O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘pi turli darajada sho‘rlangan. Vaqtida oldi olinmasa, kuchli sho‘rlangan yerlarda hosildorlik 70-80 foizgacha qisqarib ketishi mumkin. Kun.uz bu muammo atrofidagi savollarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Oybek Soatovdan javob oldi.

— Tadqiqotlarga ko‘ra, respublikadagi sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 45 foizni tashkil qilgan. Sho‘rlanishning bu suratda davom etishi yaqin yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi uchun qanchalik xavf tug‘diradi?

— 5 dekabr BMT tomonidan Butunjahon tuproq kuni deb e’lon qilingan. Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 4,3 mln gektar yerda melioratsiya tadbirlari amalga oshiriladi. Vazirlikning 2020-2030 yillarga bag‘ishlangan suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi bor. Shu konsepsiyada sho‘rlangan yerlar 44,7 foiz deb ko‘rsatilgan. Ayni paytda, Oliy Majlis Senatida “Tuproqlarni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tasdiqlandi. Aynan sug‘oriladigan yerlarga nisbatan sho‘rlanish darajasi 53 foizni tashkil etadi. Ammo tadqiqotlarga ko‘ra, bizda qilinayotgan tadbirlar natijasida sho‘rlanish darajasi kamayyapti.

Sho‘rlanish qishloq xo‘jaligi orqali iqtisodiyotga sezirlarli ta’sir ko‘rsatadi. Sho‘r yuvish tadbirlarini amalga oshirmasak, kuchsiz sho‘rlangan yerda 15 foiz, o‘rta sho‘rlangan yerlarda 30 foiz, kuchli sho‘rlangan yerlarda 70-80 foizgacha hosil yo‘qotamiz. Shuning uchun tuproqdan foydalanishda qish va bahor mavsumida sho‘r yuvish tadbirlari muhim hisoblanadi.

Sho‘r yuvish jarayonlari ham ma’lum iqtisodiy zararlar olib kelishi mumkin. Chunki sho‘r yuvish tadbirlari uchun 5,5 mln kub suv sarf qilamiz. Buncha suvni olib kelish, saqlash kabi holatlar bor. Kuchli sho‘rlangan yerlarni ham birdan sog‘lom yerga aylantirib bo‘lmaydi, kuchsiz sho‘rlangan darajaga tushiriladi va baribir ma’lum miqdorda hosil yo‘qotiladi. Bu narsalarni sho‘rlanish bo‘yicha ish olib borayotgan olimlarimiz ham tekshirib ko‘rishgan.