G‘azoda qurshab olinayotgan Xon Yunus, ko‘maksiz qolish xavfi ostidagi Ukraina, hududini kengaytirayotgan Venesuela - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida dunyo diqqat markazida bo‘lib turgan voqea-hodisalar hamda yangiliklarning sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
Isroil qurolli kuchlari G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahrini qurshab olmoqda. Isroil qurolli kuchlari bosh shtabining bildirishicha, G‘azoda yerusti operatsiyasining uchinchi bosqichi boshlangan. Isroil armiyasi sutka davomida G‘azo sektoridagi 250 dan ortiq obektga zarba berganini ma’lum qildi.
Xususan, Isroil Al-Burayjdagi qochqinlar lagerini aviazarbalar vositasida kunpayakun qilgan. Mahalliy aholining hikoya qilishicha, bombalash tonggi soat 6 da, hali odamlar uxlab yotgan paytda boshlangan. O‘nlab odamlar o‘ldirilgan, yana ko‘plab odamlar vayronalar ostida qolgan.
G‘azodagi qirg‘in chog‘ida Isroil zarbalari tufayli o‘ldirilgan falastinliklar soni 16 ming 248 nafarga yetgan. Yaradorlar soni 43,5 mingdan oshgani xabar qilinmoqda.
Bosqin uyushtirilganidan buyon 63 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari halok bo‘lgan, ularning yana uch nafari bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.
Toki Isroil G‘azo sektoridagi agressiyasini yakunlamas ekan, HAMAS ular bilan muzokaralar olib bormasligi va qo‘lida ushlab turilgan garovdagilarni ozod qilmaydi. Bu haqda harakatning siyosiy byurosi a’zosi Usoma Hamdan bayonot bergan.
Bu borada Isroil Milliy xavfsizlik kengashi o‘z fuqarolari uchun xavfli davlatlar ro‘yxatini tuzdi va ularning sirasiga O‘zbekistonni ham kiritdi.
Kengash bayonotiga ko‘ra, Afrikaning bir qator mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyoda davlatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonda xavf 3-darajaga ko‘tarilgan va muhim bo‘lmagan sayohatlarni kechiktirish tavsiya qilinadi.
Politico nashrining xabariga ko‘ra, Jo Bayden administratsiyasi urushdan so‘ng G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha reja ishlab chiqmoqda. Mintaqani barqarorlashtirish uchun janglar tugagach Oq uy u yerga xalqaro tinchlikparvar kuchlar joylashtirishini yoqlamoqda, so‘ngra sektor uchun uzoq muddatli mas’uliyat yangilangan Falastin milliy ma’muriyatiga topshiriladi. Bu holatda Oq uy u yerga amerikalik askarlarni jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush boshlanganidan buyon Ukraina qahramoni unvoni berilganlarga davlat tomonidan bepul kvartira ajratilishini e’lon qildi. Bunday harbiylar soni ayni paytda 360 nafarga yetgan. Kvartiralar halok bo‘lgan qahramonlarning oilalariga ham beriladi.
Ayni paytda Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining ikkinchi va uchinchi mdofaa chizig‘i o‘rtasida bo‘lib turibdi, degan Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov.
«Biz 2022-yildan buyon bosib olingan hududlarimizning 50 foizini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldik. Biz o‘z tuprog‘imizda Rossiya ustidan g‘alaba qozonmoqdamiz, hududlarimizni qaytarib, ozod qildik. Hozir bizda 2024 yil uchun rejalar mavjud», — degan Umerov.
Ukraina dunyodagi eng harbiylashgan davlatga aylandi. 2007 yildan beri Global harbiylashish indeksida yetakchilik qilib kelgan Isroil ikkinchi o‘ringa tushib ketdi. Undan keyin kamayish tartibida Armaniston, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Gretsiya, Singapur, Ozarboyjon va Rossiya bormoqda.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak Rossiyaga qarshi urushda mag‘lub bo‘lish xavfi paydo bo‘layotganini ta’kidladi.
«Agar AQSh Kongressida muhokama qilinayotgan yordam kechiktirilsa, biz hozirgi pozitsiyamizda qolib ketishmiz borasida katta xavf paydo bo‘ladi. Hujumga o‘tish imkonsiz bo‘lib qoladi, hattoki urushda mag‘lub bo‘lish xavfi paydo bo‘ladi», — degan Yermak.
Darhaqiqat, AQSh Kongressi Ukrainaga ajratilishi lozim bo‘lgan harbiy yordam borasida kelisholmay turibdi. Bu esa Ukrainani AQShning ichki muammolari asiriga aylantirib qo‘ygan va vaziyat Ukrainada ham, Amerikada ham, Yevropada ham juda kuchli tahlika bilan kuzatilmoqda.
AQSh Kongressi vakillar palatasi spikeri Maykl Jonson esa Kongress Ukrainani qurollantirishga 2024 yilda yordam berishga tayyor, biroq buning uchun Jo Bayden qochqinlar uchun chegaralarni ochish masalasini qayta ko‘rib chiqishi lozimligini aytib, ochiq xat yo‘llagan.
AQSh Moliya vaziri Janett Yyellen Meksikaga tashrifi chog‘ida Agar Ukraina urushda mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, Kongress Kiyevga qo‘shimcha yordam ajratilishini ma’qullamagani uchun javobgar bo‘ladi, degan.
AQSh prezidenti Jo Bayden bugun Ukrainaga yangi yordam paketi borasidagi noaniqliklar fonida G7 davlatlari yetakchilari bilan virtual uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar beradi Oq uy matbuot xizmati.
G7ga rahbarlik qilayotgan Yaponiya hukumati bosh kotibi Hirokatsu Matsunoning xabar berishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham onlayn uchrashuvda ishtirok etadi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yevropaliklarga Ukraina bilan NATO haqida muzokara olib borishni bas qilishni so‘ragan. Ukraina Oliy Radasi deputati Goncherenkoga ko‘ra, uning Vashingtondagi manbalari NATO mavzusi AQSh elitasining g‘ashini keltirishi, ular urush tugaganidan so‘ng ham Ukraina NATO a’zo bo‘lmasligi haqida aniq signal berishganini aytgan. Deputatga ko‘ra, Ukrainaning asosiy strategiyasi hozir Yevropa Ittifoqi bo‘lishi kerak.
Amerika Qo‘shma Shtatlari yana Rossiya va Belarusning 13 nafar jismoniy shaxsi va 20 ta kompaniyasiga sanksiyalar joriy etgan. Bu haqda AQSh moliya vazirligi xabar bergan.
Kipr o‘z banklariga rublda operatsiya o‘tkazish va rossiyalik mijozlari bilan munosabatlarni cheklash haqida bildirishnoma yubordi, deb yozadi Politic nashri. Xabarga ko‘ra, bunday chora qo‘llanilishiga sanksiyalarni aylanib o‘tish ehtimoli bo‘lgan 29 ta ish tergov qilinayotgani sabab bo‘lgan.
Rossiyaning Urals markali nefti narxi barreliga 67 dollargacha pasaydi. Bu RF Moliya vazirligining 2024 yil uchun bazaviy prognozi — 71,3 dollardan past.
Moskva valuta birjasida 3 noyabrdan buyon ilk bora 1 AQSh dollarining kursi 93 rubldan oshdi.
Rossiya prezidenti neft qazib olish va G‘azodagi vaziyatni muhokama qilish uchun Saudiya Arabistoniga boradi. Ushbu tashrifni Bloomberg agentligi Amerikaning Rossiyani izolyatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlari barbod bo‘lganidan nishona, deb atadi.
Venesuela hukumati yakshanba kuni o‘tkazilgan referendumdan so‘ng bahsli Essekibo hududining statusini aniqlashtiruvchi qonunlarni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Gayana bilan o‘rtada tortishilayotgan hududni mamlakatning ajralmas qismi qilish borasida harakatlar boshlangan.
Masalan, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakatning yangi, 24-shtati — Gayana Esskibo tuzilishini aytdi.
Maduro hattoki Venesuelaning Essekibo hududi qo‘shib olingan yangi xaritasini namoyish etdi va bu xarita zudlik bilan barcha ta’lim muassasalariga jo‘natilishini ta’kidladi.
Maduro shuningdek Esskibo dengiz shelfida ishlayotgan neft kompaniyalarni ishni yakunlash uchun 3 oy muddat berib, hududni «integral mudofaa zonasi», deb e’lon qildi.
Gap shundaki, xalqaro xaritalarda Gayananing Essekibo hududiga tegishli dengiz shelfida ulkan neft zaxiralari bor. Venesulaning bosh maqsadi o‘sha konlarni qo‘lga kiritish.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024