Jahon | 10:26 / 02.12.2023
26021
13 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik oligarxlar yoqtiradigan va Jyeyms Bond samolyot qo‘ndirgan aeroport – dunyoning eng g‘aroyib havo qo‘nalg‘alari

Dunyodagi g‘aroyib aeroportlardan biri dengiz sathidan 4,4 km balandlikda, ikkinchisining o‘rtasidan temir yo‘l kesib o‘tadi, boshqasida esa qumli uchish-qo‘nish yo‘lakchasi bor. Yana bir aeroport qiyalikda joylashgan va filmlardan birida Jyeyms Bond unga samolyotni qiyinchilik bilan qo‘ndiradi. Xo‘sh, dunyoning eng g‘aroyib va noodatiy aeroportlari qayerda joylashgan?

Foto: AP

Bugun dunyoni aviatsiya va aeroportlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Fan-texnika va iqtisodiyot rivojlangan sayin insonlarning turmush darajasi ham oshdi va shunga yarasha dunyoning turli mamlakatlarida sayohat qiluvchilar soni keskin oshdi. Bu jarayon hanuzgacha davom etmoqda.

Shu bilan birga yangidan yangi parvoz yo‘nalishlari tashkil etildi va hatto Yer yuzining uzoq chekkalarigacha aeroportlar qurildi. Bugun dunyodagi yirik aeroportlar bir yilda 50-100 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazishmoqda.

Shu bilan dunyoning turli burchaklarida kichik va ajabtovur aeroportlar ham joylashgan. Ularning ayrimlariga yirik samolyotlar ham qo‘na oladi. Boshqalariga qo‘na olmaydi.

Qo‘yida dunyodagi eng ajabtovur aeroportlari haqida ma’lumot beramiz.

Gisborn aeroporti

Gisborn aeroporti, Yangi Zelandiya

Yangi Zelandiya shimolida joylashgan Gisborn shahridagi kichik aeroport unchalik muhim havo qo‘nalg‘asi emas. Unga samolyotlar hadeb uchib-qo‘navermaydi.

Aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi tor va qisqa – uzunligi bor yo‘g‘i 1 310 metr. Shu sababli unga asosan kichikroq samolyotlar uchib-qo‘nadi. Gisborn shaharchasida 40 mingga yaqin odam yashaydi va aeroport shaharchadan 4,2 km uzoqlikda joylashgan.

Aeroport o‘rtasidan temir yo‘l izi o‘tan. Agar shu temir yo‘l va u yerdan poyezdda o‘tib-qaytuvchi yo‘lovchilar bo‘lmasa, Gisbornda aeroport borligini ancha-muncha odam bilmasdi ham.

Ayrim paytlarda poyezd o‘ta boshlaganda samolyotlar uchish yoki qo‘nishdan avval biroz kutib turishadi. Yerdagisi uchish yo‘lakchasida, havodagisi osmonda.

Malika Juliana aeroporti

Malika Juliana aeroporti, Avliyo-Martin oroli

Malika Juliana aeroporti Karib havzasida joylashgan, Fransiya va Niderlandiya tomonidan ikkiga bo‘lingan kichik orolda joylashgan.

Orolning Niderlandiyaga tegishli qismida joylashgan mazkur havo qo‘nalg‘asi dunyodagi eng xavfli o‘nta aeroportdan biri hisoblanadi. Buning sababi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi sohildan boshlanib sohilda tugaydi.

Aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi qirg‘oqqa yaqin bo‘lgani uchun samolyotlar dengiz bo‘yidagi plyajda dam olayotgan sayyohlarning boshidan 10-20 metr balandlikda uchib o‘tadi.

Shu sababli Avliyo Martin orolidagi bu plyajlarga samolyotlarning uchib-qo‘nishini tomosha qilish uchun ham ko‘plab odamlar keladi.

Malika Juliana aeroporti 1943 yilda harbiy aerodrom sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik qayta ta’mirlanib, fuqaro aviatsiyasiga berilgan.

Aeroportdagi uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 2 300, eni 45 metr bo‘lib, unga yirik samolyotlar ham bemalol qo‘na oladi. Aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi nisbatan qisqa va noqulay bo‘lsa ham u ancha yirik hisoblanadi.

Uning terminali bir yilda 1,5 mln yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Aeroportning o‘ziga esa soatiga 36-40 ta samolyot uchib-qo‘na oladi.

Saba orolidagi Xiancho-Irauskin aeroporti

Xiancho-Irauskin aeroporti, Saba oroli

Karib havzasida Avliyo Martin orolidan atigi 46 kilometr janubi-g‘arbda Saba oroli bor. Mazkur orolda dunyodagi eng qisqa 396 metr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega bo‘lgan xalqaro aeroport joylashgan.

Bu aeroportga faqat kichik samolyotlar yoki vertolyotlar qo‘na oladi. Aeroportning Avliyo Martin orolidagi Malika Juliana aeroporti bilan umumiy o‘xshashligi bor.

Xiancho-Irauskin aeroporti ham Gollandiyaga tegishli va u dunyodagi eng xavfli aeroportlar qatoriga kiradi. Saba orolining diametri 2,5 km. Shu sababli bu yerdagi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lakchasini uzaytirishning iloji yo‘q.

Gibraltardagi aeroport

Gibraltar aeroporti, Gibraltar

Gibraltar Pireney yarim orolining janubiy-sharqida joylashgan strategik ahamiyatga ega hudud bo‘lib, u Britaniyaga tegishli.

Britaniyaning dengiz orti hududlariga kiruvchi Giblartarda kichik xalqaro aeroport ham bor. Uning uchish-qo‘nish yo‘lagi 1 829 metr bo‘lib, mahalliy shaharning eng katta yo‘lini kesib o‘tadi.

Har safar aeroportga samolyot qo‘nishidan yoki havoga ko‘tarilishidan avval avtomobil yo‘li yopiladi. Aeroport Britaniya Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lishiga qaramay, u yerdan harbiy parvozlardan tashqari, ba’zida fuqarolik parvozlari ham amalga oshiriladi.

Aeroport 1939 yilda harbiy maqsadlar uchun qurilgan. Keyinchalik qayta ta’mirlanib, harbiy parvozlar bilan birga undan fuqaro aviatsiyasi samolyotlari ham foydalana boshlagan.

Madeyra orolidagi Krishtianu Ronaldu nomidagi aeroport

Krishtianu Ronaldu nomidagi aeroport, Madeyra oroli, Portugaliya

Madeyra oroli Atlantika okeanida joylashgan. Taniqli futbolchi Krishtianu Ronaldu dunyoga mashhur bo‘lmagancha bu orol borligini ko‘pchilik bilmasdi.

Ronaldu Portugaliyaning materik qismida emas, bu davlatga tegishli Medeyra orolida tug‘ilgan. Oroldagi xalqaro aeroport Funshal shahrida joylashgan.

Ushbu aeroport 1964 yilda ishga tushirilgan va o‘shanda uning uchish-qo‘nish yo‘lagi qisqa va noqulay bo‘lgani uchun unga hatto o‘rtacha kattalikdagi samolyotlar ham qo‘na olmasdi.

Keyinchalik orolda ko‘plab dam olish maskanlari barpo etiladi va bu yerda sayyohlik keskin rivojlanadi. Natijada orolga Yevropa davlatlaridan har yili millionlab odamlar kela boshlaydi va aeroportni ta’mirlashga ehtiyoj tug‘iladi.

2000 yilda aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi qayta quriladi. Avvaliga okean suvlariga tutash holda har birining diametri 5 metr bo‘lgan 180 ta temir-beton ustun quriladi.

Beton ustunlar balandligi dengiz sathidan 50 metr baland qilib ko‘tarilgan. So‘ng ularning usti og‘ir beton plitalar bilan yopilgan. Shu tariqa, uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 1 800 metrdan 2 777 metrgacha uzayadi.

Keyinchalik, Ronaldu mashhur bo‘lib ketganidan so‘ng oroldagi aeroportga uning nomi beriladi. Hozirgi kunda Madeyradagi aeroport Krishtianu Ronaldu nomidagi aeroport deb yuritiladi. So‘nggi yillarda aeroport yiliga bir necha million yo‘lovchilarni o‘tkazmoqda.

Alp tog‘larining Fransiyaga tegishli qismida joylashgan Kurshevel aeroporti

Kurshevel aeroporti, Fransiya

Kurshevel Alp tog‘larining Fransiyaga tegishli qismida joylashgan kurort shaharcha hisoblanadi. Bu shaharchada uchish-qo‘nish yo‘lagi bor-yo‘g‘i 525 metr bo‘lgan aeroport bor.

Bu aeroport dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda qurilgan. Uning uchish-qo‘nish yo‘lagi past-baland tarzda joylashgan bo‘lib, unga faqat juda tajribali uchuvchilar samolyotni qo‘ndira oladi.

Kurshevel aeroportini, ayniqsa rossiyalik oligarxlar juda yaxshi bilishadi. Ular urushgacha (2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani nazarda tutilmoqda) bu yerdagi kurortlarda dam olish uchun tez-tez kelib turishardi.

Jyeyms Bond haqidagi filmlardan biri Kurshevel aeroportida ham suratga olingan. «Ertaga hech qachon o‘lmaydi» (Tomorrow Never Dies) filmida Jyeyms Bond o‘zi boshqarib kelayotgan samolyotni aeroportga muvaffaqiyatli qo‘ndiradi.

Shotlandiyadagi Barra aeroporti

Barra aeroporti, Shotlandiya

Barra aeroporti Shotlandiyaning Ichki Gebrid orollari tarkibiga kiruvchi Barra orolida joylashgan. Bu aeroportning o‘ziga xosligi shundaki, uning uchta uchish-qo‘nish yo‘lagida ham asfalt yoki beton yo‘q. U qumli plyajda joylashgan.

Mazkur aeroport dunyoning eng xavfli o‘nta aeroporti ro‘yxatiga kiritilgan. Dengizda kuchli to‘lqinlar sodir bo‘lganda suv aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagigacha chiqib keladi. Bunday paytlarda to‘lqinlar tinguncha parvozlar to‘xtatib turiladi.

Aeroportdagi uchish-qo‘nish yo‘lakchasida chiziqlar o‘rniga yerga qoqilgan yog‘och to‘siqlar o‘rnatilgan. Uchuvchilar asosan ana shu to‘siqlarga qarab mo‘ljal olishadi. Mazkur aeroportga faqat kichik samolyotlar uchib-qo‘na oladi.

Lockheed C-5B Galaxy samolyoti Ice Runway aeroportiga qo‘nish paytida

Ice Runway aeroporti, Antarktida

Antarktidada joylashgan bu aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagida na asfalt, na beton, na Barra aeroportidagiday qum yo‘q. Hammayoq muz. Samolyotlar ana shu muzga qo‘nadi va parvoz qiladi.

Aslida Ice Runway’ni aeroport deb ham bo‘lmaydi. U bor-yo‘g‘i Antarktida mintaqasida joylashgan eng mashhur uchish-qo‘nish yo‘laklaridan biri hisoblanadi xolos.

Antarktidagi Mak-Merdo bo‘g‘ozida joylashgan bu uchish-qo‘nish yo‘lagi AQShning Antarktida dasturi bo‘yicha ish olib borayotgan guruhning asosiy aeroporti hisoblanadi.

Antarktidagi AQShning yirik Mak-Merdo posyolkasiga maxsus yuk va yo‘lovchilarni olib ketuvchi samolyotlar asosan shu aeroportdan foydalanishadi.

AQShdan uchib kelgan samolyot qo‘nishidan avval uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq qordan tozalanadi. Muzli qatlam ochilgach, unga chiziq chiziladi. Agar aeroportni qor bossa, shu ishlar yana qaytariladi.

Uchib-qo‘nish ancha xavfli bo‘lsa ham, bu aeroportga ancha yirik bo‘lgan Lockheed C-5 Galaxy harbiy samolyoti ham qo‘nadi. Dekabr oyiga kelib, janubiy yarim sharda yoz fasli bo‘lganda muz yorilib ketishi xavfi tufayli parvozlar bir muddat to‘xtatib turiladi.

Xitoydagi Yadin aeroportining terminali. U uchar likopcha ko‘rinishida qurilgan

Yadin aeroporti, Xitoy

Yadin aeroporti Xitoy tarkibidagi Tibet avtonom o‘lkasining sharqiy qismida, Daochen shahrida joylashgan. Ushbu aeroport dunyodagi eng baland joyda, dengiz sathidan 4 411 metr balandlikda faoliyat olib boradi.

Yadin aeroporti 2013 yilda foydalanishga topshirilgan. Shundan so‘ng odamlar u joylashgan Sichiuan provinsiyasi markaziga borish uchun tog‘dagi dovon orqali uzoq yo‘l bosish mashaqqatidan qutilishdi.

Aeroport terminali uchar likopcha shaklida qurilgan. Uning uchish-qo‘nish yo‘lakchasining uzunligi 4 200, eni 45 metrni tashkil etadi va unga yirik samolyotlar ham bemalol qo‘na oladi. Mazkur aeroport bir yilda 300 ming nafar yo‘lovchini o‘tkazish quvvatiga ega.

Yadin aeroporti qurilguncha Tibetdagi boshqa bir havo qo‘nalg‘asi – Bamda aeroporti dunyodagi baland yerda joylashgan edi. U dengiz sathidan 4 334 metr balandlikda joylashgan.

Yaponidagi Kansay aeroporti

Kansay aeroporti, Yaponiya

Kansay aeroporti Osaka shahri yaqinidagi sun’iy tarzda paydo qilingan orolda joylashgan. Aeroportning uzunligi 4 000, eni 1 000 metr bo‘lib, unga yirik samolyotlar ham qo‘na oladi.

Mazkur aeroport 1989 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, u joylashgan sun’iy orolni barpo etish uchun 21 mln metr turli yer jinslari ishlatilgan.

1990 yilda aeroportni Osaka shahri cheti bilan bog‘lash uchun 1 mlrd dollar sarflanib, 3 kilometrli ko‘prik qurilgan. Keyinchalik hududda bir necha marta kuchli zilzilalar sodir bo‘ladi.

Jumladan, 1996 yilda Rixter shkalasi bo‘yicha 7 balli zilzila, 1998 yilda shamol tezligi soatiga 200 kilometrdan oshgan kuchli to‘fon sodir bo‘ladi. Har ikki tabiiy ofat ham aeroportga aytarli zarar yetkaza olmaydi va u ishlashda davom etadi.

Shundan so‘ng aeroport va unga olib boradigan ko‘prik qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan mustahkamlanadi. Umumiy hisobda Kansay aeroporti va unga olib boradigan ko‘prik uchun jami 15 mlrd dollar sarflangan.

2007 yilda Kansay aeroportida 3 500 metr uzunlikdagi ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. Kelajakda aeroportda ikkinchi terminalni qurish rejalashtirilgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid