Jahon | 11:00 / 08.12.2025
1609
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin Pekindan Ukrainada “adolatli va barqaror tinchlik”ka hissa qo‘shishni so‘ramoqda

Berlin Xitoydan Ukrainada “adolatli va barqaror tinchlik”ka erishish jarayoniga faolroq aralashishni so‘ramoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Pekindan Moskvaga ta’sirini ishga solib, Rossiyani Ukraina suverenitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘luvchi jiddiy muzokaralarga undashini kutayotganini ta’kidladi.

Foto: Soeren Stache/dpa

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Xitoyga tashrifi arafasida Pekinni Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni ilgari surish maqsadida Moskvaga bo‘lgan ta’sirini yanada faolroq qo‘llashga chaqirdi.

«Rossiyaga Xitoychalik ta’sir o‘tkaza oladigan boshqa biror davlat yo‘q. Shu bois aynan Xitoy Ukraina suverenitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘luvchi jiddiy muzokaralarga Rossiyani tayyor holatga keltirish uchun o‘z salohiyatidan samarali foydalanishi mumkin», — dedi Vadeful yakshanba, 7 dekabr kuni Berlinda Pekinga uchib ketishdan oldin jurnalistlar bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati Xitoy Ukrainada «adolatli va barqaror tinchlikka erishishga o‘z hissasini qo‘shishi»ga umid qilmoqda. Vadeful ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi Yevropada xavfsizlik manfaatlariga tahdid solmoqda va «Yevropa hamda Osiyoda xavfsizlik, farovonlik va erkinlik qanday yaqin bog‘liq ekani»ni ko‘rsatib bermoqda.

Pekin o‘zini neytral pozitsiyada deb ko‘rsatib kelayotganiga qaramasdan, G‘arb mamlakatlarida uni Rossiyaning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganlikda tanqid qilmoqda, deya yozadi dpa agentligi. Shu sharoitda, GFR tashqi ishlar vaziri fikricha, Xitoy bilan ochiq va rostgo‘y muloqot olib borish ayni damda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. «Bizning manfaatlarimiz shuni taqozo qiladiki, bu muloqotni bevosita adolat tamoyillari asosida yuritishimiz kerak», — dedi Vadeful Xitoyga qilayotgan o‘zining ilk rasmiy tashrifi arafasida.

Tashrif doirasida Vadeful, shu jumladan, Pekin tomonidan joriy etilgan savdo cheklovlarini, ayniqsa, nemis sanoatining ko‘plab sohalari uchun zarur bo‘lgan nodir yer elementlari eksportiga qaratilgan to‘siqlarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Vazir ta’kidlashicha, ham Germaniya, ham Xitoy barqaror savdo munosabatlaridan manfaatdor, ammo bunday munosabatlar faqat adolatli va ochiq xalqaro savdo qoidalariga har ikki tomon rioya qilgan taqdirdagina mumkin bo‘ladi.

Avvaliga Vadefulning Xitoyga tashrifi 26 oktyabr kuniga rejalashtirilgan edi, ammo 24 oktyabr kuni safar kutilmaganda keyinga qoldirildi. Berlindagi siyosiy doiralarda aytilganidek, Xitoy tomonidan Vadeful uchun tashqi ishlar vaziri Van Idan tashqari yetarlicha yuqori martabali suhbatdosh topilmagan, shu bois tashrif ma’nosini yo‘qotgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid