Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqda tin olgan urush, Istanbulda qurolli hujum va «Epshteyn ishi»ga tortilgan Bill Geyts – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron sulhga kelishdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Tramp avvalroq agar talablari bajarilmasa, «bugun tunda butun Eron sivilizatsiya halok bo‘ladi» deya tahdid qilgandi.
Trampning ta’kidlashicha, so‘nggi daqiqalarda erishilgan kelishuv Eronning bo‘g‘oz orqali neft va gaz yetkazib berish blokadasini to‘xtatishiga bog‘liq.
«Bu ikki tomonlama O‘T OChIShNI TO‘XTATISh bo‘ladi!» deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida. So‘nggi haftalarda bir qator tahdidlar bilan chiqib, keyin chekingan Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron muzokaralar uchun «ishchi asos» bo‘lgan 10 banddan iborat taklifni taqdim etgan.
Tramp AFP axborot agentligiga bu «mutlaq va to‘liq g‘alaba» ekanini aytdi.
«Mutlaq va to‘liq g‘alaba. 100 foiz. Bunga hech qanday shubha yo‘q», dedi u sulh orqali g‘alabani da’vo qilyapsizmi, degan savolga javoban. Shuningdek Tramp «Eron qayta tiklash jarayonini boshlashi mumkin va AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi transport harakatini tiklashga yordam beradi», deya qo‘shimcha qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘z bayonotida Tehron qarshi hujumlarni to‘xtatishini va suv yo‘li orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlashini bildirdi. Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi esa ushbu kelishuvni AQSh ustidan g‘alaba sifatida baholab, Tramp Eronning shartlarini qabul qilganini iddao qildi.
Iroqdagi qarshilik harakati ham butun mintaqada o‘z operatsiyalarini ikki haftaga to‘xtatishini bildirdi.
Isroil bosh vaziri idorasi ham ikki haftalik muddatda Eronga beriladigan zarbalarni to‘xtatib turish qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ammo ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga nisbatan qo‘llanmasligini aytdi.
Livan davlat axborot agentligi janubda Isroil zarbalari davom etayotgani, jumladan, tonggi havo hujumi natijasida to‘rt kishi halok bo‘lganini xabar qildi.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimi qachon to‘liq kuchga kirishi hozircha ma’lum emas. Isroil OAVlari u – Eron bo‘g‘ozni qayta ochganidan so‘ng boshlanishini kutayotganini xabar qildi.
O‘t ochishni to‘xtatishda vositachilik qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning aytishicha, u Eron va AQSh delegatsiyalarini juma kuni Islomobodda uchrashishga taklif qilgan.
Muzokaralardan xabardor ayrim manbalar ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatish barqarorligiga shubha bilan qarayotganini aytgan.
Istanbulda qurolli hujum
Seshanba kuni Istanbuldagi Isroil konsulxonasi yaqinida otishma sodir bo‘ldi: bir qurolli shaxs o‘ldirildi va ikki kishi yaralandi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda qurollangan hujumchilardan biri politsiya tomonidan otib tashlangani va yerga yiqilgani aks etgan. Guvohlar o‘q ovozlari «baland» bo‘lganini va taxminan 15-20 daqiqa davomida kuchayib borganini aytdi.
Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchining ma’lum qilishicha, otishmada ikki politsiyachi «yengil jarohatlangan». Hujumchilar Istanbulga Izmit shahridan ijaraga olingan avtomashinada kelgan va ularning ikkitasi aka-uka ekani aytilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi o‘ldirilgan qurolli shaxsning «dinni suiiste’mol qiluvchi terrorchi tashkilotga aloqador» bo‘lganini bildirdi. Bu ibora bilan uni IShID guruhiga ishora deb tushunilmoqda.
G‘azodagi genotsid ortidan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sababli hozirda Turkiyada isroillik diplomatlar mavjud emas va konsulxona so‘nggi ikki yarim yildan beri bo‘sh turibdi. Turkiya adliya vaziri hujum yuzasidan rasmiy tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.
Rasmiylarga ko‘ra, «zararsizlantirilgan uch terrorchi o‘rtasida jadal raqamli muloqot aniqlangan» va yaralanganlarni so‘roq qilish davom etmoqda.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an voqeani «mudhish terrorchilik harakati» deb atadi.
Iroqda amerikalik jurnalist ozod qilindi
Iroqdagi «Kataib Hizbulloh» qurolli guruhi bir necha kun oldin o‘g‘irlab ketilgan amerikalik jurnalist Shelli Kitlsonni ozod qildi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubioning bayonotiga ko‘ra, Kitlsonning ozod qilinishini ta’minlashda Pentagon, FQB va Iroq Oliy sud kengashi rasmiylari yordam bergan. Jurnalist mart oyi oxirida Bag‘dodda o‘g‘irlab ketilgandi.
«Ushbu amerikalikning hozirda ozodlikda ekanidan yengil tin oldik va uning Iroqdan xavfsiz chiqib ketishini ta’minlash ustida ishlayapmiz», deya qo‘shimcha qildi Rubio.
Eronga aloqador ko‘riladigan «Kataib Hizbulloh» guruhi seshanba kuni ertaroq Kitlsonni ozod qilishi va u Iroqni zudlik bilan tark etishi kerakligini aytgandi.
Vaziyatdan xabardor mulozimning Reutersʼga ma’lum qilishicha, uning ozod etilishi Iroq hukumati va bir qancha nufuzli shia yetakchilarining sa’y-harakatlari natijasidir: ular jurnalistni qutqarish uchun qurolli guruhga bosim o‘tkazgan.
Yaqin Sharqdagi Al-Monitor portalining xabar berishicha, Kitlson Rimda istiqomat qiluvchi amerikalik mustaqil jurnalist bo‘lib, mintaqadagi bir qancha urushlarni yoritgan va mazkur nashr uchun maqolalar tayyorlab kelgan.
KXDR yana raketa sinovlarini o‘tkazdi
Shimoliy Koreya chorshanba kuni o‘zining sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi dengizga bir nechta ballistik raketa uchirdi. Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari shtabining ma’lum qilishicha, noma’lum qisqa masofali raketalar Vonsan shahri yaqinidan taxminan 240 km masofaga uchgan.
Hozirda Janubiy Koreya va AQSh rasmiylari operatsiyaning batafsil tahlilini o‘tkazmoqda. Janubiy Koreya harbiylari, shuningdek, seshanba kuni Pxenyan yaqinidan ballistik raketa ekani taxmin qilingan yana bir uchirilish aniqlanganini bildirdi.
«Yonhap» agentligi harbiy mulozimlarga tayanib xabar berishicha, seshanba kuni uchirilgan snaryad ehtimol ballistik raketa bo‘lgan; u sharqqa qarab uchgan, biroq parvozning dastlabki bosqichida nosozlik alomatlarini ko‘rsatib, g‘oyib bo‘lgan. Ushbu hodisalar Shimoliy Koreyaning joriy yildagi to‘rtinchi va beshinchi ballistik raketa sinovlaridir.
So‘nggi sinovlar haqidagi ma’lumotlar Shimoliy Koreya yuqori lavozimli mulozimining jangovar ruhdagi bayonotidan keyin paydo bo‘ldi. Seshanba kuni KXDR Tashqi ishlar vazirligi mulozimi «agar Janubiy Koreya Pxenyanni dushmandan boshqa narsa sifatida ko‘rishga tayyor deb o‘ylasa, bu uning xomxayolidir», degandi.
Janubiy Koreyaning prezidentlik qarorgohi buni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzuvchi provokatsiya deb atadi va Pxenyanni bunday sinovlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Bill Geyts «Epshteyn ishi» bo‘yicha ko‘rsatma beradi
Microsoft asoschisi va hammuassisi Bill Geyts AQSh Kongressida marhum pedofil jinoyatchi Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha ko‘rsatma berishi kutilmoqda.
Milliarder va filantrop Geyts Epshteynning qonunbuzarliklarini tekshirayotgan Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasida ko‘rsatma berishga rozi bo‘lgan navbatdagi yuqori martabali shaxsdir. Tinglov 10 iyunga belgilangan.
Geytsga Epshteynning jabrlanuvchilari tomonidan hech qanday ayblov qo‘yilmagan va uning tergov hujjatlariga kiritilgani biron-bir jinoiy faoliyatni anglatmaydi. Geytsning Epshteyn bilan aloqalari haqidagi tafsilotlar Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan uch milliondan ortiq hujjatlar orasida mavjud edi.
Bill Geyts o‘zining xayriya jamg‘armasi xodimlari bilan uchrashuvda «o‘z harakatlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan».
Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Geyts xodimlardan uzr so‘ragan va u ikki nafar rossiyalik ayol bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani, buni keyinchalik Epshteyn bilib qolgani haqida gapirgan. Moliyachi haqida esa u shunday degan: «men hech qanday noqonuniy ish qilmadim. Hech qanday noqonuniy narsani ko‘rmadim».
Fevral oyida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton qo‘mita oldida chiqish qilgandi. AQSh savdo vaziri Hovard Lutnik va sobiq bosh prokuror Pem Bondi ham yaqin haftalarda ko‘rsatma berishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
15:21 / 07.04.2026
Tahdidlarni davom ettirayotgan Tramp, yerdan eng ko‘p uzoqlashgan astronavtlar va kelishuvni rad etgan Eron – kun dayjesti
15:24 / 06.04.2026
Ho‘rmuz bo‘yicha ultimatum, Odessaga hujum va AQSh–Xitoy tarangligi – kun dayjesti
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026