lekin bosh shtab tomonidan bunga intilish bo‘lmagan.

«Men bor gaplarni yozyapman, harbiylar buni juda yaxshi tushunadi. Ular generalitetdagi nepotizm, «borib huv ana u yerga hujum qilinglar» qabilidagi qarorlarni, brigadalar qanday tuzilganini yaxshi bilishadi», degan deputat.

Bezuglaya uning chiqishlari, Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi fikrlar xilma-xilligi Rossiyaning foydasiga ishlashi haqida gaplarga shunday javob bergan: «Rossiya doim Ukrainada odamlar bo‘lnishini istaydi. Biz ochiq bo‘lishimiz, ichki yoki tashqi siyosiy o‘yinlar o‘ynamasligimiz kerak. Ukraina qurolli kuchlari zamonaviy bo‘lishi kerak. Agar bunday bo‘lmasa, Rossiyani yenga olmaymiz».

Deputat Zalujniyning o‘rnina hech kimni tavsiya qila olmasligi, faqat hozirgi harbiy rahbariyatdagi generallardan hech biri bu lavozimni egallamasligi kerakligini aytgan. Uning fikricha, harbiy rahbariyatga quyiroqdan yangi ofitserlar kelishi kerak.

«Generalitet orasida 5 foiz «oq qarg‘alar» bor. Lekin yuqoriga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan ko‘plab jangovar ofitserlar chetda qolyapti. Ularni ko‘tarishni istashmaydi, chunki yuqoridagi «pollar sirpanchiq». Nega o‘sha polkovnikni general darajasiga ko‘tarmaslik kerak?» degan Bezuglaya.

Suhbatdosh safarbar qilinadigan odamlar soni haqida gapirib, davlat sirini oshkor qilmaganini aytdi: «Yo‘q, men davlat sirini oshkor qilganim yo‘q. Birinchidan, taxminiy raqamlarni yozib, «20 mingdan kam emas» dedim. Bu gaplarni yozishdan avval birlamchi ekspertiza qilib oldim».

Bezuglaya BBC bilan suhbatda ham qo‘mondonlikning 2024 yil uchun rejalari yo‘qligini takrorlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda barcha ittifoqchilar ham biladi. Ukraina bosh shtabi Bezuglayaning postlarini izohlash bo‘yicha BBC yuborgan so‘rovga javoban «bu yerda izoh beradigan hech narsa yo‘qligi»ni ma’lum qilgan.

Mavzuga oid