Jahon | 11:24 / 09.12.2023
8687
4 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda 94 nafar jurnalist o‘ldirildi, aksariyati - G‘azoda

IFJ ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning HAMASga qarshi urushi 1990 yildan beri OAV xodimlari uchun eng qonli mojaroga aylandi. Ukrainadagi urush ham jurnalistlar uchun xavfliligicha qolmoqda.

Foto: DW

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (International Federation of Journaliss, IFJ) 2023 yilda dunyo bo‘ylab o‘z ishini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari sonidan chuqur xavotir bildirdi. IFJ’ning 8 dekabr, juma kuni chop etilgan yillik hisobotida aytilishicha, yil boshidan buyon dunyo bo‘ylab 94 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, to‘qqiz nafar ayol o‘ldirilgan. 

Bryusselda joylashgan tashkilotning ta’kidlashicha, qurbonlar soni o‘tgan yil shu davriga nisbatan 40 foizdan ko‘proq va 2021 yilga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘lgan, o‘shanda mos ravishda 67 va 47 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari halok bo‘lgan. 

Isroil-HAMAS mojarosi - oxirgi 30 yildagi eng qonli ziddiyat 

Bu, asosan, Isroilning HAMAS guruhiga qarshi urushi bilan bog‘liq. IFJ ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi nizo tashkilot o‘ldirilgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining reyestrini yurita boshlagan 1990 yildan buyon boshqa har qanday to‘qnashuvga qaraganda ko‘proq jurnalistlar hayotiga zomin bo‘ldi. 

7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng mojaroni yoritgan 68 jurnalist halok bo‘ldi - kuniga kamida bir kishi vafot etdi va bu butun dunyo bo‘ylab hayotdan ko‘z yumgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining 72 foiziga teng. Halok bo‘lganlarning katta qismi - Isroil harbiy amaliyotlari davom etayotgan G‘azo sektoridagi falastinlik jurnalistlar.

Shuningdek, Ukraina keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan deyarli ikki yil o‘tib ham «jurnalistlar uchun xavfli mamlakat bo‘lib qolmoqda», deyiladi hisobotda. Bu yil Ukraina, Rossiya va Fransiyadan uch nafar jurnalist urushni yoritish chog‘ida halok bo‘ldi. Jurnalistlarning o‘limi Afg‘oniston, Filippin, Hindiston, Xitoy va Bangladeshda ham qayd etilgan. 

400 ga yaqin OAV xodimlari qamoqqa olingan

Bundan tashqari, qamoqdagi OAV vakillari soni 2023 yilda 393 nafarga yetdi, bu ko‘plab mamlakatlarda: Rossiya, Belarus, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlardagi siyosiy jarayondan darak beradi, deb yozadi IFJ. Bu ro‘yxat ayniqsa so‘nggi uch yil ichida kengaydi. 

IFJ prezidenti Dominik Pardale butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar himoyasini kuchaytirish uchun «yangi global standart»ga chaqirdi. 

Rossiya jurnalistlari uyushmasining IFJ’ga a’zoligi to‘xtatilgan 

2023 yil fevralida Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi Rossiya jurnalistlari uyushmasining a’zoligini to‘xtatdi. Qaror Rossiya nazorati ostidagi Ukraina hududlarida uyushma bo‘limlari tashkil etilganidan keyin uning harakatlari ustidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng qabul qilindi.

O‘shanda xalqaro tashkilot prezidenti Pardale ta’kidlaganidek, Rossiya uyushmasining xatti-harakatlari birdamlik tamoyillarini buzadi va professional muhitda nizo keltirib chiqaradi. Uyushma rahbari Vladimir Solovev IFJ’ning o‘z tashkiloti a’zoligini to‘xtatish haqidagi qarorini siyosiy va asossiz deb atadi. Rossiya jurnalistlari uyushmasi 1995 yildan beri IFJ a’zosi edi. 

Mavzuga oid