G‘azodagi kuchli yomg‘irlar, Vengriyaga 10 mlrd yevro, hujumdan tiklanayotgan «Kiyevstar» - kun dayjesti
So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo sektoridagi zulmni to‘xtata olmayapti, degan BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi. U Falastin eksklavida «o‘t ochishni zudlik bilan barqaror to‘xtatish»ga chaqirgan.
BMT oliy komissari shuningdek, jahonda ta’qib, inson huquqlari poymol etilishi, zo‘ravonlik, qurolli mojarolar va jiddiy fuqaroviy tartibsizlik ortidan 114 mln kishi o‘z turarjoylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lganini ham ta’kidlagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida epidemiologik vaziyat ham keskin yomonlashmoqda. G‘azoda yuqimli kasalliklarning 369 mingta holati qayd etilgan. G‘azodagi ayni murakkab sharoitda hattoki oddiy shamollash ham ayniqsa yosh bolalar va keksalarda og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.
G‘azoda noqulay ob-havo ham hukmron bo‘lib turibdi. U yerda bir necha kundan buyon kuchli yomg‘irlar yog‘moqda, bu esa ko‘chalarda suv toshqinlari keltirib chiqarmoqda va mahalliy aholining ahvolini yanada tang qilmoqda. Boshqa tomondan esa osmondan tushayotgan yomg‘ir suv taqchilligini biroz yengishga ham yordam bermoqda.
G‘azo sektorida Isroilning yerusti operatsiya boshlanganidan buyon o‘ldirilganlar soni 18 ming 608 kishiga ketgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Ashraf al-Qudrat so‘nggi 24 soat ichida G‘azodagi kasalxonalarga 300 dan ziyod o‘lgan insonlar jasadi va 500 dan ziyod yaradorlar keltirilganini aytgan. Al-Qudratga ko‘ra ko‘plab insonlarning jasadi hanuzgacha vayronaga aylangan binolar ostida.
G‘azodagi voqealarni yoritish asnosida halok bo‘lgan jurnalistlar soni ham ortib bormoqda. Shu vaqtgacha o‘ldirilgan ommaviy axborot vositalari xodimlari soni 89 nafarga yetgan. G‘azo sektori hukumati kuni-kecha yana falastinlik ikki jurnalist o‘ldirilganini e’lon qildi.
«Jurnalistlar Ahmed Abu Abse va Hannon Ayyod G‘azo sektorida Isroil samolyotlarining bombalashi chog‘ida halok bo‘lishdi», — deyiladi xabarda.
Yevroittifoq sammiti
Bugun va ertaga Yevropa Ittifoqining sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammitda Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi haqidagi muzokaralar boshlanishi va 2027 yilgacha Kiyevga 50 mlrd yevro ajratish masalasi muhokama qilinadi.
Ma’lumki, bu masalalarga Vengriya jiddiy e’tiroz bildirib kelayotgan edi. Vengriya bo‘lishi uchun mamlakat demokratik yo‘ldan og‘ishgani uchun bloklangan 30 mlrd yevro pul qaytarib berilishi ham talab qilingan.
Sammit oldidan Vengriyani ko‘ndirish uchun o‘sha pullardan 10 mlrdi ajratib berilgan.
Endi Yevropa Ittifoqi davlatlari Vengriyaning veto qo‘yish to‘g‘risidagi tahdididan qo‘rqmasdan Ukrainaga 50 mlrd yevro ajratish borasida kelishib olishlari mumkin. Bu haqda budjet bo‘yicha yevrokomissar Yohannes Hanning so‘zlarini Reuters keltirmoqda.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2027 yilgacha 33 mlrd yevro qarz va 17 mlrd yevro grant ajratishni yevroittifoq budjetiga qo‘shib qo‘yishni taklif qilmoqda. Bu o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlat hukumatlari tomonidan ma’qullanishi shart. Ammo Vengriya va Slovakiya bu tashabbusga qarshi chiqishlarini bildirib kelishmoqda.
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bugun start olgan Yevropa Ittifoqi sammitida Ukraina masalasi bo‘yicha bo‘linish AQSh ga ham «noto‘g‘ri signal» berib qo‘yishidan xavotirlanmoqda. Uning fikricha, Yevropa Vashingtonga Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini ko‘rsatib qo‘yishi kerak.
Ukrainaga yordam
AQShda Ukrainaga yordam ajratilishi ehtimoli keskin oshdi, deb yozadi Bloomberg nashri.
Prezident Jo Bayden nihoyat AQSh chegara siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlarni ma’qullashga ko‘ngan. Bu esa Ukrainaga yordam ajratish bo‘yicha har ikki partiya yagona to‘xtamga kelish istiqbollarini oshiradi.
Daniya ham Ukrainaga yangi harbiy yordam hozirlamoqda. 1 mlrd yevrolik yordam tarkibiga tanklar, dronlar va o‘q-dorilar kiradi. 14 dekabr kuni Daniya hukumati parlament e’tiboriga yordam paketini taqdim etadi.
«Biz urushning kritik bosqichidamiz. Shu sababli Ukraina kurashni davom ettirishi uchun barcha zarur narsalarga ega bo‘lishini kafolatlashimiz kerak», — degan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen.
Norvegiya ham Ukrainaga 800 million dollarlik gumanitar yordam va qo‘shimcha NASAMS havo mudofaa tizimlarini yetkazadi.
Bu haqda bosh vazir Yonas Gar Stere ma’lum qildi. U, shuningdek, Ukrainaga 2023 yilda jami 1 milliard dollar miqdorida yordam ko‘rsatilganini ham eslatdi.
Kyivstar’ga hujum
Ukrainaning eng yetakchi «Kiyevstar» mobil aloqa operatoriga hujumni rossiyalik hakerlar o‘z zimmasiga oldi.
Tarmoqda chiqish qilgan Rossiyaning «Solnsepyok» guruhi «Kiyevstar»ga hujum ushbu kompaniya Ukraina qurolli kuchlari, davlat organlari va kuchishlatar tizimlarini aloqa bilan ta’minlayotgani uchun uyushtirilganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya abonentlar qo‘ng‘iroq qilish va internetdan foydalanishdan mosuvo bo‘lishgan — kutilmaganda qurilmalardan antenna yo‘qolib qolgan. Kompaniya prezidenti Komarov «Kiyevstar»ni kompaniya xodimlaridan birining qayddan o‘tish yozuvi orqali buzib kirishganini ta’kidlagan. Ayni paytda aloqani bosqichma-bosqich tiklash ishlari olib borilmoqda. Tarmoqda ukrainlar faqatgina kirish qo‘ng‘iroqlari tiklangani, aloqaga chiqish va internetga ulanish ham imkonli emasligini yozishmoqda.
Germaniya urushga tayyor emas
Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver bosh qo‘mondoni Karsten Broyyerning aytishicha, nemis armiyasi Germaniyani ham, uning NATOdagi ittifoqchilarini ham himoya qilishga qodir emas. Buni mamlakat qurolli kuchlarining bugungi holatini tahlil qilishgan BILD nashri malum qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, nemis armiyasi zudlik bilan qayta qurollantirishga muhtoj. Bu jarayon esa kamida 50 yil talab qiladi. Shunda ham amerikaliklar yordam bersa!
1990 yildan buyon 2,3 barobar kamaygan va 181 mingni tashkil etayotgan nemis harbiy xizmatchilar sonini 2031 yilga borib 203 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Mamlakatda 1992 yilda 6779 ta tank bo‘lgan. Hozirda, nemis armiyasi ixtiyoridagi bor-yo‘g‘i 200 ta tankning ham faqat yarmi jangga yaroqli. Harbiy sanoat esa oyiga uchta tank ishlab chiqara oladi.
Baydenga impichment ma’qullandi
Respublikachilar boshqaruvida bo‘lgan AQSh Kongressi vakillar palatasi demokrat preziden Jo Baydenga impichment bo‘yicha kelgusi tergovlarni o‘tkazishga izn beruvchi rezolyutsiyani ma’qullagan. Baydenning o‘zi impichment bo‘yicha terrgovni respublikachilarning «siyosiy tryuki» deb atagan. Eslatib o‘tamiz, Bayden Obama davrida vitse-prezident bo‘lib ishlaganida pora evaziga ishlarni hal qilganlikda ayblanmoqda.
Tojik-qirg‘iz chegarasi muammosi
Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi bahsli hududlarning 90 foizini kelishib oldi.
«Biz qariyb barcha bahsli masalalarni yechdik. Chegaralarni ma’qullashni uzil-kesil yakunlash uchun bir necha uchrashuv qoldi», — degan Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Botkendagi uchrashuvda.
«Ansorulloh» yana kemaga hujum qildi
Yamanning qurollangan «Ansorulloh» guruhi Suvaysh kanali tomon yo‘nalgan neft tankeriga hujum qilgan.
Associated Press axborot agentligining yozishicha, husiychilar Marshall orollari bayrog‘i ostida harakat qilayotgan Hindistondan neft ortib Suvaysh kanali tomon yo‘nalgan qurollangan tankerga Bob al-Mandib bo‘g‘ozida ikkita raketa bilan hujum qilgan.
Isroildan voz kechayotgan Puma
Puma sport kompaniyasi vakili nemis firmasi Isroil futbol assotsiatsiyasi bilan shartnomani uzaytirmasligi va Isroil terma jamoasiga kelgusi yildan homiylik qilishini to‘xtatishini e’lon qilgan.
Garchi bu qarorga G‘azoga Isroil agressiyasi ro‘y berishidan avval kelingani iddao qilinayotgan bo‘lsa-da, Financial Times nashri qarorga moliyaviy nuqtayi nazardan, Puma kompaniyasining keng qamrovli strategik rejasi sabab bo‘lganini yozgan.
Mavzuga oid
13:50
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024