Jahon | 23:31 / 11.12.2023
23386
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina urush uchun Rossiyani kechirmaydi – Zelenskiy 

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklar hozir faqat bitta istak bilan yashaydi: urushni tugatish, o‘z yerida tinch yashash va Rossiya endi Ukrainani bezovta qilmasligi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina Rossiyani keng ko‘lamli tajovuzkor shafqatsiz urush uchun kechirmaydi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Buenos-Ayresda Lotin Amerikasi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi. 

«Hech kim Rossiyani kechirishni istamaydi. Ularni hech kim kechirmaydi. Va, albatta, ular Ukrainani bosib ololmaydi, chunki ular u yerni egallab, yashasalar ham har kuni uylariga o‘t qo‘yiladi. Albatta, bu qaytarib bo‘lmaydigan lahzadir, chunki ular juda ko‘p odamlarni o‘ldirdi va bizda har bir oilada qandaydir yo‘qotishlar bor», deb ta’kidladi Zelenskiy. 

Ukraina rahbarining ishonchi komilki, rus bosqinchilari urushda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshira olmaydi. 

Shu bilan birga, prezident urushni tugatish uchun muayyan qadamlar qo‘yish kerakligini ta’kidladi. 

«Albatta, biz uni shunday tugatishimiz kerakki, qayta boshlanmasin. Bizga maxsus xavfsizlik kafolatlari kerak», dedi Zelenskiy va bu qonuniy kafolatlar yoki Ukrainani Rossiyani to‘xtatish uchun qurollar bilan ta’minlash bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush paytida ukrainaliklar faqat bitta istak bilan yashaydi: urushni tugatish, o‘z yerida tinch yashash va ruslar endi Ukrainani bezovta qilmasligi. 

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga tinchlik kerak emas, chunki u mustaqil Ukrainadan manfaatdor emas. 

«U hech qanday muloqotni istamaydi. U urushni to‘xtatmoqchi emas. Agar istasa telefonda bir og‘iz so‘z bilan urushni to‘xtatishi mumkin. Shunchaki, qo‘shinlariga orqaga qaytishni buyursa bas», dedi Zelenskiy. 

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Ukraina hududiy yaxlitligini tiklashdan manfaatdor emas. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Putin aytganlarining hammasi to‘g‘ri emas. Xususan, Ukraina davlati rahbari eslaganidek, Putin 2014 yilda urush boshlaganida, bu go‘yoki rusiyzabon aholini himoya qilish maqsadida bo‘lganini aytgan edi. 

Zelenskiy Ukraina sharqidagi Rossiya bosqinchi armiyasi tomonidan vayron qilingan barcha shaharlar rusiyzabonlarniki bo‘lib, u yerda ko‘plab rusiyzabonlar istiqomat qilishini ta’kidladi. 

«U ularni o‘ldirdi. 2014 yilda ularni himoya qilayotganini aytgan edi, ammo aslida o‘ldirdi», deb ta’kidladi Zelenskiy.

Mavzuga oid