Jahon | 20:34 / 08.12.2023
11139
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 46 konchi halok bo‘lgan ko‘mir shaxtasi xorijlik investordan qaytarib olindi 

Hukumat 3,5 milliard dollarlik shaxtani 286 million dollarga qayta sotib oldi. 

Foto: Tengrinews

Qozog‘iston hukumati «ArselorMittal Temirtau» (AMT) kompaniyasi bilan Kostenko ko‘mir konini sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunladi. Bu haqda Qozog‘iston sanoat va qurilish vaziri Qanat Sharlapayev ma’lum qildi. 

Korxonani baholash va uni sotib olish bo‘yicha kelishuv 2022 yil 9 dekabrda imzolangan va AMT 3,5 milliard dollar so‘ragan edi. Biroq, bir qator avariyalardan so‘ng, jumladan, 2023 yil oktyabr oyida 46 konchi halok bo‘lganidan keyin davlat aktivlar qiymati 3,5 milliard dollardan 286 million dollarga pasaytirildi. 

«Alohida ta’kidlamoqchimanki, 286 million dollar to‘liq ishlayotgan ikkita korxonaga sarflangan mablag‘dir. Bundan tashqari, AMT Qozog‘iston hukumatiga hech qanday da’vo qilmaydi. Shartnoma huquqiy asosda, xalqaro huquq normalariga to‘liq mos ravishda tuzildi», dedi vazir. 

Yangi investor Hindistonning ArcelorMittal bosh kompaniyasi oldida to‘rt yil ichida 250 million dollar miqdoridagi qisqa muddatli kredit va 450 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli kreditni to‘lash majburiyatini oladi. 

Avvalroq Allur Group direktorlar kengashini boshqarayotgan Andrey Lavrentiyev «ArselorMittal Temirtau» korxonalariga yangi investor bo‘lgani ma’lum qilingan edi. 

Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida avariya 28 oktyabrga o‘tar kechasi yuz berdi. Portlash oqibatida 46 konchi halok bo‘ldi. Fojiadan keyin prezident To‘qayev hukumatga kon egasi bilan sarmoyaviy hamkorlikni to‘xtatishni buyurdi. Qozog‘iston hukumati kelgusi uch yil ichida kamida 3 milliard dollar sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun mahalliy xususiy investorni jalb etish rejalarini e’lon qildi.

Mavzuga oid