O‘zbekiston | 17:46 / 06.12.2023
5155
4 daqiqa o‘qiladi

Dubaydagi «O‘zbekiston» pavilonida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi bilan uchrashuv o‘tkazildi

BAAda o‘tkazilayotgan COP-28 - Xalqaro iqlim forumi doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) ijrochi kotibi Tatyana Molchan xonim bilan uchrashdi.

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi

Molchan xonim yigirma yillik tajribaga ega bo‘lib, Moldovaning BMT, Jahon savdo tashkiloti va Jyenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili hisoblanadi. 2023 yil iyul oyida amaldagi lavozimga tayinlangan.

«O‘zbekiston» pavilonida bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida Aziz Abduhakimov Tatyana Molchanni BMT YeIK ijrochi kotibi etib tayinlangani bilan tabrikladi. 

«Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan uzoq muddatli, strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda bizda bir qator taklif va yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, hamkorlikni yanada mustahkamlashni istaymiz», dedi u. 

Uchrashuvda vazir O‘zbekistonda atrof-muhit samaradorligini baholash tizimi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ekologik muammolarning transchegaraviy xususiyati va Markaziy Osiyo davlatlari har biri milliy hisobot tayyorlayotganini hisobga olib, mintaqaviy hisobot ishlab chiqishni taklif qildi. Bu hisobot Markaziy Osiyoning 5 ta davlatini qamrab olib, atrof-muhit muammolarini hal qilishda xabardorlikni oshirish, birgalikda qarorlar qabul qilish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga tez orada a’zo bo‘lishini ta’kidladi.

«Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 49-moddasida aholining ekologik axborot olish huquqi o‘z aksini topgan. Bu esa Orxus konvensiyasiga to‘liq mos keladi», dedi vazir.

Qolaversa, O‘zbekistonda 2021 yildan boshlab butun mamlakat bo‘ylab har yili 200 millionta daraxt va buta ko‘chatlari ekilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, YeIKning «3-30-300» konsepsiyasi tajribasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, «3-30-300» konsepsiyasi shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishni ko‘zda tutadi. Unga ko‘ra, aholi o‘z uyidan kamida 3 daraxtni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi, har bir mahallaning 30 foizi daraxtlar bilan qoplanishi va 300 metr yaqinlikda sifatli umumiy yashil maydon ko‘rinib turishi ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda O‘zbekistonda 2028 yilgacha hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash va atmosfera havosiga metan chiqindilarini kamaytirish rejalashtirilgani, 1000 gektardan ortiq maydondagi 167 ta chiqindi poligonlari yopilishi va qayta ishlanishi, xalqaro sanitariya talablariga javob beradigan yangi poligonlar tashkil etilishi ta’kidlandi. Shuningdek, uchrashuvda qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar va ekoturizmni boshqarish sohasida davlat xususiy sheriklik tizimini integratsiya qilish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida YeIK bilan tabiatni asrash va qayta tiklash borasida davomli hamkorlik qilishga kelishib olindi. Aziz Abduhakimov Tatyana Molchan xonimni 2024 yil 12–17 fevral kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP-28) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi doirasida rasmiy taqdimot tadbirini o‘tkazishni taklif qildi.

Mavzuga oid