Jahon | 07:31 / 07.12.2023
2675
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada noqonuniy qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar bazasidan foydalangan jurnalistlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Foto: Matic Zorman / Getty Images

Rossiyalik deputatlar va senatorlar guruhi Davlat dumasiga sizdirilgan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanganlik uchun jinoiy jazo joriy etish, shuningdek ma’lumot sizdirganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun loyihalari paketini kiritdi.

Tashabbus mualliflari «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zolari — senatorlar Andrey Turchak, Andrey Klishas, Irina Rukavishnikova, Konstantin Dolgov va Artyom Sheykin, shuningdek, deputatlar Aleksandr Xinshteyn, Irina Pankina, Dmitriy Vyatkin va Anton Nemkin bo‘ldi.

Ular quyidagi xatti-harakatlar uchun jazo joriy etishni taklif qilishmoqda:

  • Noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish, uzatish, to‘plash va saqlash uchun — 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; agar axborotlar «maxsus toifadagi ma’lumotlar»dan yoki biometrik shaxsiy ma’lumotlardan iborat bo‘lsa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
  • Shaxsiy ma’lumotlardan «g‘arazli manfaatlar»da foydalanish orqali juda katta miqdorda zarar yetkazish, yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda noqonuniy foydalanish — 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 1 million rubl miqdorida jarimaga tortish.
  • Xuddi shu harakatlar shaxsiy ma’lumotlarni xorijga uzatish bilan sodir etilgan bo‘lsa — 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 2 million rubl miqdorida jarimaga tortish taklif qilinmoqda. Agar shu harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa yoki uyushgan guruh tomonidan amalga oshirilsa — 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 3 million rubl miqdorida jarimaga tortish ko‘zlanmoqda.
  • Shaxsiy ma’lumotlardan iborat axborotlarni noqonuniy saqlash va uzatish uchun mo‘ljallangan resurslar va dasturlar yaratish — 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 700 ming rubl miqdorida jarimaga tortish.

Ma’lumotlarni sizdirganlik uchun deputatlar va senatorlar mavjud jazoni yanada qat’iylashtirib, mansabdor shaxslar uchun 2 million rubl, yuridik shaxslar uchun 15 million rubl jarima belgilashni taklif etmoqda.

Qayta qoidabuzarlik sodir etgan tashkilotlarga kalendar yildagi tushumining 0,1 foizidan 3 foizigacha, biroq 15 million rubldan kam bo‘lmagan va 500 million rubldan ko‘p bo‘lmagan jarima tahdid soladi. Turchakning so‘zlariga ko‘ra, jazo sizdirilgan ma’lumotlarning hajmiga qarab belgilanadi.

Ekspertlarning qayd etishicha, ushbu qonunning qabul qilinishi surishtiruvchi jurnalistlarning faoliyatini xavf ostida qoldiradi, chunki ularning juda ko‘pchiligi o‘z ishida sizdirilgan yoki sizib chiqqan ma’lumotlar bazasidan foydalanishadi.

Mavzuga oid