Jahon | 17:55
1763
10 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda buzilgan AQSh-Eron sulhi, Orbanni qo‘llash uchun kelgan Vens va Livan bo‘ylab dahshatli hujumlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Sulh uzoqqa bormadi. Yana noaniqlik

8 aprel kechki paytga kelib Eron tomoni AQSh bilan doimiy tinchlik bitimi muzokaralarini davom ettirish «mantiqsiz» bo‘lishini bildirdi. Eron bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibofning ushbu ogohlantirishi – Donald Tramp e’lon qilgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotdan keyin ham beqarorlik davom etayotganini ko‘rsatdi.

G‘olibofning aytishicha, Isroil Eron bilan hamkorlikdagi «Hizbulloh»ga qarshi urushni kuchaytirish orqali o‘t ochishni to‘xtatishning bir necha shartlarini buzib ulgurgan. AQSh esa Eronning yadroviy maqsadlaridan voz kechishini talab qilish orqali kelishuvni buzgan.

«Bunday vaziyatda ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish yoki muzokaralar o‘tkazish mantiqsiz edi», dedi u o‘z bayonotida.

Tomonlar Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha ham bir-biridan uzoq pozitsiyada ekani ko‘rindi — bu Tramp urush uchun asos sifatida keltirgan omillardan biri edi. Tramp Eron yadro quroliga aylantirilishi mumkin bo‘lgan uranni boyitishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytdi. Oq uy Eron o‘zining mavjud zaxiralarini topshirishga tayyorligini bildirganini ma’lum qildi.

Biroq G‘olibof o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga ko‘ra uranni boyitishni davom ettirishga ruxsat berilganini aytdi.

AQSh ham, Eron ham besh hafta davom etgan va minglab odamlarning yostig‘ini quritgan urushda g‘alaba qozonganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, ularning asosiy kelishmovchiliklari hal etilmay qolmoqda. Har bir tomon bitim uchun bir-biriga zid talablarida qat’iy turibdi.

Binyamin Netanyahu esa Isroilning «barmog‘i tepkida» ekanini va «har qanday lahzada» janglarga qaytishga tayyorligini aytdi.

Eron sulh buzilganiga javoban Ko‘rfaz mamlakatlaridagi neft obektlariga, jumladan, Ho‘rmuzni aylanib o‘tish uchun ishlatiladigan Saudiya Arabistonidagi quvur liniyasiga ham zarba bergan. Kuvayt, Bahrayn va BAA ham raketa va dron hujumlari haqida xabar bergan.

Payshanba tongiga kelib Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ruxsatnomasiz harakatlanayotgan kemalar uchun yopiqligicha qolmoqda. Yuk tashuvchilar tranzitni davom ettirishdan oldin ko‘proq aniqlik kerakligini aytishdi.

Shuningdek, Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi ketma-ket postlarida Eronga qurol yetkazib beruvchi har qanday davlatning barcha tovarlariga 50 foizlik yangi bojlar joriy etishini e’lon qildi.

Livanga dahshatli hujumlar uyushtirildi

Isroil chorshanba kuni — sulh e’lon qilingach, Livanga urush boshlanganidan beri eng og‘ir zarbalar berdi. Tushdan keyin poytaxt Bayrutni ketma-ket kamida beshta zarba larzaga keltirdi va osmonga quyuq tutunlar ko‘tarildi.

Isroil harbiylari buni urushdagi eng yirik muvofiqlashtirilgan zarba deb atadi. Ma’lum qilinishicha, o‘n daqiqa ichida Bayrut, Bekaa vodiysi va Livan janubida «Hizbulloh»ning 100 dan ortiq obektlari nishonga olingan.

Livan fuqarolik mudofaasi xizmatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 254 kishi halok bo‘lgan va 1100 dan ortiq kishi jarohatlangan. Eng ko‘p qurbon Bayrutda qayd etildi.

«Hizbulloh» payshanba kuni erta tongda Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzganini sabab qilib, kichik «Manara» kibutsiga raketa otganini ma’lum qildi.

Reutersʼning manbalariga tayanib yozishicha, «Hizbulloh» chorshanba kuni erta tongda sulhga ishonib, Isroil nishonlariga hujum qilishni to‘xtatgandi. «Hizbulloh»ga u sulhning bir qismi ekani aytilgandi — shuning uchun biz unga amal qildik, ammo Isroil odatdagidek uni buzdi va butun Livan bo‘ylab qirg‘inlar uyushtirdi», dedi «Hizbulloh» a’zosi Ibrohim al-Mussaviy.

«Bugun Livandagi qirg‘in va vayronagarchilik miqyosi dahshatli darajada», dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk. «Eron bilan sulhga kelishilganidan bir necha soat o‘tgach, bunday qirg‘inning yuz berishi aqlga sig‘maydi».

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu televideniye orqali murojaatida Livan Eron bilan tuzilgan kelishuvning bir qismi emasligini va «Hizbulloh»ga zarbalar berishda davom etishini aytdi.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit va AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens ham chorshanba kuni Livan sulhga kiritilmaganini aytdi.

Ammo AQSh—Eron muzokaralarida asosiy vositachi bo‘lgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ham, Eron tomoni ham sulh Livanni qamrab olishini aytgandi.

Orban uchun qo‘llov

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Viktor Orbanni saylovlarda qo‘llash uchun Vengriyaga tashrif buyurdi.

Amaldagi bosh vazir Viktor Orban oltinchi muddatga saylanish uchun kurash olib bormoqda. Ammo u ko‘plab so‘rovnomalarda o‘zining raqibi Peter Madyardan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Vens safar davomida tajribali populist rahbar kampaniyasidagi asosiy mavzularga to‘xtalib o‘tdi.

U Yevropa yetakchilarini tanqid qildi, shu bilan birga Ukrainadagi urush davrida Moskva bilan eng yaqin aloqalarni saqlab qolgan Orbanni maqtab o‘tdi. Orbanning o‘zi ham Yevropa Ittifoqi va Kiyevni tanqid qilishni saylovoldi tashviqotining asosiy qismiga aylantirgan.

Ammo Orbanning mamlakat ichidagi siyosiy qiyinchiliklari — uning tashqi siyosiy pozitsiyasidan emas, balki korrupsiya va ichki mojarolardan kelib chiqqan.

Seshanba kuni kechqurun Orban bilan o‘tkazilgan mitingdan oldin Vens Yevropa Ittifoqini Vengriyadagi saylovlarga «uyatli» tarzda aralashishda ayblab, buni «xorijiy saylovlarga aralashishning eng yomon namunalaridan biri» deb atadi. U: «Biz Viktor Orbanning qayta saylanishiga erishishimiz kerak», dedi.

Germaniya hukumat vakili esa Vensning saylovlarga aralashish haqidagi da’volarini rad etdi: AQSh vitse-prezidenti Vengriyada bo‘lishining o‘zi «kim aslida nimaga aralashayotganini ko‘rsatib turibdi», dedi u.

Venesuela oyliklarni oshirmoqchi

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges 1 may kuni ishchilar daromadini «mas’uliyatli tarzda oshirishini» ma’lum qildi. Uning ma’muriyati ish haqini yaxshilash uchun neft va tog‘-kon sanoatidagi o‘zgarishlardan foydalanishni ko‘zlamoqda. Ish haqining oshirilishi bo‘yicha aniq raqamlar keltirilmadi.

Reutersʼga ko‘ra, Venesuelada bazaviy eng kam ish haqi 2022 yil mart oyidan beri oyiga 130 bolivar — atigi 30 sentni tashkil qiladi. Ko‘plab davlat xizmatchilari bonuslar va boshqa to‘lovlar orqali oylik umumiy daromadini qariyb 150 dollargacha yetkazishi mumkin.

Rodriges ish haqini oshirishda inflatsiya ta’sirini hisobga olishi va resurslardan foyda ko‘rayotgani sababli «ushbu yo‘lda harakat qilishda» davom etishini ta’kidladi.

Shuningdek, u o‘z davlatiga qarshi AQSh sanksiyalarini tugatish haqidagi chaqirig‘ini takrorladi.

Gretsiya ham bolalar himoyasiga otlanmoqda

Gretsiya 2027 yil 1 yanvardan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlaydi. Bosh vazir Kiriakos Mitsotakis — xavotirning kuchayishi, uyqu bilan bog‘liq muammolar va onlayn platformalarning o‘ziga o‘rgatib qo‘yuvchi dizaynini sabab qilib ko‘rsatib, shunday bayonot berdi.

Mamlakatda fevral oyida e’lon qilingan ijtimoiy so‘rovnomada qatnashganlarning qariyb 80 foizi ushbu taqiqni ma’qullashini ko‘rsatdi. Gretsiya hukumati allaqachon maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni qonun bilan taqiqlagan va o‘smirlarning ekran qarshisidagi vaqtini cheklash uchun ota-ona nazorati platformalarini joriy etgan.

«Gretsiya bunday tashabbusni qo‘lga olgan birinchi davlatlardan biri bo‘ladi. Biroq ishonchim komilki, biz oxirgisi bo‘lmaymiz. Bizning maqsadimiz — Yevropa Ittifoqini ham shu yo‘nalishga undashdir», dedi Gretsiya bosh vaziri.

Avstraliya o‘tgan yilning dekabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgandi. Bu taqiq TikTok, YouTube, Instagram va Facebook kabi platformalarga kirishni to‘sib qo‘yadi.

Hukumatning ma’lum qilishicha, Gretsiya hozircha ushbu ijtimoiy tarmoq platformalarini foydalanuvchilarning yoshini tekshirishga majbur qila olmaydi, biroq platformalarga allaqachon yaratilgan mexanizmlardan foydalanishni tavsiya qiladi.

Gretsiya parlamenti taqiq bo‘yicha qonunni 2026 yil o‘rtalarida qabul qiladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid