Ilhom Aliyev: “Biz Yevrosiyoning yangi transport xaritasini yaratyapmiz”
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘zbek tadbirkorlari uchun Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanish imkoniyatlari borligini ta’kidlab, bu boradagi umumiy tarif siyosati ustida faol ish olib borilayotganini aytdi.
6 dekabr kuni Bokuda Qorabog‘ning Ozarboyjon tarkibiga qaytarilganiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Forumning savol-javob sessiyasida O‘zbekiston Strategik islohotlar agentligi loyiha ofisi rahbari Aziza Umarova Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan o‘rta koridor bo‘yicha savol berdi.
“Transkaspiy yo‘lagi Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va u Qora dengiz, O‘rta yer dengizi va undan keyin Yevropaga ulanish nuqtayi nazaridan juda istiqbolli. Shu bilan birga, Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l o‘rta koridor bilan bog‘lanadigan bo‘lsa, bu Janubiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda manfaatli loyiha bo‘ladi. Ammo ba’zi cheklovlar ham bor. Siz qanday to‘siqlarni ko‘ryapsiz va ularni birgalikda hal qilishimiz mumkinmi?” – deya so‘radi Umarova.
Ozarboyjon rahbari O‘zbekiston uning mamlakatiga eng birinchi bo‘lib birodarlik yordamini ko‘rsatgan davlat ekaniga urg‘u berib, Shavkat Mirziyoyev bilan birga Fuzuliy shahrida ochilgan va Mirzo Ulug‘bek nomi berilgan maktabning ochilish marosimida birga ishtirok etishganini esladi.
“Biz transport, energetika, avtomobilsozlik sohalarida hamkorlikning keng miqyosidagi kun tartibini ishlab chiqdik. Bu ikkala tomon ham faxrlanishi mumkin bo‘lgan hamkorlik va kelajak uchun katta salohiyatga ega. Birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar uchun 500 mln dollarlik dastlabki zaxiraga ega qo‘shma investitsiya jamg‘armasi yaratdik va ayni paytda jamoalarimiz birgalikda sarmoya kiritadigan loyihalarni aniqlamoqda”, – dedi Ilhom Aliyev.
Ozarboyjon prezidenti Qirg‘iziston va Xitoy bilan birgalikda amalga oshirilayotgan temir yo‘l loyihasi o‘rta koridor istiqboli uchun ham muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“Ayni paytda, bu temir yo‘lsiz ham o‘zbek kompaniyalari uchun Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanish imkoniyatlari mavjud, ammo ular buni katta hajmda amalga oshirmayapti. Hozirda biz transport infratuzilmasini raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar, umumiy tarif siyosati ustida faol ishlayapmiz va bu yanada samarador bo‘ladi. Marshrut vaqt nuqtayi nazaridan ancha jozibali, ammo dengiz yo‘li bilan solishtirganda raqobatbardosh emas, bu aniq. Bizning vazifamiz marshrutni tijorat nuqtayi nazaridan yanada foydali qilishdir. Buning uchun, albatta, tariflar bo‘yicha qo‘shma siyosat, raqamlashtirish lozim.
Biz Bokudan Gruziya chegarasigacha bo‘lgan temir yo‘lni to‘liq rekonstruksiya qilishni yakunladik. Poyezdning tezligi bir necha yil oldingi 50-60 km/soatdan 120 km/soat yetkazildi. Shu bilan birga, menimcha, bir-ikki oy ichida Boku–Tbilisi–Kars temir yo‘lining Gruziya qismini kengaytirish ham tugaydi va bu 100 foiz Ozarboyjon sarmoyasi hisobidan amalga oshirilmoqda. Demak, bizda bu yangi yuklarni qabul qilish uchun imkoniyatlar bor, xususan ozod qilingan hududlar, masalan, Zangilon orqali o‘tadigan yo‘l. Ehtimol, siz mavjud temir yo‘lni ko‘rgandirsiz. Bu yo‘lni Armaniston orqali davom ettirish rejasi bor edi, lekin ular rad etdi. Shundan so‘ng Eron tomoni bilan kelishib oldik va allaqachon avtomobillar uchun ko‘prik ham quryapmiz, keyin esa Armanistonni aylanib o‘tish uchun poyezd ko‘prigi va Araz daryosining janubiy qirg‘og‘ida taxminan 50 kilometr masofada temir yo‘l quramiz, keyin u Naxichevanga kiradi.
Bu Turkiya temir yo‘l tizimi bilan bog‘lanish imkonini beradi, chunki bizga Turkiya tomoni Kars-Naxichevan temir yo‘li qurilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi. Aytish mumkinki, bu o‘rta koridorning yana bir kengaytmasi bo‘ladi. Biri Gruziya orqali Kars va O‘rta yer dengizi portlariga, ikkinchisi Zangilon, Eron, Naxichevan va yana Turkiya orqali o‘tadi.
Bu jismoniy imkoniyatlarni oshiradi, Shu bilan birga, bu yo‘lni tijorat nuqtayi nazaridan yanada jozibador qilishimiz kerak. Shu maqsadda Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida juda samarali hamkorlik formatini yaratdik. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston ham ushbu formatga qo‘shilish haqida o‘ylab ko‘rsa, bu barchamiz uchun yaxshi bo‘ladi. Bu haqiqatan ham katta salohiyatga ega Yevrosiyoning yangi xaritasi, yangi transport xaritasi.
Qorabog‘ni qayta tiklashga kelsak, aslida asosiy to‘siq, bu – minalar. Bizning raqibimiz vaqt, chunki buni imkon qadar tezroq qilishni xohlaymiz. Boshqa to‘siqlar yo‘q, moliyaviy resurslarni jamlaganmiz. Qorabog‘ni qayta tiklash sarmoyaviy dasturimizning asosiy qismi bo‘ladi. Taqqoslash uchun aytmoqchimanki, Qorabog‘ni qayta tiklash uchun mamlakatning qolgan qismidan ko‘ra ko‘proq sarmoya jalb qilinadi”, dedi Ilhom Aliyev.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil davomida Ozarboyjonga uch marta tashrif bilan bordi.
Mavzuga oid
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarini 30 foizga oshiradi
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024